Menyu

Vahiy 7 Bob


1 Shundan keyin yer yuzining to`rt burchagida turgan to`rt nafar farishtani ko`rdim. Yel esib, yerga ham, dengizga ham, biron daraxtga ham tegmasin deb, ular yer yuzining to`rt shamolini ushlab turar edilar.

2 So`ngra men barhayot Xudoning muhrini ushlab turgan, kunchiqardan chiqayotgan boshqa bir farishtani ko`rdim. U yerga va dengizga zarar yetkazish uchun qudrat olgan to`rtta farishtaga baland ovoz bilan xitob qildi:

3 “Xudoyimizning qullari peshanalariga muhr bosmagunimizcha, na yerga, na dengizga, na daraxtlarga biron zarar yetkazmanglar!”

4 Men muhrlangan kishilarning sonini eshitdim. Bani Isroil qabilalarining barchasidan yuz qirq to`rt ming kishi muhrlangan edi:

5 Yahudo qabilasidan o`n ikki ming kishi muhrlangan edi. Ruben qabilasidan o`n ikki ming, Gad qabilasidan o`n ikki ming,

6 Osher qabilasidan o`n ikki ming, Naftoli qabilasidan o`n ikki ming, Manashe qabilasidan o`n ikki ming,

7 Shim`o`n qabilasidan o`n ikki ming, Leviy qabilasidan o`n ikki ming, Issoxor qabilasidan o`n ikki ming,

8 Zavulun qabilasidan o`n ikki ming, Yusuf qabilasidan o`n ikki ming, Benyamin qabilasidan o`n ikki ming kishi muhrlangan edi.

9 Shundan keyin qarasam, har xil millatdan, barcha qabilalar, xalqlar va tillardan bo`lgan, uning hisobiga yetib bo`lmaydigan darajada ulkan bir olomon Arshi a`lo oldida, Qo`zining huzurida turardi. Hammasi oq libos kiyib, qo`llarida xurmo novdasini tutar edilar.

10 Ular baland ovoz bilan: “Najotkorlik taxtda o`tirgan Xudoyimizga va Qo`ziga xosdir!” – deb xitob qilishar edi.

11 Hamma farishtalar taxt, oqsoqollar va to`rt jondorning atrofida turar edilar. Taxtning oldida o`zlarini yuz tuban yerga tashlab, Xudoga sajda qilib, bunday aytishar edi:

12 “Omin! Hamdu sanolar, shon-shuhrat, donishmandlik, shukronayu sharaflar, qudrat va saltanat abadulabad bizning Xudoyimizga xosdir! Omin”.

13 Oqsoqollardan biri gap boshlab mendan so`radi: oq libos kiygan bu odamlar kim, ular qayerdan kelganlar?

14 Ey taqsir, buni siz bilasiz, - dedim men. U menga shunday aytdi: bular buyuk qayg`udan o`tib chiqqanlar. Liboslarini yuvib, Qo`zining qoni bilan oqartirganlar.

15 Shuning uchun ular Xudoning taxti oldida turadilar va Uning ma`badida kecha-kunduz xizmat qiladilar. Taxtda O`tirgan esa chodirini ularning ustiga quradi.

16 Ular boshqa och qolmaydilar ham, chanqamaydilar ham. Endi na quyosh, na biron-bir jazirama ularni qizitmaydi.

17 Chunki taxt o`rtasidagi Qo`zi ularni boqadi, obi hayot buloqlariga olib boradi. Xudo ularning ko`z yoshlarini butunlay artib yuboradi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22