Rimliklarga maktub 13 Bob
1 Har bir odam hukmron hokimiyatga bo`ysunsin. Chunki Xudo buyurmagan hokimiyat yo`q, mavjud hokimiyatlarning hammasini ham Xudo tayin etgan.
2 Shuning uchun hokimiyatga qarshilik ko`rsatgan Xudoning amriga qarshi chiqqan bo`ladi. Qarshilik qiluvchilar esa o`z-o`zlarini hukmga duchor qiladilar.
3 Yaxshilik qilganlar emas, yomonlik qilganlar boshliqlardan qo`rqishlari kerak. Hokimiyatdan qo`rqmaslikni istaysanmi? Unda yaxshi ish qilib yur, shunda boshliqning maqtoviga sazovor bo`lasan.
4 Chunki boshliq sening manfaating uchun Xudoning xizmatkoridir. Ammo yomon ish qilsang, qo`rq. Chunki u qilichni behuda ko`tarib yurmaydi. U yomonlik qilganga g`azabnok jazo beruvchi sifatida Xudoning xizmatkoridir.
5 Shuning uchun faqat g`azabdan qo`rqqanlikdangina emas, balki vijdon yuzasidan ham itoat qilmoq lozimdir.
6 Coliq to`lashingizning sababi ham shu. Chunki soliq yig`ish bilan mashg`ul bo`lgan amaldorlar bu ish bilan Xudoga xizmat qiladilar.
7 Har bir kishiga o`z haqini beringlar: soliq yilg`uvchiga — soliq: boj oluvchiga — boj: qo`rquvga loyiq bo`lganga — qo`rquv: hurmatga loyiq bo`lganga — hurmat.
8 Bir-biringizni sevishdan boshqa hech kimdan bir narsa burchli bo`lmanglar. Chunki o`zgani sevadigan kishi Ilohiy Qonunni bajo keltirgan bo`ladi.
9 “Zino qilma”, “Qotillik qilma”, “O`g`rilik qilma”, ( “Yolg`on guvohlik berma”,) “Tamagirlik qilma” va bunga o`xshash yana qancha amrlar bor bo`lsa, hammasi shu so`zda xulosa qilinadi: “O`zgani o`zing kabi sevgin”.
10 Sevuvchi kishi o`zgaga yomonlik qilmaydi. Shunday qilib, sevish — butun Ilohiy Qonunni bajo keltirish bilan barobardir.
11 Hozirgi vaqt-soatning ahamiyatini bilib, shunday harakat qilinglar. Mana, sizlarning uyqudan uyg`onish vaqt-soatingiz kelib qoldi! Biz imon keltirgan vaqtdan ko`ra, hozirgi vaqtda qutulishimiz yaqinroqdir.
12 Kecha o`tib ketib, kunduz yaqinlashdi. Shuning uchun qorong`ilik ishlaridan forig` bo`lib, nur aslahalarini kiyib olaylik.
13 Aysh-ishrat va ichkilikbozlik bilan emas, shahvatparastlik va fisq-fujur bilan emas, janjalkashlik va hasadgo`ylik bilan emas, balki kunduzga yarasha, odob bilan kun kechiraylik.
14 Rabbimiz Iso Masihni sovutday kiyib olinglar va tabiatingizning gunohli havas-ehtiroslarini qoniqtirishga intilmanglar.