Yuhanno xushxabari 1 Bob
1 Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo huzurida edi, Kalom – Xudo edi.
2 Azaldanoq U Xudo huzurida edi.
3 Borliq U orqali bor bo`lgan, Usiz hech narsa bor bo`lgan emas. Neki bor bo`lgan bo`lsa, U orqali bor bo`lgan.
4 Unda hayot bor edi, hayot insonlarning nuri edi.
5 Nur zulmatda porlaydi, zulmat esa nurni qoplay olmadi.
6 Xudo tomonidan yuborilgan bir odam bor edi, uning ismi Yahyo edi,
7 u shohidlik qilgani, nur haqida shohidlik qilgani kelgan edi, toki hamma uning shahodati orqali imon keltirsin.
8 Uning o`zi nur emas edi, u faqat nur haqida shahodat berishga yuborilgan edi.
9 Dunyoga kelayotgan hamma odamzodni yorituvchi haqiqiy nur bor edi.
10 Kalom dunyoda bor edi, dunyo U orqali bor bo`lgan edi, biroq dunyo Uni tanimadi.
11 O`zinikilarning yoniga keldi U, lekin O`zinikilar Uni qabul qilmadi.
12 Uni qabul qilganlarga esa, barcha Uning nomiga imon keltirganlarga U Xudoning farzandi bo`lish iqtidorini berdi.
13 Ular na qondan, na tana xohishidan, na er xohishidan, balki Xudodan tug`ildilar.
14 Kalom inson qiyofasiga kirdi va biz aro maskan qildi. Biz esa Uning ulug`vorligini ko`rdik; Otasi huzuridan kelgan, marhamat va haqiqat ila to`lgan yagona O`g`ilning ulug`vorligini ko`rdik.
15 Yahyo U haqda guvohlik berdi va ovozini baland qilib dedi: “Mening ketimdan Kelayotgan bor, U mendan ham ulug`, chunki U mendan ilgariroq bor edi, deb aytganim shuning O`zidir”.
16 Uning kamolotidan biz hammamiz marhamat ustiga marhamat oldik.
17 Tavrot Qonuni Muso orqali berilgan edi, Ilohiy marhamat va haqiqat esa Iso Masih orqali zohir bo`ldi.
18 Hech kim hech qachon Xudoni ko`rgan emas; Otasining bag`rida bo`lgan yagona O`g`il O`zi Uni izhor qildi.
19 Quddusdagi yahudiylar yuborgan ruhoniylar va levitlar Yahyo payg`ambarning oldiga borib undan: Sen kimsan? – deb so`radilar. Yahyo shahodat berdi:
20 Men Masih emasman, - deb ochiq tan oldi u, inkor etmadi.
21 Yana undan: Bo`lmasa Ilyos payg`ambarmisan? – deb so`radilar. Yo`q! – dedi u. O`sha payg`ambarmisan? – deb savol berdilar. U yana: Yo`q! – deb javob berdi.
22 Axir sen kimsan? Bizni yuborganlarga javob qilishimiz kerak. Sen o`zing haqingda nima deysan? – deb so`radilar.
23 Men Isha`yo payg`ambarning aytganiday, “Xudovandga yo`l hozirlanglar”, deb sahroda xitob qiluvchining sadosiman, - dedi Yahyo.
24 Uning oldiga yuborilganlar orasida farziylar ham bor edi.
25 Ular Yahyodan: Modomiki sen Masih ham, Ilyos ham, o`sha payg`ambar ham emas ekansan, nega xalqni suvga cho`mdirib, tavba qildirib yuribsan? – deb so`radilar.
26 Yahyo ularga javob berdi: Men odamlarni suvga cho`mdiryapman, xolos. Lekin orangizda sizlar tanimaydigan Kimsa turibdi.
27 Mening ketimdan Kelayotgan [va mendan ilgari bor bo`lgan] Kimsa bor, deb aytganim ana O`shadir. Men Uning chorig`i iplarini yechishga ham munosib emasman, - dedi.
