Vahiy 8 Bob
1 Qo`zi yettinchi muhrni buzganda, osmon yarim soatcha sukunatda qoldi.
2 Men Xudoning huzurida turgan yetti farishtani ko`rdim. Ularga yettita karnay berildi.
3 Boshqa bir farishta kelib, qurbongohning oldida turdi. Uning qo`lida xushbo`y tutatqilar tutatishga moslangan oltin idish bor edi. Arshi a`lo oldidagi oltin qurbongoh ustida bag`ishlasin deb, barcha azizlarning ibodatlari bilan qorishtirish uchun unga ko`p xushbo`y tutatqilar berildi.
4 Azizlarning ibodatlari bilan tutatqilarning tutuni farishtaning qo`lidan Xudoning oldiga ko`tarildi.
5 Farishta tutatqi tutayotgan idishni oldi-yu, uni qurbongohdagi otash bilan to`ldirib, yer yuziga uloqtirib yubordi. O`shanda gulduros sadolari yangrab, yashinlar chaqnab, zilzila boshlandi.
6 Keyin qo`llarida yetti karnay tutgan yetti farishta karnay chalishga chog`landilar.
7 Birinchi farishta karnay chaldi. Qon aralash do`l va otash paydo bo`ldi va yer yuziga yog`dirildi. Yerning uchdan biri, daraxtlarning uchdan biri va butun o`t-o`lanlar yonib ketdi.
8 Ikkinchi farishta karnay chaldi. Xuddi lovullab yonayotgan katta tog` dengizning ichiga otilganday bo`ldi va dengizning uchdan biri qonga aylandi.
9 Dengizdagi jonli mahluqlarning uchdan bir qismi o`ldi va kemalarning uchdan bir qismi nobud bo`ldi.
10 Uchinchi farishta karnay chaldi. Osmondan mash`al bo`lib yonayotgan ulkan bir yulduz daryolarning uchdan biriga, shuningdek, suv buloqlariga tushdi.
11 Bu yulduzning oti Erman edi. Suvlarning uchdan bir qismi ermanga aylandi, shunday taxirlashib ketgan suvdan ichib ko`p odamlar o`ldi.
12 To`rtinchi farishta karnay chaldi. Quyoshning uchdan biri, oyning uchdan biri va yulduzlarning uchdan biri zararlandi. Natijada ularning uchdan bir qismi qorong`ilashdi, kunduzning ham, tunning ham uchdan bir qismi yorug`siz qoldi.
13 Keyin qarasam, osmonning o`rtasida uchib borayotgan bir burgut baland ovoz bilan shunday deganini eshitdim: “Karnaylarini chaladigan boshqa uchta farishtaning karnay sadosidan yer yuzida yashayotganlarning holiga voy, voy, voy!”
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22