Rimliklarga maktub 16 Bob
1 Kenxreya shahridagi imonlilar jamoatida xizmat ko`rsatayotgan opamiz Fivani sizlarga taqdim etaman.
2 Uni Rabbimiz haqi, Xudo azizlariga munosib qabul qilinglar.U nimaga muhtoj bo`lsa, yordam beringlar. Zero u ko`p kishilarga va ayniqsa menga ham madadkor bo`lgan.
3 Iso Masih xizmatida bo`lgan hamkorlarim Priskilla bilan Akilga salom aytinglar.
4 Ular mening jonimni asrash uchun o`zlarini o`lim xavfiga qo`ydilar. Ularga yolg`iz men emas, balki majusiylardan imon keltirganlarning barcha yig`ilishlari ham tashakkur bildirmoqdalar.
5 Ularning uyida yig`iladigan jamoatga ham salom aytib qo`yinglar. Asiya o`lkasida Masih uchun birinchi unib - chiqqan hosilday bo`lgan sevikli muhibim Yepenetga salom aytinglar.
6 Biz uchun ko`p mehnat qilgan Maryamga salom aytinglar.
7 Havoriylar orasida nom chiqargan va mendan oldin Masihga imon keltirgan hamda men bilan birga mahbus bo`lgan qarindoshim Andronikka, shuningdek, Yuniyga salom aytinglar.
8 Rabbimiz yo`lida borayotgan sevikli o`rtog`im Ampliatga salom aytinglar.
9 Masih xizmatida hamkorimiz bo`lgan Urban va sevikli Staxisga salom aytinglar.
10 Sinovdan o`tib, Masihga maqbul bo`lgan Apellisga salom aytinglar. Aristovul xonadoni ahliga salom aytinglar.
11 Qarindoshim Hirodionga salom aytinglar. Narkis xonadoni ahlidan Rabbimizga qarashli bo`lganlarga salom aytinglar.
12 Rabbimiz xizmatida zahmat chekkan Trifen bilan Trifosga salom aytinglar. Rabbimiz xizmatidan ko`p zahmat chekkan sevikli singlim Persisga salom aytinglar.
13 Rabbimizning mumtoz xizmatkori bo`lgan Rufusga va meni o`z o`g`li kabi asragan onasiga salom aytinglar.
14 Asinkrit, Flegon, Hermes, Patrovas, Hermas va ular bilan birga bo`lgan birodarlarga salom aytinglar.
15 Filolog bilan Yuliyaga, Nirey va uning singlisiga, Olimpas hamda ular bilan bo`lgan butun azizlarga salom aytinglar.
16 Muqaddas o`pich bilan salomlashinglar. Barcha Masih jamoatlari sizlarga salom yo`llayaptilar.
17 Ey birodarlarim, sizlarni o`rgangan ta`limotingizdan aynitib, nifoq va g`ulg`ulaga sabab bo`ladigan kishilardan ehtiyot bo`lishingizni o`tinib so`rayman: ulardan o`zingizni chetga olinglar.
18 Chunki bunday odamlar Rabbimiz Iso Masihga emas, balki o`z qorinlaringa xizmat qiladilar. Sofdil odamlarning ko`nglini shirin so`zlar va tilyog`lamalik bilan ovlaydilar.
19 Sizlarning mo`minligingiz hammaga ma`lum bo`lib qoldi. Men o`zim ham sizlardan xursandman-u, lekin sizlar yaxshilikda dono, yomonlikdan holi bo`lishingizni istayman.
20 Tinchlik manbai bo`lgan Xudoning O`zi tez orada shaytonni oyoqlaringiz ostida ezib tashlaydi. Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo`lsin.
21 Mening hamkorim Timo`tiy hamda qarindoshlarim Lutsiy, Yason va Sosipatr sizlarga salom yo`llayaptilar.
22 Bu maktubni yozayotgan men — Tertiy ham sizlarga Rabbimdan salomatlik tilayman.
23 Mening va butun imonlilar jamoatining mehmonnavozi bo`lgan Gay ham sizlarga salom aytyapti. Shaharning xazinadori Yerast va birodarimiz Kvart sizlarga salom yo`llashyapti.
24 Rabbimiz Iso Masihning inoyati hammalaringizga yor bo`lsin. Omin.