Vahiy 11 Bob
1 Menga hassaga o`xshash bir qamish berilib, shunday deyildi: “Tur, Xudoning ma`badini va qurbongohni o`lchab chiq, unda sajda qiluvchilarni sanab chiq.”
2 Lekin ma`badning tashqarisidagi hovlini qoldir, uni o`lchama. Chunki u yer majusiylarga berilgan. Ular tabarruk shaharni qirq ikki oy oyoq osti qiladilar.
3 Men ikki shohidimga qudrat beraman, ular jul kiygan holda bir ming ikki yuz oltmish kun payg`ambarlik qiladilar”.
4 Bular dunyoning Rabbi oldida turajak ikkita zaytundaraxti va ikkita mash`aldir.
5 Agar kim ularga ozor bermoqchi bo`lsa, og`izlaridan o`t chiqib, dushmanlarini yeb bitiradi. Ularga ozor berishni istagan shunday o`ldirilishi kerak.
6 Ular payg`ambarlik qiladigan kunlarda yerga yomg`ir yog`masin, deb ko`k yuzini bog`lash qudratiga egadirlar. Ular suvni qonga aylantirish va yer yuzini istagan vaqtida turli baloyu ofatlarga yo`liqtirish qudratiga egadir.
7 Ular shahodat berib bo`lgandan keyin, tubsizlik qa`ridan chiqqan vahshiy hayvon ular bilan jang qiladi, ularni yengadi va o`ldiradi.
8 Ularning jasadlari buyuk shaharning maydoniga tashlanib qoladi. Bizning Rabbimiz ham o`sha shaharda xochga mixlangan edi, uning ramziy nomi Sado`m va Misrdir.
9 Barcha xalqlardan, qabilalardan, turli til va millatlardan bo`lgan odamlar uch yarim kun ularning jasadlariga ko`z olaytirib, dafn etishga ruxsat berishmaydi.
10 Yer yuzida yashayotganlarbundan sevinib xursandchilik qilishadi va bir-birlariga hadyalar yuborishadi. Chunki ikkala payg`ambar yer yuzida yashovchilarga ko`p azob bergan edilar.
11 Uch yarim kundan keyin ikki payg`ambarning vujudiga Xudodan hayot ruhi kirdi va ular oyoqqa turdilar. Ularni ko`rganlarga qattiq dahshat tushdi.
12 Ikki payg`ambar samodan kelgan baland bir ovozning: “Bu yoqqa chiqinglar!” – deganini eshitiboq, dushmanlarining ko`z o`ngida bulut ichida osmonga ko`tarilishdi.
13 O`sha zahoti shiddatli bir zilzila yuz berdi va shaharning o`ndan bir qismi quladi. Zilzilada yetti ming kishi nobud bo`ldi. Qolganlari esa dahshatda qolib, samodagi Xudoga hamdu sano aytishdi.
14 Ikkinchi “voy” o`tdi. Mana, uchinchi “voy” tez yaqinlashyapti.
15 Yettinchi farishta karnay chaldi. Osmonda baland ovozlar yangradi: “Bu dunyoning hukmronligi Xudovandimizga va Uning Masihiga o`tdi endi. U abadulabad hukmronlik qiladi”.
16 So`ng Xudoning huzurida taxtlarida o`tirgan yigirma to`rt nafar oqsoqol yuz tuban yerga tashlandilar va Xudoga sajda qilib dedilar:
17 “Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Hozir borsan, ilgari bo`lgansan. Kelajakda ham bor bo`lajaksan. Biz Senga shukrlar qilamiz. Sen buyuk qudratingni amalga oshirib, shoh o`rnini egallading.
18 Elu xalqlar g`azablangan edi, Sen ham g`azabga minding. Ana, o`liklarni hukm qilish vaqt-soati keldi, qullaring – payg`ambarlar va azizlaring hamda Sendan qo`rqqan kattayu kichiklarni o`z qilmishlariga yarasha taqdirlash vaqt-soati keldi, yer yuzini xarob qiluvchilarni xarob qilish vaqt-soati keldi!”
19 Keyin Xudoning osmondagi ma`badi ochildi. Ma`badda Uning Ahd Sandig`i ko`rindi. O`shanda chaqmoq chaqib, momaqaldiroq sadolari yangradi, zilzila boshlandi, shiddatli do`l yog`di.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22