Vahiy 19 Bob
1 Bundan keyin osmonda katta olomonning g`ala-g`ovuriga o`xshash baland ovozlar eshitdim: “Halleluya! Xudoyimizga tegishlidir najotkorlik, ulug`vorlik, kuch va qudrat.
2 Uning hukmi haq va to`g`ridir. Yer yuzini o`z zinosi bilan buzgan buyuk fohishani U hukm qildi, O`z qullarining xunini undan oldi”.
3 Ikkinchi marta dedilar: “Halleluya! Bobilning dudi abadulabad burqiragay”.
4 Shu payt yigirma to`rt nafar oqsoqol va to`rt jondor o`zlarini yerga tashlab: “Omin! Halleluya!” – deya taxtda o`tirgan Xudoga sajda qildilar.
5 Keyin taxtdan bir ovoz keldi: “Ey Xudoyimizning barcha qullari, Undan qo`rquvchi kattayu kichiklar, Unga hamdu sano aytinglar!”
6 So`ngra ko`p xaloyiq, shovullagan suvlar, gumburlagan momaqaldiroqqa o`xshash sadolar eshitdim. Ular shunday dedi: “Halleluya! Har narsaga qodir Xudoyimiz, Sarvari koinot Shoh o`rnini oldi.
7 Uning izzat-hurmatini bajo keltiraylik, sevinib xursand bo`laylik! Qo`zining nikoh soati yetdi, Uning kelini o`zini hozirladi”.
8 Kiyinish uchun kelinga pok, oppoq shoyi berildi. Shoyi – aziz-muqaddaslarning solihligidir.
9 So`ng farishta menga: yoz! – dedi, - Qo`zining nikoh oqshomiga chaqirilganlar baxtiyordir! Yana menga: bular Xudoning haq so`zlaridir, - dedi.
10 Men unga sajda qilish uchun oyoqlariga yiqildim. Lekin u menga shunday dedi: zinhor, bu ishni qilma! Men sening hamkoringman, shuningdek, Isoning shohidi bo`lgan hamma birodarlaringning hamkoriman. Xudoga sajda qil! Zero Isoga shohidlik payg`ambarlik ruhi bilan tengdir.
11 Bundan keyin osmon ochilib, u yerda bir oq ot turganini ko`rdim. Otliqning ismi Sodiq va Haq edi. U odilona hukm chiqarib, jang qiladi.
12 Uning ko`zlari olov alangasiday. Boshida ko`p toji bor, peshanasiga esa O`zidan boshqa hech kim bilmaydigan bir ism yozilgan.
13 U qonga bo`yalgan kiyim kiygan, Unga “Xudoning Kalomi” deb nom berilgan edi.
14 Pok, oppoq shoyi kiygan samoviy qo`shinlar oq otda Uning ketidan borardi.
15 Xalqlarga shikast berish uchun Uning og`zidan bir keskir shamshir chiqib turardi. Qo`lida temir tayoq bilan ularni boqadigan O`shadir. Har narsaga qodir Xudoning qaynoq qahr-g`azab sharobini tayyorlashga moslangan charxni O`zi bosadi.
16 Uning kiyimi va belida shunday bir ism yozilgan: “Hokimlarning Hokimi - Shohanshoh”.
17 Shundan so`ng quyosh ustida turgan bir farishtani ko`rdim. U baland ovoz chiqarib, osmon o`rtasidan uchib borayotgan barcha qushlarga shunday xitob qildi: “Xudoning buyuk bazmiga kelinglar!
18 Shohlar, sarkardalar, kuchlilar murdasini, otu otliqlar murdasini hamma erkinu tutqinlar, kattayu kichiklar murdasini xomtalash qilish uchun to`planinglar!”
19 Shundan keyin men hayvonni, yer yuzi shohlarini, ularning qo`shinlarini ko`rdim; ular ot mingan Chavandoz bilan Uning qo`shinlariga qarshi jang qilish uchun bir yerga to`plangan edilar.
20 Hayvon va uning oldida g`aroyibotlar qilgan soxta payg`ambar asir tushdilar. Hayvonning tamg`asini qabul qilib, uning tasviriga sajda qilganlarni o`z g`aroyibotlari bilan aldagan soxta payg`ambar ana shu edi. Har ikkovi ham oltingugurt bilan yonayotgan otash ko`liga tashlandi.
21 Boshqalar esa ot mingan Chavandozning og`zidan chiqqan shamshir bilan o`ldirildi. Hamma qushlar ularning go`shtini yeb to`ydi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22