Rimliklarga maktub 10 Bob
1 Ey birodarlar, yuragim orzu-armoni va Xudodan yolvorgan tavalloyim isroilliklarning qutulishidir.
2 Ularning Xudo yo`lida g`ayratlari borligiga guvohdirman. Biroq bu g`ayrat haqiqiy tushunchaga asoslangan emas.
3 Xudoning O`zi odamlarni oqlab solih deyishini ular anglamasdan, o`z solihliklarini o`rnatishga intildilar, yakka O`zi odamlarni oqlab solih degan Xudoga iltijo qilmadilar.
4 Masih esa — Qonunning oxiridir. Masihga e`tiqod qilgan har bir gunohkorni Xudo oqlaydi.
5 Ilohiy Qonunga rioya qilish bilan o`zini oqlamoqchi bo`lganlar haqida Muso payg`ambar bunday yozgan: “Qonunni bajo keltirgan odam shu bilan yashayveradi”.
6 Imonga tayangan solihlik esa bunday so`zlayapti: “Yuragingda: Osmonga kim chiqadi? — dema (go`yo Masihni yerga tushirish uchun).
7 Yoki: Yerning qa`riga kim tushadi? — dema” (go`yo Masihni tiriltirish uchun).
8 Oyat nima deydi, eshit: “Kalom senga yaqindir, sening og`zingu dilingdadir”. Mana bu — biz targ`ib qilib yurgan imon kalomi.
9 Agar sen Isoni Rabbim deb, og`zing bilan ochiq iqror etsang va Xudo Uni tiriltirganiga chin yurakdan inonsang, najot topasan.
10 Chunki oqlanish uchun yurak bilan e`tiqod qilmoq, qutulish uchun og`iz bilan iqror bo`lmoq lozimdir.
11 Tavrotda yozilganiday: “Unga e`tiqod qilgan hech kimsa uyatga qolmas”.
12 Bu masalada yahudiy bilan g`ayridin orasida farq yo`qdir. Xuddi o`sha Rab — hammaning Rabbidir. Ismini chaqirganlarning hammasi uchun U ehsonga boydir.
13 Chunki “Rabbimiz ismini chaqiradigan har bir kishi najot topur”.
14 Ammo ular inonmasdan turib, Uni qanday chaqiradilar? U haqda eshitmagan holda, Unga qanday inonadilar? Targ`ib qiluvchi bo`lmasa, qanday eshitadilar?
15 Yuborilmasdan turib, Kalomni qanday targ`ib qiladilar? — Tavrotda yozilganidek: “Naqadar go`zaldir ezgulik mujdasin, tinchlik Xushxabarin keltirgan oyoqlar!”.
16 Holbuki, Xushxabar keltiruvchilarga hamma quloq solmadi. Xuddi Isha`yo payg`ambar aytganidek: “Yo Rabbiy! Bizning xabarimizga kim ishondi?”.
17 Shunday qilib, imon — eshitishdan, eshitish esa — Masih kalOmini va`z etishdan hosil bo`ladi.
18 Ammo men shunday so`rayman: Ular eshitmadimi? — Albatta, eshitdilar, mana Zaburda qanday yozilgan: “Ularning ohangi butun dunyoga yoyildi, so`zlari esa erning to`rt tarafiga yetib bordi”.
19 Yana so`rayman: Isroil bilmas edimi? — Avvalo Muso payg`ambar orqali Xudo shunday degan: “Men sizda xalqim bo`lmaganlar ustidan rashk uyg`oturman, fahmsiz bir qavm ila g`azabingizni qo`zg`aturman”.
20 Isha`yo payg`ambar esa Xudo kalOmini jasurona gapirib degan: “Meni izlamaganlarga O`zimni toptirdim, meni so`ramaganlarga O`zimni zohir etdim”.
21 Lekin Isroil haqida Xudo shunday degan: “Men bo`ysunmas va qaysar bir xalqqa kun bo`yi qo`llarimni cho`zib turdim”.