Menyu

Vahiy 14 Bob


1 Men qaradim-u, Sion tog`ida Qo`zi turganini ko`rdim. Qo`zi bilan birga peshanasida Uning va Otasining ismi yozilgan yuz qirq to`rt ming kishi bor edi.

2 Osmondan ko`p suvlarning shov-shuviday, gumburlagan momaqaldiroq tovushiday bir tovush yangrar edi. Men eshitgan bu tovush xuddi chang chalayotgan cholg`uchilar chiqaradigan sadoni eslatardi.

3 O`sha bir yuz qirq to`rt ming kishi Arshi a`lo oldida, to`rtta jondor va oqsoqollar oldida yangi bir kuy kuylar edilar. Yer yuzidan sotib olingan bu yuz qirq to`rt ming kishidan boshqa hech kim bu kuyni o`rgana olmas edi.

4 Bular o`zlarini xotinlar bilan bulg`atmagan mas`um kishilardir. Bular Qo`zi qayoqqa ketsa, Uning orqasidan ketgan kishilardir. Bular Xudo va Qo`ziga to`ng`ich bo`lgudek, insonlar orasidan sotib olinganlar.

5 Ularning tilida yolg`on-makr yo`q, [Xudoning taxti oldida] ular benuqsondir.

6 Shundan keyin osmon o`rtasidan uchib borayotgan boshqa bir farishtani ko`rdim. Bu farishta yer yuzida yashovchi har bir millat va qabilaga, har qanday til va xalqqa abadiy Mujda keltirayotgan edi.

7 U baland ovoz bilan shunday dedi: “Xudodan qo`rqing, Uni ulug`lang! Uning hukm qilish vaqt-soati keldi. Yeru ko`kni, dengizni, buloqlarni Yaratganga sajda qilinglar!”

8 Keyin boshqa bir farishta uchib kelib, shunday dedi: “Vayron bo`ldi! Vayron bo`ldi buyuk Bobil shahri! U barcha xalqlarga ichirgan edi o`zining qaynoq fahshu zino sharobidin”.

9 So`ngra uchinchi farishta uchib kelib, baland ovozda shunday dedi: kimki hayvonga va uning tasviriga sajda qilib, peshanasi yoki qo`liga tamg`a qabul qilsa,

10 u Xudoning qahr kosasida soflab tayyorlangan qaynoq g`azab sharobini ichadiyu, muqaddas farishtalar va Qo`zi oldida yonayotgan oltingugurt ichida azob chekadi.

11 Ular azobining dudi abadulabadburqirab turadi.Hayvon va uning tasviriga sajda qilib, hayvon nomli tamg`ani qabul qilganlar kechayu kunduz tinchlik ko`rmaydilar.

12 Bunga xudo amrini saqlagan va Isoga sodiq qolgan azizlarning sabr-toqati darkor.

13 Shunda osmondan menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim: Buni yozib ol: bundan keyin Rabbimiz Iso ummati bo`lib dunyodan o`tganlar baxtlidir! Ha, - deydi Ruh, - ular o`z mehnatlaridan tinchisin, ularning qilgan ishlari o`zlariga hamrohdir.

14 Shundan keyin bir yorug` bulut ko`rdim. Bulut ustida Inson O`g`liga o`xshagan Siymo o`tiribdi; Uning boshida oltin toj va qo`lida o`tkir o`roq.

15 Ma`baddan boshqa bir farishta chiqib, bulut ustida O`tirganga baland ovoz bilan shunday dedi: “O`rog`ingni ishga solib o`r, chunki o`rim-yig`im vaqti keldi. Mana yerning hosili yetildi”.

16 Bulut ustida O`tirgan o`rog`ini yerga tashladi, yerning hosili ham o`rildi.

17 Osmondagi ma`baddan boshqa bir farishta chiqdi. Uning ham o`tkir o`rog`i bor edi.

18 Olovga hukmron yana boshqa bir farishta esa qurbongohdan chiqib keldi. U o`tkir o`roqli farishtaga shunday xitob qildi: “O`tkir o`rog`ingni ishga sol, yerdagi uzum boshlarini qirqib ol, chunki yerda uzum pishib shingil-shingil bo`ldi”.

19 Farishta o`rog`ini yerga tashladi, yerdagi uzum boshlarini terib, Xudoning katta qahr-g`azab charxiga uloqtirdi.

20 Charx shaharning tashqarisida ishga tushdi. Charxdan oqib chiqqan qon daryo bo`lib, bir ming olti yuz o`q otimi yergacha bordi va otlarning yuganlarigacha chiqdi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22