Menyu

Rimliklarga maktub 2 Bob


1 Shuning uchun bilki, ey hukm qiluvchi kishi, sen kim bo`lishingdan qat`iy nazar, uzring qabul qilinmaydi. Sen boshqa odamni hukm etish barobarida o`zingni ham mahkum etasan. Chunki, ey hukmlovchi, o`zing ham shu ishlarini qilyapsan-ku!

2 Bunday ishlar qilib yurganlari Xudo mahkum qilishida haqli ekanini bilamiz.

3 Ayni ishlarni o`zing qila turib, shunday ishlarni qiluvchilarni hukm etsang, Xudoning hukmidan qochib qutulaman, deb o`ylaysanmi, ey odam?

4 Yoki Xudoning muruvvati seni tavbaga keltirishini bilmay, Uning iltifoti, muloyimligi va sabrining cheksizligiga beparvo qaraysanmi?

5 Mana, sen sarkash va tavba qilmovchi qalbing tufayli Xudoning odil hukmi amalga oshajak qahr-g`azab kunigacha o`zingga-o`zing g`azab to`plab yuribsan-ku.

6 Xudo har kimni kilmishilar yarasha taqdirlaydi.

7 Yaxshi ishda qunt qilib, ulug` qadriyatni va mangulikni izlaganlarga U abadiy hayot ato qiladi.

8 Ammo xudbinlik qilib, haqiqatga bo`ysunmay, haqsizlik payidan bo`lganlarga qahru g`azabini sochadi.

9 Avvalo yahudiy, so`ng o`zga xalq kishisi bo`lib yomonlik qiluvchi har bir bandaning jonini U qiynoq va qayg`uga soladi.

10 Avvalo yahudiy, so`ng o`zga xalq kishisi bo`lib yomonlik qiluvchi har bir bandaga esa izzat, hurmat va esonlik nasib etadi.

11 Zeroki, Xudo yuz-xotir qilib o`tirmaydi.

12 Ilohiy Qonunni bilmay turib gunoh qilganlar Qonundan tashqari halok bo`ladilar. Ilohiy Qonunni bila turib gunoh qilganlar esa qonuniy ravishda jazolanadilar.

13 Chunki Xudo Qonunni eshitganlarni emas, balki bajo keltirganlarni oqlaydi.

14 Ilohiy Qonuni yo`q xalqlar o`z-o`zlaridan bu Qonunda buyurilgandek qilganlarida, ular Ilohiy Qonunga ega bo`lmay turib, o`zlari uchun o`zlari qonundirlar.

15 Bu bilan ular Ilohiy Qonunning talablari o`z yuraklarida yozilganini ko`rsatadilar. Ularning vijdoni hamda biri ikkinchisini goh qoralab, goh oqlovchi fikrlari bunga guvohdir.

16 Men targ`ib etayotgan Injil Xushxabariga ko`ra, Xudo Iso Masih orqali insonlarning sirli ishlarini muhokama etadigan kunda ana shunday bo`ladi.

17 Mana, sen o`zingni yahudiy deb, Ilohiy Qonunga suyanib, Xudo bilan maqtanib yuribsan.

18 Sen Xudoning xohish-irodasini bilish va yaxshini yomondan farq qilishni Ilohiy Qonundan o`rganib olibsan. 19-

20 Sen Ilohiy Qonundagi ilmu ma`rifat hamda haqiqatning mohiyatiga anglab yetibsan-u, ko`rlarga yo`l ko`rsatuvchi zulmatda qolganlarga nur, g`ofillarga murabbiy, g`o`r bolalarga esa muallim bo`lganinga ishonch hosil qilibsan.

21 Shunday ekan, sen qanday qilib boshqalarga ta`lim bera turib, o`zingga ta`lim bermaysan?

22 “O`g`rilik qilma”, deb nasihat qilib, o`zing o`g`rilik qilasanmi? “Zino qilma”, deb turib, o`zing zino qilasanmi? “Butlardan jirkanaman”, deb, butxonalarni talaysanmi?

23 Ilohiy Qonunni maqtaysan-u, unga amal qilmay Xudoni tahqirlaysanmi?

24 Xuddi Tavrotda yozilgani kabi: “Sizlar bois majusiylar orasida Xudo ismi mudom kufr qilinadir”.

25 Sunnat masalasiga kelaylik. Agar sen Ilohiy Qonunga rioya qilsang, sunnatning foydasi bor. Lekin qonunni buzsang, sening sunnating sunnatsizlik kabidir.

26 Shuningdek, agar sunnat qilinmaganlar Ilohiy Qonunga amal qilsalar, ularning sunnatsizligi sunnat bo`lgan kabi qabulga o`tmaydimi?

27 Odatan sunnat bo`lmagan holda Ilohiy Qonunga amal kilgan kimdir sunnat hamda Qonun egasi bo`lgan sen, qonunbuzarni ayblamaydimi?

28 Zotan, zohiran yahudiy asl yahudiy emas va zohiran, jismangina qilingan sunnat asl sunnat emas.

29 Faqat botinan yahudiy asl yahudiydir. Shuningdek, asl sunnat — dil sunnatidir. Bu esa Qonun bitigidan qat`i nazar, Xudo Ruhi ta`sirida sodir bo`ladigan sunnatdir. Bunday sunnatni qabul qilgan kishi odamlarning emas, Xudoning maqtoviga sazovor bo`ladi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16