Menyu

Vahiy 5 Bob


1 Arshi a`loda o`tirgan Siymoning o`ng qo`lida ichi ham, tashi ham yozuvdan iborat, yettita muhr bilan muhrlangan bir kitob ko`rdim.

2 Kuchli bir farishta baland ovoz bilan: “Kitobni ochishga va uning muhrlarini yechishga kim loyiq?” – deya e`lon qilayotganini ko`rdim.

3 Biroq na osmonda, na yer yuzida, na yer ostida kitobni ocha oladigan yoki ichiga nazar sola oladigan biror kimsa yo`q edi.

4 Kitobni ochib o`qishga yoki hatto ichiga nazar solishga ham loyiq biror kimsa topilmaganligidan, men ko`p yig`ladim.

5 Shunda oqsoqollardan biri menga: “Yig`lama! – dedi. – Mana, Yahudo qabilasidan bo`lgan Arslon, Dovud zotidan bo`lgan G`olib kitobni ochib, yetti muhrni yechishga qodir”.

6 To`rt jondor va oqsoqollar qurshab olgan Arshi a`loning o`rtasida bo`g`izlangan kabi bir Qo`zi turganini ko`rdim. Qo`zining yetti shohi va yetti ko`zi bor edi; bular Xudoning yer yuziga yuborgan yetti Ruhdir.

7 Qo`zi kelib, Arshi a`loda o`tirgan Siymoning o`ng qo`lidan kitobni oldi.

8 U kitobni olganda, to`rt jondor va yigirma to`rt oqsoqol Qo`zining oldida yerga yuz tuban yiqilishdi. Har birining qo`lida bir chang va xushbo`y tutatqilarga to`la oltin kosalar bor edi. Xushbo`y tutatqilar – azizlarning duoyu ibodatlari demakdir.

9 Ular quyidagicha yangi qo`shiq aytishar edi: “Sen kitobni olishga, uning muhrlarini yechishga loyiqsan! Chunki Sen bo`g`izlangan eding, O`z qoning evaziga har bir qabila, til, xalq va millatdan Xudo uchun odamlarni qo`lga kiritding.

10 Bizni Xudoyimizga shohlar va ruhoniylar qilding, bizlar yer yuzida hukm surajakmiz”.

11 Keyin Arshi a`lo, jondorlar va oqsoqollarning atrofida ko`p farishtalarni ko`rdim, ularning ovozlarini eshitdim. Ularning sanog`iga yetib bo`lmas, ming-minglab, lak-lak edilar.

12 Ular baland ovoz bilan derdilar: “Bo`g`izlangan Qo`zi kuch-qudrat, boylik, donishmandlik, saltanat, shuhratu shavkat, hamdu sanolarga sazovordir!”.

13 Ko`kdayu yerdagi, yer ostidagi, dengiz yuzidagi va ichidagi har bir mahluqot, har bir mavjudotning shunday deganini eshitdim: “Arshi a`loda o`tirgan Xudo va Qo`zi abadulabad hamdu sanolar, shon-shuhratlar, izzat-ikrom va saltanatga sazovordir!”.

14 To`rt jondor: “Omin!” – dedilar. Yigirma to`rt oqsoqol esa yuz tuban yiqilib, [illalabad barhayot Bo`lganga] sajda qildilar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22