Vahiy 9 Bob
1 Beshinchi farishta karnay chaldi. Osmondan yerga tushgan bir yulduzni ko`rdim. Unga tubsizlik qa`rining kaliti berilgan edi.
2 U tubsizlik qa`rining qulfini ochdi. Tubsizlik qa`ridan katta o`choqdan o`rlayotgan dudga o`xshash tutunlar chiqdi. Tubsizlik qa`ridan o`rlayotgan tutundan quyosh va havo qorong`ilashib ketdi.
3 Tutundan chigirtkalar chiqib, yer yuziga tarqaldi. Ularga er yuzidagi chayonlarning kuchiga o`xshash bir kuch berilgan edi.
4 Chigirtkalarga yer yuzidagi o`t-o`lanlarga ham, bironta ko`kalamzor yoki daraxtga ham tegmanglar, faqat peshanalarida Xudoning muhri bo`lmagan odamlargagina zarar yetkazinglar, deb buyurildi.
5 Chigirtkalarga odamlarni o`ldirishga emas, faqat ularga besh oy azob berishga ruxsat etildi. Ular bergan azob esa chayon insonni chaqqandagi azobday edi.
6 Bu hodisa sodir bo`ladigan kunlarda insonlar o`limni izlaydilar, ammo uni topa olmaydilar. O`limni istab qoladilar, ammo o`lim ulardan qochadi.
7 Chigirtkalarning ko`rinishi jangga shaylangan otlarga o`xshar edi. Ularning boshida oltin tojga o`xshash buyumlar bor, yuzlari esa odamsimon edi.
8 Sochlari ayollar sochiga, tishlari esa arslon tishiga o`xshar edi.
9 Ko`kraklari xuddi temir zirhday, qanotlarining tovushi esa urushga yelib borayotgan tumonat otlaru jang aravalarining tovushini eslatar edi.
10 Chayonlarga o`xshash dumlari va nishlari bor edi. Insonlarga besh oy zarar yetkazish uchun olgan qudratlari o`sha dumlarida edi.
11 Ularning ustida tubsizlik qa`rining farishtasi hukmronlik qiladi. Bu farishtaning oti yahudiycha Abaddo`n, yunoncha Apollion demakdir.
12 Birinchi “voy” o`tdi, mana bundan keyin yana ikkita “voy” bor.
13 Oltinchi farishta karnay chaldi. Xudo hzuridagi oltin qurbongohning to`rtta shoxi tomondan bir ovoz eshitdim.
14 Bu ovoz qo`lida karnay bo`lgan oltinchi farishtaga: “Buyuk Frot daryosi bo`yida bog`lab qo`yilgan to`rt farishtani yechib yubor!” – dedi.
15 Insonlarning uchdan birini o`ldirsin deb, o`sha soat, o`sha kun, o`sha oy va o`sha yil uchun hozir turgan to`rtta farishta bo`shatib yuborildi.
16 Otliq qo`shinlar soni ikki yuz million edi, men ularning sonini eshitdim.
17 Men vahiyda otlar bilan suvorilarni bunday holatda ko`rdim: ularning olov, lojuvard va oltingugurt rangli zirhlari bor edi. Otlarning boshi arslon boshiga o`xshar, og`izlaridan olov, tutun va oltingugurt chiqib turar edi.
18 Insoniyatning uchdan biri bu uch balodan – otlar og`zidan chiqvayotgan olov, tutun va oltingugurtdan o`ldi.
19 Chunki otlarning kuchi og`zi va dumlaridadir. Dumlarida ilonga o`xshagan boshlari bor, bu boshlari bilan zarar yetkazadilar.
20 Bu balolardan omon qolgan insonlar esa o`z qilmishlaridan tavba qilmadilar. Jinlarga bsh egishdan, ko`rolmaydigan, eshitolmaydigan, yurolmaydigan oltin, kumush, mis, tosh va yog`och butlarga sajda qilishdan voz kechmadilar.
21 O`zlarining qotillik, jodugarlik, zinokorlik va o`g`riliklaridan ham tavba qilmadilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22