Vahiy 22 Bob
1 Farishta menga Xudoning va Qo`zining taxtidan chiqib, shahar ko`chasi bo`ylab oqayotgan billurday obi hayot daryosini ko`rsatdi.
2 Daryoning u yog`ida ham, bu yog`ida ham har oyda bir, ya`ni yilda o`n ikki marta hosil beradigan hayot daraxti bor edi. Bu daraxtning barglari xalqlarga shifo baxsh etadi.
3 Boshqa hech qanday la`nat qolmaydi. Shaharda Xudoning va Qo`zining taxti bo`ladi, Uning qullari Unga xizmat qiladi.
4 Ular uning yuzini ko`rib turadi, Uning ismi peshanasiga yozilgan bo`ladi.
5 u yerda boshqa tun bo`lmaydi; chiroqqa ham, quyosh yog`dusiga ham ehtiyoj bo`lmaydi. Chunki Xudoyi Taolodan ularga nur yog`ilib turadi, ular esa to abad hukmronlik qiladilar.
6 Farishta menga shunday dedi: bu so`zlar ishonchli va haqqoniydir. Aziz payg`ambarlarni ruhlantirgan Xudoyi Taolo yaqin orada yuz berishi muqarrar bo`lgan voqealarni O`z qullariga bildirish uchun farishtasini yubordi.
7 “Mana, Men tezda kelaman! Bu kitobning bashoratli kalomlariga rioya qilganlar baxtiyordir!”
8 Men, Yuhanno bularni ko`rdim va eshitdim. Bularni ko`rib eshitganimda, menga ko`rsatgan farishtaning oyoqlariga yiqilib sajda qilmoqchi bo`ldim.
9 Ammo u menga: zinhor bu ishni qilma! Men sening hamda birodarlaring – payg`ambarlarning hamkoriman, shuningdek, bu kitobning so`zlariga rioya qiluvchilarning hamkoriman. Xudoga sajda qil! – dedi.
10 Keyin menga yana shunday dedi: bu kitobning bashoratli kalomlarini muhrlab sir saqlama, chunki vaqt yaqindir.
11 Fosiq, mayli, yomonlik qilaversin; nopok, mayli, ifloslik qilaversin. Solih esa to`g`ri ish qilaversin va muqaddas kishi o`zini muqaddas saqlasin.
12 “Mana, Men tez kelaman, qarimtam O`zim bilan. Har kimga qilmishiga yarasha sazo bergumdir.
13 Men Ibtido va Intiho, Avvaliyu Oxiri, Bosh va So`ngdirman”.
14 Qanday baxtlidir kiyimlarini yuvganlar, hayot daraxti mevasidan yeb, shahar darvozalaridan kirish huquqiga ega bo`lganlar!
15 Tashqarida esa itlar, jodugarlar, zinokorlar, qotillar, butparastlar, yolg`on-makrga ruju qo`yganlarning hammasi bo`ladi.
16 “Men – Iso O`z farishtamni oldingizga yubordim. Toki u bu to`g`rida jamoatlarimga shahodat bersin. Men Dovud avlodidan kelib chiqqan Zot, yorug` tong yulduzidirman”.
17 Ruh ham, Kelin ham: “Kel!” – deb chorlayapti. Eshitgan kishi ham: “Kel!” – desin. Chanqagan kelsin, xohlagan hayot suvidan tekin bahra olsin.
18 Bu kitobning bashoratli kalomlarini eshituvchi har bir kishiga shahodatim shu: kimda-kim bularga biror narsa qo`shsa, Xudo bu kitobda yozilgan balolarni unga taqdir qiladi.
19 Kimda-kim bu kitobda bashorat qilib aytilgan so`zlardan biror narsani olib tashlasa, Xudo uni bu kitobda yozilgan hayot daraxtidan va muqaddas shahardan mahrum qiladi.
20 Bu gaplarning Shohidi: “Ha, Men tez kelaman!” – deyapti. Omin! Kel, yo Rabbimiz Iso!
21 Rabbimiz Iso Masihning inoyati barchangizga yor bo`lsin. Omin.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22