Vahiy 21 Bob
1 Shundan keyin men yangi bir osmon va yangi bir yerni ko`rdim. Avvalgi yeru osmon g`oyib bo`lgan edi, dengiz ham endi yo`q edi.
2 Men, Yuhanno, tabarruk shahar – Quddusni ko`rdim; u kuyovi oldiga bezanib chiqayotgan kelin kabi osmondan, Xudo huzuridan tushayotgan edi.
3 Men Arshi a`lodan kelgan baland bir ovozni eshitdim, u shunday dedi: “Mana, Xudoning makoni insonlar aro! Xudoning O`zi odamlar ichra yashar. Ular Xudoning xalqi bo`lgay, Xudoning O`zi ular ichra maskan qilgay.
4 Xudo ularnig ko`zidagi har bir yoshni artib olur. Endi o`lim sira bo`lmas. Huzun ham, faryod ham, og`riq ham bo`lmas. Zero avvalgilar o`tib ketdi”.
5 Taxtda o`tirgan Siymo: “Mana, Men hammasini yangi qilib yaratyapman!” – dedi. Keyin menga: “Bularni yozib qo`y, bu so`zlar ishonchli va haqqoniydir!” – dedi.
6 So`ng menga qarab, dedi: “Amalga oshdi! Ibtido va Intiho, Bosh va So`ng O`zimman. Men chanqaganga obi hayot bulog`idan tekin bahra beraman.
7 G`olib kelganga bular nasib qiladi. Men uning Xudosi bo`laman, u Mening o`g`lim bo`ladi.
8 Ammo qo`rqoq, imonsiz, nopok, qotil, zinokor, jodugar, butparast va hamma yolg`onchilarnig qismati olov va oltingugurt bilan yonayotgan ko`ldadir. Bu ikkinchi o`limdir”.
9 Shu payt oxirgi yetti baloga to`ldirilgan yettita kosani ushlagan yetti farishtadan biri oldimga keldi va men bilan gaplashib: “Bu yoqqa kel, Qo`ziga kelin bo`ladigan ayolni senga ko`rsataman”, - dedi.
10 Farishta meni ilohiy Ruhning ta`sirida baland, yuksak bir toqqa olib chiqdi-da, menga ko`kdan, Xudo huzuridan tushayotgan tabarruk shahar – Quddusni ko`rsatdi.
11 Shahar Xudoning ulug`vor jamoli bilan balqir, uning sayqali qimmatbaho tosh, billur olmosga o`xshar edi.
12 Uning devori qalin va baland edi; o`n ikki darvozasi bo`lib, darvozalari ustida o`n ikkita farishta o`ltirar edi. Darvozalarda ismlar – Bani Isroilning o`n ikki qabilasi nomlari yozilgan edi.
13 Sharqdan uch, shimoldan uch, janubdan uch va g`arbdan uch darvoza bor edi.
14 Shahar devorlarining o`n ikki poydevori bo`lib, ularda Qo`zining o`n ikki havoriysi nomlari yozib qo`yilgan edi.
15 Men bilan gaplashagn farishtaning qo`lida shaharni, uning darvozalariyu devorini o`lchash uchun oltindan bir o`lchagichi bor edi.
16 Shahar to`rtburchak shaklda joylashgan, uning bo`yi eni bilan teng edi. Farishta shaharni o`lchagich bilan o`lchadi, u o`n ikki ming o`q otimi ekan. Uning eni, bo`yi va balandligi bir-biriga teng edi.
17 Farishta shaharning devorlarini ham o`lchadi; u insonlar o`lchovida ham, farishtalar o`lchovida ham yuz qirq to`rt tirsak chiqdi.
18 Devorlar olmosdan, shahar esa shishaday tiniq, sof oltindan qurilgan edi.
19 Shahar devorlarining poydevorlari turli qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan edi; birinchi poydevor olmosdan, ikkinchisi ko`k yoqutdan, uchinchisi aqiqdan, to`rtinchisi zumraddan edi.
20 Beshinchisi firuza, oltinchisi la`l, ettinchis sariq yoqut, sakkizinchisi ko`k zumrad, to`qqizinchisi zabarjad, o`ninchisi yashil aqiq, o`n birinchisi lojuvard, o`n ikkinchisi binafsha rang yoqutdan edi.
21 O`n ikki darvoza – o`n ikki marvariddan iborat edi, ya`ni har bir darvoza bitta marvariddan yasalgan edi. Shaharning ko`chasi esa bamisoli shaffof shishadek, sof oltindan edi.
22 Bu shaharda ma`bad ko`rmadim. Chunki har narsaga qodir Xudoyi Taolo va Qo`zinig O`zi shaharning ma`badidir.
23 Shaharni yoritish uchun quyoshga yoki oyga ehtiyoj ham yo`q. Chunki Xudoning ulug`voro jamoli uni yoritadi, Qo`zining O`zi uning yoritqichi bo`ladi.
24 (Qutilgan) xalqlar shaharning nurida yurishadi. Yer yuzi podshohlari unga o`z shon-shuhratlarini keltiradilar.
25 Shahar darvozalari kun bo`yi ochiq turadi, sira yopilmaydi, chunki u yerda tun bo`lmaydi.
26 Xalqlarning barcha davlatu savlati unga kiritiladi.
27 Lekin hech qanday murdor narsa, hech bir razil yoki yolg`onchi kishi unga kirmaydi; faqat Qo`zining hayot kitobida yozilganlar kiradi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22