Menyu

Rimliklarga maktub 6 Bob


1 Xo`sh, nima deylik? Inoyat ko`paysin, deb gunoh qilishni davom ettiraveraylikmi?

2 Aslo! Biz gunoh qarshisida o`lganmiz. Endi gunoh qilib qanday yashayveramiz?

3 Unutmangizki, biz Iso Masihni tan olib suvda imon keltirganimizda, hammamiz ham Uning o`limini tan olib imon keltirdik.

4 Biz suvga cho`mib, Masih bilan birga o`ldik va ko`mildik. Shuningdek, Masih Otasining ulug`vor qudrati bilan tirilganiga o`xshab, biz ham yangi hayotda yurishimiz lozim.

5 Agar o`lishda Masihga ergashgan bo`lsak, albatta, tirilishda ham Unga ergashamiz.

6 Gunoh qilishga mubtalo bo`lgan bu vujudimiz yo`q qilinsin, deb eski o`zligimiz Masih bilan birga xochga mixlangan. Buni bilib, biz endi gunohga qul emasmiz.

7 Chunki o`lgan odam gunoh qilishdan ozoddir.

8 Agar biz Masih bilan birga o`lgan bo`lsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil.

9 Masih tirilib boshqa o`lmasligini, o`lim esa Unga endi hokim bo`lolmasligini bilamiz.

10 Uning o`limi gunoh uchun bir bor o`lim edi. Qolgan hayotini esa U Xudo uchun yashamoqda.

11 Shunga o`xshab, sizlar ham o`zlaringizni gunoh qarshisida o`lik, lekin Rabbimiz Iso Masih bilan birlashgan holda Xudo qarshisida tirik hisoblanglar.

12 Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy badanlaringizga hokimlik qilmasin, siz badanlaringiz ixtiyoriga bo`ysunib ketmanglar.

13 A`zoyi badaningizni yomonlik quroli qilib gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, o`lib tirilganlar kabi o`zingizni, ya`ni butun a`zoyi badaningizni solihlik quroli qilib Xudoning izmiga topshiringlar.

14 Gunoh sizlarga hukmron bo`lmasin, chunki sizlar endi Qonun emas, inoyat panohidasizlar.

15 Xo`sh, buyog`i endi nima bo`ladi? Qonun emas, inoyat panohida bo`lganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? — Aslo!

16 Bilmaysizlarmi? Siz o`zlaringizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, u kishining quli bo`lasizlar. Siz yo o`limga olib boruvchi gunohga, yoki solihlikka olib boruvchi itoatkorlikka qul bo`lasizlar.

17 Lekin Xudoga shukurki, ilgari gunohga qul bo`lganingiz holda, endi o`zingiz qabul qilgan ta`limotning mohiyatiga sidqidildan berilgansizlar.

18 Gunoh qilishdan ozod bo`lib, solihlikka o`zingizni qul qilib qo`ygansizlar.

19 Bandaligingiz tufayli insonlarcha fikr yuritib gapiryapman. Siz bir vaqtlar ifloslik va yovuzlik qilish uchun a`zoyi badaningizni qonunsizlikka qul qilib topshirgansizlar. Endi esa a`zoyi badaningizni solihlikka qul qilib topshiringlar va muqaddas yashanglar.

20 Gunohning quli ekaningizda, solihlik talablaridan ozod edingizlar.

21 Hozir o`zingiz uyalayotgan qilmishlardan o`sha vaqtda qanday naf bor edi? U qilmishlarning oqibati o`limdir.

22 Hozir esa gunoh qilishdan ozod bo`lib, Xudoning qullari bo`lgansizlar. Bundan naf — muqaddaslikdir va buning natijasi esa abadiy hayotdir.

23 Gunohning evazi — o`lim, Xudoning in`omi esa Rabbimiz Iso Masih qiyofasidagi abadiy hayotdir.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16