Rimliklarga maktub 15 Bob
1 Biz imoni kuchlilar o`zimizni mamnun qilishni ko`zlamasdan, kuchsizlarning ojizligiga sabr-bardosh qilishimiz kerak.
2 Har birimiz o`zganing yaxshilik va rivoj topishiga g`amxo`rlik qilib, uni mamnun qilishga harakat qilaylik.
3 Chunki Masih ham O`z-o`zini mamnun qilmadi. Lekin Zaburda U haqda yozilganidek: “Seni tahqir qiluvchilarning haqorati Mening ustimga tushdi”.
4 Qadimgi oyatlarda nimaiki yozilgan bo`lsa, bizning ta`lim olishimiz uchun yozilgan. Biz bu oyatlardan sabr va tasalli topib, umidimizda mahkam turishimiz lozim.
5 Sabr va tasalli manbai bo`lgan Xudoning O`zi esa, Iso Masih o`rgatganidek, bir-biringiz bilan hamfikr bo`lishni sizlarga ato etsin,
6 toki sizlar yakdillik bilan, bir og`izdan Rabbimiz Iso Masihning Otasi bo`lgan Xudoni ulug`langlar.
7 Xudoni ulug`lash uchun Masih sizlarni qabul qilganidek, sizlar ham bir-biringizni qabul qilinglar.
8 Mening so`zimni tinglanglar: Iso Masih ota-bobolarimizga berilgan ilohiy va`dalarni ro`yobga chiqaray, deb Xudo haqiqatiga sodiq qoldi va sunnat ahli bo`lgan yahudiylarning xizmatkori bo`ldi.
9 Ayni zamonda U Xudoning marhamati haqi uchun boshqa xalqlarga ham yuborildi, toki ular Xudoni ulug`lasinlar. Zaburda yozilishicha: “Xalqlar ichra Senga hamdlar ayturman, Sening ismingni kuylab sano ayturman”.
10 Yana boshqa joyda shunday yozilgan: “Ey barcha elu xalqlar, Xudoning xalqi bilan birga sevininglar!”
11 Va yana: “Ey barcha millatlar, Xudovandga hamd aytinglar! Ey butun xalqlar, Uni madh etinglar!”
12 Isha`yo payg`ambar esa shunday degan: “Xalqlarga hukmronlik qilish uchun Ishay urug`idan bir Zot chiqib kelajak. Xalqlar Unga umid bog`lagaylar”.
13 Umid manbai bo`lgan Xudo esa Mudaddas Ruh kuchi ila sizlarni umidga boy qilsin, imoningizga yarasha sizlarni har xil sevinch va tinchlik bilan shod qilsin.
14 Ey birodarlarim, sizga kelsak, siz yaxshilikka va har xil bilimga boy hamda bir-biringizga pand-nasihat qilishga qodir ekaningizga o`zim aminman.
15 Birodarlarim, Xudoning menga bergan inoyati tufayli sizlarga eslatib qo`yish uchun bir qadar botinish bilan yozdim.
16 Men Xudo inoyati tufayli Iso Masihning barcha xalqlarga yuborgan elchisi bo`lib, Xudoning Xushxabarini targ`ib qilishda muqaddas xizmat ko`rsatmoqdaman. Bu xalqlar Muqaddas Ruh orqali muqaddaslashtirilib, Xudoga baxshida etilgan va Unga maqbul bo`lgan bir hadyadir.
17 Shunday qilib, Iso Masihga tashakkur, men Xudo yo`lida qilgan ishlarim bilan maqtansam bo`ladi.
18 Lekin men orqali amal qilgan Masihdan boshqa narsa haqida gapirishga jur`at etmayman. Masihning O`zi majusiylarni imonga bo`ysundirish yo`lida menga yor bo`lib, so`zimu ishimga ilhom berib,
19 Muqaddas Ruhni yuborib, men orqali qudratli va ajoyib mo``jizalar sodir qildi. Shunday qilib, men Quddusdan boshlab, to Illiriya sohillariga qadar Masihning Xushxabarini tamoman yoyib chiqdim.
20 Shu bilan birga, men boshqalarning poydevori ustiga bino qurmayin, deb Masihning ismi hali tilga olinmagan yerlarda Xushxabarni targ`ib qilish uchun jon kuydirdim.
21 Tavrotda yozilganidek: “Undan xabarsiz bo`lganlar ko`rgaylar, U haqda eshitmaganlar anglagaylar”.
22 Sizlarning oldingizga kelishim uchun menga to`sqinlik qilgan ko`p sabablar bor edi.
23 Endi esa bu mamlakamlarda men boshqa ish qolmagan. Men ko`p yillardan beri sizlarni ko`rishni orzu qilganimdan,
24 Ispaniyaga yo`l olib sizlarning oldingizga bormoqchiman. O`tib ketayotganimda avval sizlarni ko`rib, bir oz diydoringizga to`yganimdan keyin, meni u yerga kuzatib qo`yasizlar, degan umiddaman.
25 Lekin hozircha men Xudo azizlariga yordam bergani Quddusga ketyapman.
26 Chunki Makedoniya va Ahaya o`lgalarilagi Masih jamoatlari Quddusdagi kambag`al imonlilar uchun iona to`plashni xush ko`rdilar.
27 Ha, xush ko`rdilar, chunki ular yahudiylardan qarzdordir. Majusiylar endi yahudiylarning ruhiy barakatlariga sherik bo`lganlaridan keyin, ularga jismonan ham xizmat qilishlari munosibdir.
28 Demak, men bu ishni bajarib, to`plangan mablag`ni ularga topshirganimdan keyin, sizlarning yeringizdan o`tib Ispaniyaga jo`nab ketaman.
29 Men sizlar bilan ko`rishgach, Masih Xushxabarining to`liq qut-barakasini keltirishni burchim deb bilaman.
30 Ey birodarlarim! Rabbimiz Iso Masih haqi, Xudo Ruhidan olhom olgan muhabbat haqi sizlarga yolvoraman: men uchun Xudoga ibodat qilinglar, kurashimga qo`shilinglar,
31 toki Yahudiya o`lkasidagi imonsizlardan qutulay va Quddusdagi xizmatim u joydagi Xudo azizlariga ma`qul tushsin.
32 Xudo xohlasa, men bahuzur sizning oldingizga boray va siznikida shodligu orom topay.
33 Tinchlik manbai bo`lgan Xudo hammalaringizga yor bo`lsin. Omin!