28 Bu hodisalar Yahyo odamlarni tavba qildirib yurgan yerda, O`rdun daryosining naryog`idagi Baytavarada sodir bo`ldi.
29 Ertasiga Yahyo Isoning o`ziga yaqinlashayotganini ko`rib, shunday dedi: “Mana, dunyoning gunohini O`ziga oluvchi Xudoning qurbonlik Qo`zisi!
30 Men aytgan edim: Mening ketimdan kelayotgan Zot bor, U mendan ulug`, chunki U mendan ilgari ham bor bo`lgan edi.
31 Men Uni bilmas edim, lekin Isroil Uni tanib olsin, deb men odamlarni suvga cho`mdirib, tavba qildirgani keldim”.
32 Yahyo yana shunday shahodat berdi: “Men Ilohiy Ruhning osmondan kaptarday uchib kelib, O`shaning ustiga qo`nganini ko`rdim.
33 Men Uni bilmas edim, lekin odamlarni suvga cho`mdirishga meni yuborgan Xudoning O`zi: “Muqaddas Ruh kimning ustiga tushib qo`nganini ko`rsang, bilki, Muqaddas Ruhga cho`mdiruvchi O`shadir”, - degan edi menga.
34 Men esa Uni ko`rdimu, mana bu – Xudoning O`g`lidir, deb shahodat berdim”.
35 Ertasiga Yahyo yana ikkita shogirdi bilan shu yerda turgan edi.
36 U yurib kelayotgan Isoga tikilib qarab: Mana Xudoning qurbonlik Qo`zisi! – dedi.
37 Ikkala shogird Yahyoning bu so`zlarini eshitib, Isoning orqasidan ergashib borishdi.
38 Iso o`girilib qarab, ularning ergashib kelayotganini ko`rdi-da: Sizlarga nima kerak? – deb so`radi ulardan. Sen qayerda turasan, Ravvi? – deyishdi ular.
39 Borib ko`ringlar – dedi Iso. Ular borib, Isoning turar joyini ko`rishdi. O`sha kuni U bilan qolishdi. Soat to`rtlar chamasi edi.
40 Yahyodan Iso haqida eshitib, uning orqasidan ergashganlardan biri Simun Butrusning ukasi Idris edi.
41 U dastlab akasi Simunni topdi-da, unga: Biz Masihni topdik, - dedi.
42 Idris akasini Isoning oldiga olib keldi. Iso esa unga tikilib: Sen Yunus o`g`li Simunsan-ku, sen Kifa degan nom olasan, - dedi.
43 Ertasi kuni Iso Jalilaga bormoqchi bo`ldi. U Filipni topib unga: Orqamdan yur! – dedi.
44 Filip Baytsayda shahridan, Idris bilan Butrusning hamshahari edi.
45 Filip ketdi. U Natan`ilni topib, unga: Biz Muso va boshqa payg`ambarlar Tavrotda yozgan Yusuf o`g`li nosiralik Isoni topdik, - dedi.
46 Nosira shahridan biron yaxshilik chiqarmikin? – dedi Natan`il unga. Borib ko`rgin! – dedi unga Filip.
47 Bundan so`ng Iso Natan`ilning O`ziga yaqinlashayotganini ko`rib: Qarang, hech hiylani bilmaydi, xuddi haqiqiy isroillik! – dedi.
48 Natan`il Isodan so`radi: Sen meni qayerdan taniysan? Filip seni chaqirmasidan oldin, sen anjir daraxtining tagida eding. Men seni o`sha yerda ko`rgan edim, - deb javob berdi Iso.
49 Shunda Natan`il: Ustoz, Sen Xudoning O`g`lisan, Sen Isroilning Podshohisan! – dedi.
50 Iso unga javoban: Men senga: Seni anjir daraxti tagida ko`rdim, deganim uchun ishonyapsan-da. Sen bundan ham buyuk ishlarni ko`rasan! – dedi.
51 So`ng unga yana: Sizlarga rostini aytay: bundan keyin osmon ochilib, Inson O`g`li oldiga Xudo farishtalari tushib-chiqayotganini ko`rasizlar, - dedi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21