Vahiy 18 Bob
1 Bundan keyin ulug` saltanat sohibi boshqa bir farishtaning osmondan tushayotganini ko`rdim. Uning ulug`vorligidan yer yuzi yorishib ketdi.
2 U kuchli bir nido bilan bunday dedi: “Vayron bo`ldi! Vayron bo`ldi buyuk Bobil. U jinlarning makoni, har turli yomon ruhning panohi, har qanday murdoru manfur qushning panohi bo`ldi.
3 U barcha xalqlarga o`zining qaynoq fahshu zino sharobidan ichirgan edi. Yer yuzi podshohlari u bilan zinokorlik qilgan edi, yer yuzi savdogarlari uning safolaru dabdabalaridan boyib ketdilar”.
4 Shu payt osmondan boshqa bir ovozni eshitdim. U dediki: “Ey xalqim, undan chiqib keting! Sherik bo`lmang uning gunohlariga, duchor bo`lmang-da balolariga!
5 Ko`kkacha borib yetti-ku uning gunohi, Xudo esladi uning nohaqliklarini.
6 Bobil sizga qanday sazo bergan bo`lsa, siz ham unga shunday sazo bering! Qilmishiga yarasha unga ikki barobar sazo bering! O`zi tayyorlagan selavadan ikki barobar to`ldirib unga ichiring!
7 U naqadar kekkayib dabdaba surgan bo`lsa, unga shu qadar azob va g`am-g`ussa orttiring! U o`zicha: “Tul emas, men malikaman, g`am-g`ussa ham ko`rmayman”, - deb aytdiku.
8 Shu bois uning taqdiridagi baloyu ofatlar – o`lim, g`am-g`ussayu qahatchiliklar bir kunning o`zida qo`pajak. U o`tda yoqilib kul bo`lajak. Qudratlidir uni hukm qilguvchi Xudoyi Taolo”.
9 Bobil bilan zino qilib, kayf-safo surgan yer yuzi podshohlari undagi yong`in tutunini ko`rib, uning holiga bo`zlab yig`laydilar.
10 Bobilning azob-uqubati dahshatidan qo`rqib, uzoqda turib deydilar: “Voy, sening holingga voy! Ey buyuk shahar, mustahkam Bobil! Bir soatdayoq senga jazo keldi!”
11 Yer yuzi savdogarlari ham uning holiga yig`lab motam tutadilar. Chunki ularning mollarini endi hech kim sotib olmaydi.
12 Oltin, kumush, javohirot va marvaridlar; atlasu shoyi, arg`uvonu qirmizi gazlamalar; har turli xushbo`y yog`ochlar, fil suyagidan yasalgan har xil buyumlar; eng qimmatbaho yog`ochdan, misdan, temirdan va marmardan yasalgan turli buyumlar;
13 dolchin, atirlar, xushbo`y tutatqilar, moylar va smalalar, sharob, zaytun yog`i, sara un va bug`doylar; qoramol va qo`ylar, otlaru aravalar, shuningdek, odamlarning jonini ham, tanini ham sotib oladigan boshqa hech kim bo`lmaydi.
14 Sen jondan yaxshi ko`rgan mevalar qo`lingdan ketdi. Butun davlatu shavkating nom-nishonsiz yo`q bo`lib ketdi.
15 Bu mollar bilan savdo-sotiq qilib, boyib ketgan savdogarlar Bobilning azob-uqubat dahshatidan qo`rqib, uzoqda turganlaricha yig`lab, zorlab, deydilar:
16 “Ahvolingga voy, voy! Shoyi, atlas, qirmiza kiyimlar ila yasangan, oltin, javohirot, marvaridlar ila bezangan buyuk shahar!
17 Shunday boyliging bir soatdayoq yo`q bo`lib ketdi”. Har bir darg`a kemachi va kema yo`lovchisi, dengizda savdo-sotiq qiluvchilarning hammasi uzoqda turganlaricha,
18 shahardagi yong`indan o`rlayotgan dudga qarab: “Qanday shahar bu buyuk shaharga o`xshaydi?!” – deb faryod chekardilar.
19 Ular boshlariga kul sochib, faryod chekib, ingrab dod solardilar: “Voy holingga, voy, ey buyuk shahar! Dengizdagi kemalarga ega bo`lganlarning hammasi sening qimmatbaho mollaringdan boyigan edi. Endilikda u bir soatdayoq xarobaga aylandi!”
20 Shodlaning uning holiga, ey osmon, ey aziz-muqaddaslar, havoriylaru nabilar! Zero Xudo uni hukm qilib o`chingizni oldi.
21 Keyin kuchli bir farishta tegirmon toshiga o`xshash katta toshni ko`tarib dengizga uloqtirdi-da, shunday dedi: “Mana shunday shiddat-la qulab tushgusi Buyuk shahar Bobil! Endi u aslo qat ko`tarmas.
22 Changchilar, ashulachilar, naychiyu surnaychilar ovozi endi eshitilmas senda. Endi san`at ham, san`atkor ham sendan chiqmas. Tegirmon charxining tovushi ham aslo eshitilmagay senda.
23 Endi chiroq ham senga shu`la sochmas, kuyov bilan kelinning ovozi ham kelmagay sendan. Savdogarlaring yer yuzining katta a`yonlari edi”.
24 Payg`ambarlar, aziz-muqaddaslar va yer yuzida o`ldirilganlarning hammasining qoni Bobildan topildi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22