Menyu

Vahiy 13 Bob


1 Men dengiz sohilidagi qumloq ustida turgan edim. To`satdan yetti boshli, o`nta shoxli bir hayvon dengizdan chiqayotganini ko`rib qoldim. Shoxlarida o`nta toji bor edi, boshlarida esa kufrona nomlar yozilgan edi.

2 Men ko`rgan hayvon qoplonga o`xshar edi. Oyoqlari ayiqning oyog`iga, og`zi esa arslonning og`ziga o`xshar edi. Ajdaho unga o`z qudrati, taxti va buyuk iqtidorini berdi.

3 Men hayvonning boshlaridan birini o`lar holatda yaralangan taxlitda ko`rdim. U o`lay deganda, yarasi sog`ayib qoldi. Shunda butun jahon hayvonning ketidan baqrayib, dong qotib qoldi, hayvonga bunday iqtidor bergan ajdahoga sajda qilishdi.

4 Odamlar: “Bu hayvonga o`xshagan yana kim bor ekan? U bilan kim urisha olar ekan?” – deb hayvonga ham sajda qilishdi.

5 Hayvonga takabburna va kufrona so`zlar ochadigan og`iz berildi, u qirq ikki oy davomida bu iqtidorini amalda ko`rsatdi.

6 Xudoga qarshi kufr aytish, Uning nomi va makoni hamda osmonda yashovchilarga qarshi kufrlar yog`dirish uchun hayvon og`zini ochdi.

7 Unga Xudo azizlari bilan urishish hamda ularni yengishga ruxsat berildi. Unga har bir qabila, xalq, til va millat ustidan hokimlik qilish iqtidori berildi.

8 Yer yuzida yashayotganlarning hammasi hayvonga sajda qilishadi, faqat dunyo yaratilganidan beri bo`g`izlangan Qo`zining hayot kitobiga ismi qayd bo`lganlar bundan istisnodir.

9 Qulog`i bor kishi quloq solsin!

10 Kimki asirlikka olib borsa, o`zi asirlikka tushar. Kimki qilichdan o`tkazsa, o`zi qilichdan o`tar. Bunda Xudo azizlarining sabru imoni darkor.

11 Bundan so`ng men yerdan chiqayotgan boshqa bir hayvonni ko`rdim. Qo`zi kabi ikkita shoxi bor edi va ajdaho kabi gapirardi.

12 U birinchi hayvonning butun iqtidori bilan uning oldida amal qilardi. Hayvon butun yer yuzini va unda yashovchilarni o`lar holatdagi yarasi sog`aygan birinchi hayvonga sajda qilishga majbur qildi.

13 U insonlar oldida hatto osmondan erga olov tushirishga qadar ajoyib mo``jizalar yaratdi.

14 Birinchi hayvon oldida qilishi uchun unga berilgan mo``jizakorlik qudrati bilan u yer yuzida yashayotganlarni aldab yo`ldan ozdirdi. U odamlarga qilichdan yaralanib, biroq sog` qolgan birinchi hayvonning tasvirini qilishni buyurdi.

15 Unga hayvonning tasviriga ruh kiritish uchun qudrat berildi. Hayvon tasviri tilga kirdi va o`ziga sajda qilmaganlarning hammasini o`ldirishni buyurdi.

16 U hammaning – kattayu kichikning, boyu kambag`alning, erkinu tutqinning o`ng qo`li yoki peshanasiga tamg`a bosilsin, deb farmon chiqardi.

17 Shunday qilib, kim hayvonning tamg`asi, ya`ni uning oti yoki otining soniga ega bo`lmasa, mutlaqo oldi-sotdi qilolmas edi.

18 Bunda hikmat bor. Aqli yetgan kishi hayvonning sonini hisoblab chiqsin, chunki bu son – insonning sonidir. Uning soni olti yuz oltmish oltidir.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22