Vahiy 16 Bob
1 Bundan keyin ma`baddan yetti farishtaga: “Boringlar, Xudoning g`azabi bilan to`lib-toshgan yetti kosani yerga to`kinglar”, - degan baland bir ovoz eshitdim.
2 Birinchi farishta borib kosasini yerga to`kdi. O`zida hayvonning tamg`asi bo`lgan va uning tasviriga sajda qilayotgan odamlarda og`ir, jirkanch yiringli yaralar paydo bo`ldi.
3 Ikkinchi farishta kosasini dengizga to`kdi. Dengiz o`likning qoniga o`xshash bir tus oldi va ichidagi butun jonivorlar o`ldi.
4 Uchinchi farishta kosasini daryolarga va buloqlarga to`kdi, bular ham qonga aylanib ketdi.
5 Suvlar farishtasining shunday deganini eshitdim: “Yo Rabbiy, Sen barhaqsan, hozir bor, azaldan boru muqaddassan. Sening hukming - odil hukm.
6 Aziz-muqaddaslar va payg`ambarlar qonini to`kkanlarga Sen qon ichirding, ular bunga loyiqdir”.
7 Qurbongoh ham tilga kirib, shunday deganini eshitdim: “Ha, Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening hukmlaring odil va haqqoniydir”.
8 To`rtinchi farishta o`z kosasini quyosh ustiga to`kdi, quyoshga insonlarni o`tday yondirish qudrati berildi.
9 Jazirama issiq insonlarni qizdirganda, ular bu ofatlarga hukmi o`tadigan Xudo sha`niga hamdu sanolar emas, haqoratlar yog`dirdilar, qilmishlaridan tavba qilmadilar.
10 Beshinchi farishta kosasini hayvon taxtiga to`kib yubordi, hayvonning saltanati zimistonga chulg`anib qoldi. Odamlar azobdan tillarini tishladi.
11 Azob va yara-jarohatlaridan nolib, osmondagi Xudoni haqorat qildilar-u, qilmishlaridan tavba qilmadilar.
12 Oltinchi farishta kosasini buyuk Frot daryosi ustiga to`kdi. Kunchiqardan keladigan shohlarga yo`l ochilsin deb, daryoning suvi quridi.
13 Bundan keyin ajdaho, hayvon va soxta payg`ambarning og`izlaridan chiqayotgan qurbaqanamo uchta yovuz ruhni ko`rdim.
14 Bular ajoyibot yaratadigan jinlarning ruhidir. Ular har narsaga qodir Xudoning ulug` kunida bo`ladigan jangga barcha jahon shohlarini to`plash uchun chiqadmlar.
15 “Mana, Men o`g`ri kabi kelyapman! Baxtlidir hushyor tortgan kishi, yalang`och yurmayin, aybim ko`rinmasin deb kiyimini saqlab turgan kishi!”
16 Ruhlar shohlarini yahudiy tilida Hor-Magido`n deyilgan joyga to`pladilar. 17yYettichi farishta kosasini havoga to`kdi. Samoviy ma`baddagi taxtdan: “Amalga oshdi!” – degan baland bir ovoz chiqdi.
18 Shu vaqt yashinlar chaqnab, ovozlar yangrab, momaqaldiroq guldiradi. Shunday kuchli zilzila bo`ldiki, yer yuzida inson yashagandan beri bu qadar kuchli zilzila yuz bermagan edi.
19 Ulug` shahar uch bo`lakka bo`linib ketdi. Majusiylar shaharlari yer bilan yakson bo`ldi. Xudoning qaynoq qahr-g`azab sharobi bilan to`lgan kosa unga berilsin deb, buyuk bobil shahri ham Xudoning huzurida xotirlandi.
20 Har bir orol o`rnidan jildi, tog`lar ko`zdan g`oyib bo`ldi.
21 Osmondan har bir donasi botmon keladigan yirik do`l insonlar ustiga yog`ildi. Odamlar do`l balosidan Xudoni haqorat qilishardi, chunki bu balo haddan ziyod edi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22