Vahiy 2 Bob
1 “Efesdagi jamoatning farishtasiga yoz: Yetti yulduzni o`ng qo`lida Tutguvchi, yettita oltin shamdon orasida Yuruvchi shunday deydi:
2 Sening ishlaring, mehnating, sabr-toqatingni bilaman. Havoriy bo`lmagan holda o`zlarini havoriy deb aytganlarni sinading va yolg`onini fosh qilding.
3 Ha, sabr-toqating bor. Mening nomim uchun ko`pni boshdan kechirding va charchamading.
4 Biroq senga bir e`tirozim borki, sen ilk muhabatingdan ayniding.
5 Endi qaerdan tushganingni esla! Tavba qil va avvalgi ishlaringni qilib yur. Aks holda, tavba qilmasang, qo`qqisdan sening yoningga kelib, shamdoningni joyidan siljitib yuboraman.
6 Lekin sendagi yaxshi fazilat shuki, sen nikolaychilarning ishlaridan nafratlanasan. Men ham ulardan nafratlanaman.
7 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin. G`olibga Xudoning jannatidagi hayot daraxti mevasidan yeyishni ehson etaman”.
8 “Izmirdagi jamoatning farishtasiga yoz: O`lgan bo`lib, tirilib Kelgan, Birinchi va Oxirgi shunday deydi:
9 Sening [ishlaring,] qayg`ularing, kambag`alligingni bilaman. Ammo holbuki, sen boysan! O`zlarini yahudiy deganlarning haqoratlarini ham bilaman. Ular yahudiy emas, balki shayton yig`inidirlar.
10 Boshga tushadigan azob-uqubatlardan hech qo`rqma. Mana, iblis sizlarni sinash uchun orangizdan ba`zilarni olib zindonga tashlaydi, o`n kungacha azob chekasizlar. O`limgacha sodiq qol, shunda Men senga hayot tojini beraman.
11 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin. G`olib kelgan ikkinchi o`limdan hech bir zarar ko`rmaydi”.
12 “Pergamdagi jamoatning farishtasiga yoz: O`tkir dudama qilich Sohibi shunday deydi:
13 [Sening ishlaringni bilaman.] shaytonning taxti bo`lgan joyda yashayotganlaringni bilaman. Mening nomimga ixlos qo`yding. Hatto orangizdagi sodiq shohidim Antipa shayton o`tirgan yerda shahid bo`lgan kunlarda ham sen Menga bo`lgan imoningdan qaytmading.
14 Lekin senga bir oz e`tirozim bor: orangizda Bal`om ta`limotini tutuvchilar bor. Bal`om Isroil o`g`illarini yo`ldan urish uchun Boloqni tashviq qilgan edi, Boloq esa ularni butga qurbon qilingan go`sht yeyishga va zinokorlik qilishga unatdi.
15 Shuningdek, sening ichingda nikolaychilar ta`limotini tutuvchilar ham bor.
16 Endi tavba qil! Aks holda men zudlik bilan oldingga borib, O`z og`zimdagi qilich bilan o`sha gunohkorlarga qarshi jang qilaman.
17 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin. G`olibga sirli manna va bir oq tosh beraman. Bu toshning ustiga yangi bir ism yozilganki, uni toshni olgan kishidan boshqa hech kim bilmaydi”.
18 “Tiyatiradagi jamoatning farishtasiga yoz: Ko`zlari otash alangasiday chaqnoq va oyoqlari yaltiroq misday porloq Xudoning O`g`li shunday deydi:
19 Sening ishlaring, sevging, imoning, fidoyiliging va sabringni bilaman. Oxirgi ishlaring avvalgisidan ko`proq ekanini ham bilaman.
20 Lekin senga bir e`tirozim bor: Izavel degan xotinga yo`l qo`yibsan. U o`zini payg`ambar deb, qullarimga zinokorlik etishni va butga qurbon qilingan narsani yeyishni targ`ib qilib, ularni to`g`ri yo`ldan ozdirmoqda.
21 Tavba qilishi uchun unga muhlat berdim, ammo u zinokorligidan tavba qilmoqchi emas.
22 Mana, Men uni xastalik to`shagiga yotqizaman. U bilan birga zino qilganlarni ham, bordiyu qilmishlaridan tavba qilmasalar, buyuk kulfatga duchor qilaman.
23 Uning farzandlariga o`lim urug`ini yog`diraman. Shunda butun jamoatlar Men ko`ngil va qalblarni sinab ko`rguvchi ekanimni bilib oladilar. Orangizdagi har bir kishini o`z qilmishiga yarasha taqdirlayman.
24 Tiyatirada qolgan va bu ta`limotga ergashmagan, go`yo “shaytonning teranliklari” deyilgan sirlarga bosh suqmagan boshqalarning hammasiga aytaman: sizlarga boshqa og`irlik solmayman.
25 Faqat Men kelgunimga qadar, sizda bor bo`lganni qattiq ushlanglar.
26 G`olib kelgan va oxirigacha Mening ishlarimga ergashganga xalqlar ustidan hukmronlik qilishni ato etaman.
27-28 Bu iqtidorni Menga Otam ato qilgan, Men esa uni shogirdimga ato etaman. U temir tayoq ila xalqlarga cho`ponlik qiladi, ular esa sopol idish singari sinib ketadi. Unga tong yulduzini ham ato qilaman.
29 Ruhning jamoatlarga aytayotgan gaplarini qulog`i bor kishi eshitsin”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22