Menyu

Vahiy 15 Bob


1 Men osmonda odatdan tashqari ajoyib boshqa bir alomat ko`rdim: qo`lida oxirgi yetti balo bor yetti farishta. Ana shu balolar bilan Xudoning g`azabi tamom bo`ladi.

2 Men go`yo olov aralash oynadan yasalgan bir dengizni ham ko`rdim. Hayvonga, uning tasviri, [tamg`asi] hamda nOmining soniga qarshi g`alaba qozonganlar Xudoning changlarini qo`lga olib, shu oyna dengizning ustida turgan edilar.

3 Ular Xudo quli Musoning kuyini va Qo`zining kuyini kuylab, shunday derdilar: “Yo Rabbiy, Tangri Taolo, har narsaga qodir Sarvari koinot! Sening ishlaring buyuk va ajoyibdir. Ey elu xalqlar Podshohi! Sening yo`llaring to`g`ri va haqdir.

4 Ey Xudovandi karim! Kim cho`chimas ekan Sendan? Kim ulug`lamas ekan ismingni? Zero yolg`iz O`zing muqaddassan. Jamiki ellar huzuringga kelib, Senga bosh egib sajda qilgaylar. Barchaga ayon bo`ldi odil hukmlaring”.

5 Shundan so`ng qaradim-u, samodagi ma`bad, ya`ni Shahodat Chodiri ochilganini ko`rdim.

6 Yetti baloga hokim yetti farishta toza va porloq zig`ir mato kiygan va ko`ksiga oltin kamarlar bog`lagan holda ma`baddan chiqdilar.

7 To`rt jondordan biri yetti farishtaga abadulabad barhayot Xudoning g`azabi bilan to`liq yettita oltin kosa berdi.

8 Ma`bad Xudoning ulug`vorligi va qudratidan dud bilan to`lib ketdi. Yetti farishtaning yetti balosi tamom bo`lmaguncha, hech kim ma`badga kira olmadi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22