Vahiy 1 Bob
1 Bu kitob Iso Masihning vahiysidir. Xudo tez orada yuz berishi muqarrar bo`lgan hodisotni O`z qullariga ko`rsatishi uchun Iso Masihga ushbu vahiyni berdi. U esa farishtasini yuborib, quli Yuhannoga buni bildirdi.
2 Yuhanno Xudoning kalomi va Iso Masihning shahodati, ya`ni ko`rgan narsalarining hammasi haqida guvohlik berdi.
3 Bu bashoratni o`qiyotgan va tinglayotganlar hamda bu yozganlarga amal qiluvchilar baxtiyordir. Chunki vaqt yaqin.
4 Men, Yuhanno, Asiya viloyatidagi yetti Masih jamoatiga yozyapman: hozir bor, azaldan bor bo`lgan, kelajakda bor bo`lg`usi Xudodan, Uning taxti oldida turgan yetti Ruhdan,
5 shuningdek, o`liklar ichidan birinchi bo`lib tirilgan, yer yuzi podshohlarining Shohanshohi bo`lgan ishonchli shohid – Iso Masihdan sizlarga inoyat va tinchlik bo`lsin. Iso Masih bizni ko`p sevdi. U O`z qonini to`kib, bizni gunohlarimizdan forig` qildi.
6 U bizni shohlar qildi, Otasi Xudo uchun ruhoniylar ham qildi. Abadiy shon-sharaf, mangu saltanat Unga xosdir. Omin.
7 Mana, U bulutlar bilan kelyapti! Har bir ko`z Uni ko`radi, Uning badanini teshganlar ham ko`radi, dunyoning jamiki qabilalari U tufayli fig`on chekadi. Ha, shunday bo`lgay! Omin.
8 “Men – Ibtido va Intihodirman”, - deydi Xudoyi Taolo, hozir bor, azaldan bor bo`lgan, kelajakda bor bo`lg`usi Sarvari koinot.
9 Men – Iso Masihning qayg`u-hasrati, saltanati va sabr-qanoatiga sizlar bilan sherik bo`lgan birodaringiz Yuhannoman. Xudoning kalomi tufayli va Iso Masih uchun shohidlik berganim sababli Patmos oroliga surgun qilingan edim.
10 Rabbimiz Isoning tirilishi qutlanadigan kunda men Ilohiy Ruhning ta`sirida qoldim. Birdaniga orqamdan karnay ovoziga o`xshash kuchli bir nido eshitdim: “[Men Ibtido va Intiho, Avvaliyu Oxiridirman.]
11 Ko`rganlaringni kitobga yozib bor va Asiyadagi yetti jamoatga – Efes, Izmir, Pergam, Tiyatira, Sardis, Filadelfiya va Laodikiya shaharlaridagi jamoatlarga yubor”.
12 Men bilan gaplashayotgan Kimsani ko`rish uchun o`girildim. Shunda yetti oltin shamdonni ko`rdim.
13 Shamdonlar o`rtasida bo`yi baravar uzun rido kiygan va ko`ksiga oltin kamar bog`lagan Inson O`g`liga o`xshash bir Kimsa ko`rindi.
14 Uning boshi, sochlari bamisli oq yung, qordek oppoq, ko`zlari esa otash alangasidek chaqnardi.
15 Uning oyoqlari ko`rada qizdirilgan yaltiroq misga o`xshardi, ovozi ko`p suvlarning shov-shuvini eslatardi.
16 O`ng qo`lida yetti yulduzni tutib turar, og`zidan o`tkir dudama qilich chiqazib turar edi. Uning yuzi kunning qizig`ida balqiydigan quyoshday balqib turardi.
17 Uni ko`rishim bilanoq, Uning oyoqlari ostiga jonsiz kabi yiqildim. U esa o`ng qo`lini ustimga qo`yib, shunday dedi: “Qo`rqma! Men Avvaliyu Oxiridirman.
18 Tirikman. O`lgan edim va mana, abadulabad tirikman. Omin. O`lim va tamug` ochqichlari Mendadir.
19 Shunday qilib, nimalar ko`rding, nimalar bo`lyapti, bundan so`ng nimalar yuz beradi, hammasini yozib bor.
20 O`ng qo`limda sen ko`rgan yetti yulduz va yetti oltin shamdon siriga kelsak, yetti yulduz – yetti jamoatning farishtalari, yetti shamdon esa – yetti jamoatdir”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22