Menyu

Vahiy 4 Bob


1 Shundan keyin bir qaragan edim, osmonda lang ochiq bir eshikni ko`rdim. Ilgari men bilan gaplashgan karnay sadosiga o`xshash o`sha ovoz yana eshitildi: “Bu yoqqa chiq, bundan keyin nima yuz berishini senga ko`rsataman”.

2 Shu payt men Ilohiy Ruhning ta`sirida qoldim. Bir qarasam, osmonda bir taxt – Arshi a`lo turar, unda bir Siymo o`tirar edi.

3 O`tirgan Siymo olmos va la`lga o`xshash yaltiroq edi. Arshi a`lo atrofida zumradnamo kamalak bor edi.

4 Tevarakda yana yigirma to`rtta taxt turar, bu taxtlarda boshlarida oltin toj va oq kiyim kiygan yigirma to`rt nafar oqsoqol o`tirar edi.

5 Arshi a`lodan chaqmoq chaqib, momaqaldiroqning guldiragan ovozi kelardi. Arshi a`lo oldida Xudoning yetti Ruhi bo`lgan yettita mash`al yonib turardi.

6 Arshi a`loning old qismida oynaga o`xshagan, billurday dengiz bor edi. Arshi a`loning o`rta qismi va atroflarida to`rtta jondor turar edi, ularning oldi va orqasi ko`zlar bilan qoplangan edi.

7 Birinchi jondor arslonga, ikkinchisi buzoqqa o`xshar edi, uchinchi jondorning yuzi odamsimon, to`rtinchisi esa uchayotgan burgutga o`xshar edi.

8 Bu to`rt jondorning har birining oltita qanoti bor edi. Ular ichin-tashin, har taraflama ko`z bilan qoplangan edi. Kechasiyu kunduzi ular tinmay shu so`zlarni takrorlaydi: “Azaldan bor bo`lgan, hozir bor, kelajakda ham bor bo`lg`usi Sarvari koinot, Tangri Taolo muqaddas, muqaddas, muqaddasdir!”

9 Jondorlar Arshi a`loda o`tirgan, to abad barhayot Siymoga izzat-ikrom va shukronalar qilishi bilan,

10 yigirma to`rt nafar oqsoqol taxtdagi to abad barhayot Siymo oldida yerga yaslanib, sajda qilib, tojlarini taxt oldiga tashlab, shunday deydilar:

11 “Yo Rabbimiz, yo Xudoyimiz! Sen shon-shuhrat, izzat-ikrom, kuch-qudratni egallashga loyiqsan. Zero Sen butun borliqni yaratding, hamma narsa Sening irodang ila vujudga keldi”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22