Menyu

Vahiy 10 Bob


1 Men osmondan tushayotgan, bulutga burkangan kuchli boshqa bir farishtani ham ko`rdim. Uning boshi uzra kamalak bor edi. Yuzi quyoshday yaltirar, oyoqlari olov ustunlariday lovullab turar edi.

2 Uning qo`lida ochilgan bir kitobcha bor edi. U o`ng oyog`ini dengiz ustiga, chap oyog`ini esa yer yuziga qo`yganicha,

3 arslon bo`kirganday kuchli ovoz bilan hayqirdi. U hayqirgan mahalda yettita momaqaldiroq ham o`z tovushlari bilan gapga kirdi.

4 Yettita momaqaldiroq o`zicha gapira boshlaganda, men yozmoqchi bo`ldim. Lekin osmondan: yettita momaqaldiroqning gaplarini yozma, muhrlab sir saqla! – degan tovush eshitdim.

5 Dengiz va yer yuzida turgan, men ko`rgan farishta o`ng qo`lini osmonga ko`tardi.

6 Osmon va undagi borliqni, yer va ustidagi borliqni yaratgan, abadulabad barhayot bo`lgan Parvardigor haqi qasam ichib, farishta dedi: endi muhlat uzaymaydi.

7 Mana, yettinchi farishta karnay chalib ovoz beradigan kunlarda, Xudo O`z qullari – payg`ambarlarga ma`lum qilgan O`zining sirli murod-maqsadini butkul amalga oshirgay.

8 Osmondan eshitilgan ovoz menga yana gapirib: bor, dengiz va yer ustida turgan farishtaning qo`lidagi ochiq kitobchani ol, - dedi.

9 Men farishtaning yoniga borib: kitobchani menga bergil, - dedim. Farishta menga: kitobchani olib, uni yegin! Qorningda bir taxirlik hosil qiladi, ammo og`zing asalday shirin bo`ladi, - dedi.

10 Men kitobchani farishtaning qo`lidan olib yedim. Og`zim asaldek shirin bo`ldi. Ammo uni yeganimdan keyin qornim achishib ketdi.

11 So`ngra farishta menga: sen yana ko`p xalqlar, millatlar, tillar va podshohlar haqida bashorat qilishing kerak, - dedi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22