Menyu

Vahiy 6 Bob


1 Keyin men Qo`zining yetti muhrdan birini buzganini ko`rdim. O`sha paytda to`rt jondordan biri momaqaldiroqqa o`xshash ovoz bilan: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim.

2 Men bir qarasam, bir oq otni, ustida kamalagi bor suvorini ko`rdim. Unga bir toj berildi. U g`oliblarcha yo`lga otlandi, yana g`alaba qozonishga chiqdi.

3 Qo`zi ikkinchi muhrni buzganda, ikkinchi jondor: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim.

4 Shu payt boshqa jiyron ot chiqib qoldi. Otliqqa katta qilich – insonlar bir-birini zolimlarcha o`ldirish uchun dunyodan tinchlikni olish qudrati berildi.

5 Qo`zi uchinchi muhrni buzganda, uchinchi jondor: “Chiqib qaragin!” – deganini eshitdim. Bir qarasam, qora bir ot chiqayotganini ko`rdim. Otliqning qo`lida tarozi bor edi.

6 Men to`rt jondorning orasidan shunday bir ovoz eshitganday bo`ldim: “Bir tog`ora bug`doy bir kumush tangaga, uch tog`ora arpa bir kumush tangaga. Ammo zaytun yog`i va sharobga zarar yetkazma!”

7 Qo`zi to`rtinchi muhrni buzganda, “Chiqib qaragin!” degan to`rtinchi jondorning ovozini eshitdim.

8 Bir qarasam, bir saman ot chiqayotgan ekan. Otga mingan suvorining nomi O`lim edi. Tamug` uning ketidan kelayo1tgan edi. Ularga qilich bilan, qahatchilik va o`lat bilan, yerning vahshiy hayvonlari bilan odamlarni qirish uchun yerning to`rtdan bir qismi ustidan hokimlik berildi.

9 Qo`zi beshinchi muhrni buzganda, Xudoning kalomi va bergan shahodatlari tufayli shahid bo`lganlarning jonlarini qurbongoh poyasida ko`rdim.

10 Baland ovoz bilan faryod qilib shunday derdilar: “Ey muqaddas va haqqoniy Hukmdor, qachongacha hukm etmay va dunyoda yashayotganlardan qonimizning intiqOmini olmay turasan?”

11 Ularning har biriga oq libos berildi. O`zlari kabi o`ldiriladigan hamkor va birodarlari soni to`lmagunga qadar, qisqa bir muddat tinch qolishlari ularga aytildi.

12 Qo`zi oltinchi muhrni buzganda, qarasam, buyuk zilzila bo`layotganini ko`rdim. Quyosh xuddi qora xirqaga burkangandek qorong`ilashdi, oy esa laxta qonga aylandi.

13 Kuchli shamol anjir daraxtini silkitganda xom anjirlar yerga qanday to`kilsa, osmondagi yulduzlar ham xuddi shunday yer yuziga to`kildi.

14 Osmon daftarday o`ralib, yo`qolib ketdi. Har bir tog` va orol joyidan siljidi.

15 Dunyoning shog`lariyu mansabdorlari, boylari, mingboshilari, zo`ravonlari, erkinu tutqinlar – bari g`orlarga va tog`larning qoyalari orasiga yashirindilar.

16 Ular tog`u qoyalarga: “Ustimizga qulang, taxtda o`tirgan Siymodan va Qo`zining g`azabidan bizni asrang!

17 Uning buyuk qahr-g`azabi kuni keldi-ku! Unga kim bardosh bera oladi?!” – deb yolvorar edilar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22