Rimliklarga maktub 14 Bob
1 Imoni zaif odamni, uning fikrlari haqida bahslashmay, qabul qilinglar.
2 Kimdir hamma narsani yeb bo`ladi, deb ishonadi. Imoni zaif kishi esa faqat sabzavot yeydi.
3 Har narsani yeyish mumkin degan kishi yemovchini kamsitmasin, shuningdek, har narsani yemaydigan kishi yeydiganni ayblamasin: chunki Xudo uni qabul qilgandir.
4 Sen kim bo`libsanki, boshqa kishining malayini tergaysan? U o`z xo`jayini oldida yo turadi, yo yiqiladi. Rabbimiz esa uni turg`azishga qodir, shuning uchun u turadi.
5 Birov bir kunni boshqa kundan yuqoriroq hisoblaydi, boshqa kishi esa hamma kunlar haqida bir xil fikr yurgizadi. Har bir kishi o`z fikrida mahkam tursin.
6 Kunga e`tibor qiluvchi Rabbim deb e`tibor qiladi. (Shuningdek, kunga e`tibor qilmovchi Rabbim deb e`tibor qilmaydi.) Har narsani yeguvchi Rabbim deb yeydi. Har narsani yemovchi ham Xudoga shukr qilib, Rabbim deb yemaydi.
7 Bizdan hech kim o`zi uchun yashamaydi va hech kim o`zi uchun o`lmaydi ham.
8 Agar yashasak, Rabbimiz uchun yashaymiz: agar o`lsak, Rabbimiz uchun o`lamiz. Demak, yashasak ham, o`lsak ham Rabbimizga qarashlimiz.
9 Masih ham o`liklarning, ham tiriklarning Rabbi bo`lish uchun o`ldi-yu, o`limdan tirilib keldi.
10 Shunday bo`lsa, sen nima uchun birodaringni hukm qilyapsan? Nima uchun birodaringni kamsityapsan? Hammamiz ham Masihning hukm kursisi oldida hozir bo`lajakmiz-ku.
11 Tavrotda yozilishicha: “Hayotim haqi, — deydi Xudovand, — har bir kas Mening oldimda tiz cho`kkusi, har bir til Xudoligimni tan olg`usi”.
12 Demak, har birimiz o`zimiz haqimizda Xudoga hisobot beramiz.
13 Shuning uchun bir-birimizni boshqa hukm qilmaylik. Eng yaxshisi, birodaringizning yo`liga to`siq qo`ymaslik, uni vasvasaga solmaslik to`g`risida muhokama qilinglar.
14 Men shuni bilaman va Rabbim Iso nomidan qat`iy aminmanki, hech bir narsa o`zi-o`zicha harom emasdir. Faqat bir narsani harom hisoblagan kishi uchun u narsa haromdir.
15 Agar birodaring sen yeyayotgan ovqat tufayli xafa bo`lsa, demak, sen muhabbat yuzasidan harakat qilmayotgan bo`lasan. Masih bu odam uchun o`lgan, uni ovqating bilan halokatga yo`liqtirma.
16 Sizlarning yaxshi deb bilgan narsangiz qoralanmasin.
17 Xudoning Shohligi ovqat va ichimlikdan iborat emas, balki Muqaddas Ruh bag`ishlagan solihlik, tinchlik va sevinchdir.
18 Kim Masihga shunday xizmat qilib yursa, u Xudoga maqbul va insonlarning maqtoviga sazovordir.
19 Shuning uchun o`zaro tinch-totuv yashaylik, bir-birimizni ruhan rivojlantirish uchun jon kuydiraylik.
20 Ovqat tufayli Xudoning ishini buzma! Hamma ovqatlar haloldir, lekin biron narsa yeb o`zgani vasvasaga solgan kishi yomonlik qilgan bo`ladi.
21 Birodaring vasvasaga tushib aynib qolishidan ko`ra, go`sht yemaslik, may ichmaslik yoki birodaringni qoqintiradigan biron ish qilmaslik yaxshidir.
22 Bu xususda sening e`tiqoding qanday bo`lsa, Xudo oldida o`z e`tiqodingni o`zingga saqlab tur. Tutgan yo`lida o`z-o`zini mahkum qilmaydigan odam baxtiyordir!
23 Lekin o`z yeganidan shubha qilgan kishi mahkumlikka yo`liqadi, chunki u e`tiqod bo`yicha yemagan. E`tiqodga asoslanmagan har bir ish esa — gunohdir.
24 Men xabarlab yurgan Injil, ya`ni Iso Masihning Xushxabariga binoan sizlarni sobitqadam qilishga qodir bo`lgan Xudoga hamdu sanolar bo`lsin! Qadim davrlardan beri yashirin tutilib, hozirgi vaqtda esa ochilib qolgan ulug` sir
25 mangu barhayot Xudoning amri ila qadimgi payg`ambarlarning kitoblaridan vahiy etilgan, endi esa barcha xalqlarga imonga bo`ysunishlari uchun taqdim etilgandir.
26 Donishmand bo`lgan yagona Xudoga Iso Masih orqali ilalabad shon-sharaflar bo`lsin! Omin.