Vahiy 17 Bob
1 Yetti kosali yetti farishtadan biri kelib, menga shunday dedi: “Bu yoqqa kelgin, ko`p suvlar bo`yida o`tirgan buyuk fohishaga chiqarilgan hukmni senga ko`rsataman.
2 Yer yuzi shohlari u bilan fahsh qilardi, yer yuzida yashayotganlar uning zino sharobidan mast bo`lardilar”.
3 Bundan keyin farishta meni ilohiy ruh ta`sirida cho`lga olib keldi. U yerda yetti boshli, o`n shoxli, kufrona nomlar bilan to`lib-toshgan qip-qizil bir hayvon ustiga mingan xotinni ko`rdim.
4 Xotin qip-qizil, arg`uvon kiyimda, oltin, javohirot, marvaridlar bilan bezangan edi. Uning qo`lida iflosliklar bilan, zino haromliklari bilan to`lib-toshgan oltin kosa bor edi.
5 Xotinning peshonasida uning ismi yozilgan edi: “Sir: buyuk Bobil – yer yuzi fohishalari va haromliklari onasidir”.
6 Xotin Xudo azizlari qonidan, Iso shohidlari qonidan mast bo`lganini ko`rdim. Uni ko`rib, g`oyat darajada hayron bo`ldim.
7 Farishta menga dedi: “Nima uchun hayratga tushding? Men senga xotinning va uni ko`tarib yurgan yetti boshli, o`n shoxli hayvonning sirini aytib beraman.
8 Ana, sen ko`rgan hayvon bor edi, endi u yo`q. U ko`p o`tmay tubsizlik qa`ridan chiqib, halokatga yo`liqadi. Yer yuzida yashayotgan va dunyo yaratilgandan buyon hayot kitobiga yozilmagan barcha odamlar hayvonni ko`rib, hayron qoladilar. Chunki u bor edi, hozir yo`q, ammo yana keladi.
9 Buni anglamoq uchun o`tkir aqlu idrok darkor. Yetti bosh - xotin ustida o`tirgan yetti tog`dir.
10 Shu bilan birga yetti podshohdir. Bularning beshtasi mahv bo`ldi, bittasi qoldi, boshqasi esa hali kelgan emas; u kelganda ham ko`p vaqt turmaydi.
11 Ilgari bor, hozir yo`q hayvon esa yetti podshohdan biri bo`la turib, sakkizinchisidir, u halokatga yo`liqadi.
12 Sen ko`rgan o`nta shox – o`n podshoh demakdir. Ular hali saltanatni qo`lga olgan emas. Ular hayvon bilan birga podshoh bo`lib, bir soat hokimlik qiladilar.
13 Bular bir fikrda bo`lib, qudratni va saltanatni hayvonga topshiradilar.
14 Ular Qo`zi bilan jang qiladilar, ammo Qo`zi ularni yengib chiqadi. Chunki Qo`zi hokimlarning Hokimi – Shohanshohdir. U bilan birga bo`lganlar esa da`vat etilganlar, tanlanganlar, sodiq qolganlardir”.
15 Farishta menga yana shunday dedi: “Fohisha o`tirgan, sen ko`rgan suvlar – elu xalq, millatlar, elatlar va tillardir.
16 Sen ko`rgan hayvondagi o`nta shox fohishadan nafratlanadilar. Uni yalang`ochlab, barbod qiladilar, go`shtini burdalab yeydilar, o`zini esa o`tda yondiradilar.
17 Chunki Xudo O`zining irodasini bajarishni ularning diliga solgan. Shunday qilib, Xudoning kalomlari bajo kelmagunga qadar, ular bir jon, bir tan bo`lib, o`z hukmronliklarini hayvonga topshiradilar.
18 Sen ko`rgan xotin – yer yuzi podshohlari ustidan hukmronlik qiladigan buyuk shahardir”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22