Rimliklarga maktub 8 Bob
1 Shunday qilib, Iso Masih ummati bo`lganlarga qarshi endi hech bir mahkumlik yo`qdir.
2 Iso Masih ummatiga hayot beruvchi Ruhning Qonuni meni gunoh va o`limni hosil qiluvchi Qonundan ozod qildi.
3 Inson tabiati ojizligi tufayli Ilohiy Qonun o`zi ham ojiz bo`lib qoldi. Qonun ulgura olmagan ishni esa Xudo qildi: U O`z O`g`lini gunohkor insonga o`xshatib olamga yubordi va Uni gunoh uchun qurbonlikka bag`ishladi, shu yo`sin inson tabiatidagi gunohni mahkum qildi.
4 Xudo buni, Ilohiy Qonun talablari tabiat amri bilan emas, Ruh amri bilan yashayotgan bizlarda bajo bo`lsin, deb qildi.
5 Bashariy tabiat amri bilan yashaydiganlar bashariy fikr qiladilar. Ilohiy Ruh amri bilan yashaydiganlar ilohiy fikr qiladilar.
6 Bashariy tabiatning murod-maqsadi — o`limdir. Ilohiy Ruhning murod-maqsadi — hayot va tinchlikdir.
7 Bashariy tabiatning murod-maqsadi Xudoga dushmanlikdir; chunki bunday tabiat Xudoning Qonuniga itoat qilmaydi hamda qila olmaydi.
8 O`z tabiati amri bilan yashaydigan odamlar Xudoga manzur bo`la olmaydilar.
9 Xudo Ruhi sizning ichingizda yashayotgani uchun, sizlar endi tabiatingiz amri bilan emas, balki Ruh amri bilan yashayapsizlar. Kimki Masihning Ruhiga ega bo`lmasa, u Masihniki emasdir.
10 Agar Masih ichingizda ekan, badan gunoh uchun o`limga mahkum bo`lsa-da, ruh oqlanganingiz uchun hayotdir.
11 Chunki Iso Masihni tiriltirgan Xudoning Ruhi sizning vujudingizda yashayapti. Agar Xudo O`z Ruhi qudratida Masihni tiriltirgan bo`lsa, U ichingizdagi o`sha Ruh orqali sizning foniy badanlaringizni ham tiriltirajak.
12 Shunday qilib, ey birodarlar, tabiatimiz amri bilan yashash uchun biz bu tabiat talablari oldida majbur emasmiz.
13 Agar o`z tabiatingizga mahliyo bo`lib yashasangiz, ruhan o`lishingiz muqarrar. Lekin agar bashariy tabiatning qilmishlarini Ruh kuchi bilan o`ldirsangiz, ruhan yashaysizlar.
14 Xudo Ruhi bilan boshqariladigan barcha Xudoning farzandidir.
15 Chunki sizlar yana qo`rquvda yashash uchun qullik ruhini olmadingizlar, balki o`g`illik Ruhini oldingizlar. Bu Ruhdan ruhlanib, biz Xudoni aziz Ota deb chaqiramiz.
16 Xudo Ruhi O`zi bizning ruhimizga qo`shilib, Xudo farzandlari ekanligimiz haqida guvohlik berib turadi.
17 Agar Xudoning farzandlari bo`lsak, farzandlarday meros olish huquqiga ham egadirmiz. Xudoning qut-barakalaridan meros ulushi oluvchilar cifatida Masihning vorisdoshlarimiz. Agar biz Masihning azob-uqubatlariga sherik bo`lsak, albatta, Uning ulug` shon-sharafiga ham sherik bo`lajakmiz.
18 O`ylaymanki, bizga zohir bo`lajak ulug`vorlik oldida shu on azob-uqubatlarini aytib o`tish ham arzimasdir.
19 Mana, Xudo O`z farzandlarini zohir qilishini butun maxluqot mushtoq bo`lib kutmoqda.
20 Chunki maxluqot o`tkinchilikka mahkum bo`lgan. Bu esa maxluqotning o`z ixtiyori bilan emas, balki maxluqotni yaratgan Xudoning ixtiyori bilan bo`lgan.
21 Ayni zamonda maxluqotning o`zi ham fano qulligidan ozod etilmoq va Xudo farzandlarining ulug`vor erkinligiga erishmoq umidiga egadir.
22 Bilamizki, borliq maxluqot hozirga qadar birgalikda oh-nola qilib, go`yo tug`ish azobini chekib yotibdi.
23 Va faqat maxluqotgina emas, balki biz o`zimiz ham ichimizdan oh-nola qilayotibmiz. Biz kelgusi hosilning ilk mahsuliday Xudo Ruhini olgan bo`lsak ham, o`g`il qilib olinishni, vujudimiz qutulishini intizor bo`lib kutyapmiz.
24 Bizning najotimiz umiddadir. Ko`zga ko`rinib turgan narsa esa umid emas. Kim ko`rib turgan narsani umid qilar ekan?
25 Agar biz ko`rmaganimizni umid qilayotgan bo`lsak, buni sabr bilan kutib tursak bo`ladi.
26 Buning ustiga, Ilohiy Ruh bizning zaifligimizga madad berib turadi. Chunki biz qanday ibodat qilmoq kerakligini bilmayamiz Lekin Ilohiy Ruhning O`zi ifoda qilib bo`lmas oh-nolalar bilan biz uchun Xudo oldida shafoat qiladi.
27 Yuraklarni sinovchi Xudo esa Ruhning fikri nimada ekanligini biladi. Chunki Ruh Xudoning irodasiga ko`ra Xudo azizlari uchun shafoat qiladi.
28 Biz bilamizki, Xudoni sevganlarga, ya`ni Xudo O`z murodi bo`yicha da`vat etganlarga hamma narsa yaxshilik bo`lib xizmat qiladi.
29 Xudo azaldan bilgan kishilarni O`z O`g`lining suratiga aylantirish uchun belgiladi, toki O`g`il ko`p birodarlar orasida To`ng`ich bo`lsin.
30 Xudo azaldan belgilagan kishilarni da`vat ham yetdi, da`vat etgan kishilarni esa oqladi, oqlagan kishilarni esa ulug`likka ham sazovor qildi.
31 Endi bunga nima deymiz? Agar Xudo biz tomon bo`lsa, kim bizga qarshi chiqar ekan?
32 Xudo O`z O`g`lini ayamay, balki hammamiz uchun Uni fido qilgan bo`lsa, U bilan birga hamma narsani ham bizga bermasmikan?
33 Xudo tanlagan kishilarni kim aybdor qilar ekan? Xudoning O`zi ularni oqlagan-ku.
34 Bizni kim mahkum qilar ekan? O`lgan ham tirilgan Iso Masih Xudoning o`ng tomonida turib, biz uchun shafoat qilmoqda-ku.
35 Xudoning sevgisidan bizni kim judo qilar ekan: qayg`umi, siqilishmi, quvg`inmi, ochlikmi, yalang`ochlikmi, xavf-xatarmi yoki qilichmi?
36 Mana, Zaburda yozilganidek: “Sen tufayli bizni har kun o`ldirmaqdalar. Qurbonlik qo`ylar deb hisoblaydilar”.
37 Ammo bizni Sevganning soyasida bularning hammasi ustidan ulkan g`alaba qozonamiz.
38 Men aminmanki, na o`lim va na hayot, na farishtalar va na jin-ajinalar, na hozirgi va na kelgusi hodisalar,
39 na balandliklar va na chuqurliklar hamda na yaratilgan boshqa biron mavjudot Rabbimiz Iso Masih shaxsidagi Xudo sevgisidan bizni judo qilishga qodir emas.