Yuhanno xushxabari 14 Bob
1 Iso shogirdlariga dedi: Yuragingiz g`ash bo`lmasin. Xudoga ishoning, Menga ham ishoningiz!
2 Otamning uyida maskan ko`p. Shunday bo`lmasa edi, Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman, deb aytarmidim?
3 Mana, Men borib sizlarga joy tayyorlayman-u, yana kelib, Men bo`lgan joyda bo`lishingiz uchun sizlarni oldimga olib ketaman.
4 Men boradigan joyni sizlar bilasizlar, yo`lni ham bilasizlar.
5 Rabbim! – dedi Unga To`ma, - qayerga borishingni bilmaymiz-ku, yo`lni ham qanday bila olamiz?
6 Iso unga dedi: Men yo`l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otaning oldiga borolmaydi.
7 Agar Meni bilsangiz, Otamni ham bilasizlar. Bundan buyon Uni bilasizlar, Uni ko`rgansizlar.
8 Filip Isoga dedi: Rabbiy, bizlarga Otani ko`rsat, shu biz uchun yetarli!
9 Filip, - dedi unga Iso, - Men shuncha vaqtdan beri sizlar bilan birgaman-u, Meni tanimaysanmi? Meni ko`rgan Otamni ko`rgan bo`ladi. Endi sen qanday qilib, “Otani bizlarga ko`rsat”, deyapsan?
10 Men Otamda hozirman, Otam esa Menda hozir, sen bunga ishonmaysanmi? Men sizlarga O`zimdan to`qib gapirmayapman, balki Menda hozir bo`lib turgan Otam O`z ishlarini bajarmoqda.
11 Menga ishoninglar, Men Otamda va Otam Menda hozirdir. Bordiyu bunga ham ishonmasangizlar, aqalli bajarayotgan ishlarimning o`zi orqali Menga ishoninglar.
12 Sizlarga rostini aytayin: Menga ishongan kishi Men qilayotgan ishlarni o`zi qiladi va hatto bundan kattarog`ini ham qiladi. Zero Men Otamning oldiga ketyapman.
13 Mening nomimdan Otadan biror narsa so`rasangizlar, uni bajo keltiraman, toki Ota O`z O`g`li orqali ulug`lansin.
14 Ha, Mening nomim uchun nima so`rasangizlar, Men uni bajo keltiraman.
15 “Agar Meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilinglar.
16 Men Otamga murojaat qilaman va U to abad sizlar bilan qoladigan boshqa Yupatuvchini yuboradi.
17 Bu Yupatuvchi – Haqiqat Ruhidir. Dunyo Uni qabul qila olmaydi, chunki Uni na ko`radi, na biladi. Sizlar esa Uni bilasizlar, chunki U sizlar bilan doim birgadir, U ichingizda yashaydi.
18 Sizlarni yetim qoldirmayman, yana oldingizga qaytib kelaman.
19 Birozdan keyin dunyo Meni boshqa ko`rmaydi. Ammo sizlar Meni ko`rasizlar; Men hayot bo`lganim uchun, sizlar ham yashaysizlar.
20 Men Otamda, sizlar Menda va Men sizlarda hozir ekanimni o`sha kunda fahmlaysizlar.
21 Kim Mening amrlarimni bilsa-yu, ularga amal qilsa, u Meni sevadi. Kim Meni sevsa, Otam ham uni sevadi. Men ham uni sevaman va O`zimni unga ko`rsataman”.
22 Ishqariyot bo`lmagan boshqa Yahudo Isoga dedi: “Rabbim, bu qanaqasi, Sen O`zingni dunyoga emas, bizga ko`rsatmoqchisan?”.
23 Iso unga shunday javob berdi: “Kim Meni sevsa, Mening so`zimga amal qiladi. Otam ham uni sevadi. Biz uning huzuriga kelib, O`zimizga maskan yaratamiz.
24 Meni sevmagan kishi, so`zlarimga amal qilmaydi. Sizlar tinglayotgan so`z Meniki emas, balki Meni Yuborgan Otamnikidir.
25 Buni Men sizlar bilan ekanman aytdim.
26 O`sha Yupatuvchi, ya`ni Mening nogmimdan Otam yuboradigan Muqaddas Ruhning O`zi sizlarga hamma narsani o`rgatadi, Mening sizlarga aytgan hamma so`zlarimni o`ylaringizga tushiradi”.
27 “Men sizlarga tinchlik qoldiryapman; O`z tinchligimni sizlarga beryapman. Men bergan tinchlik dunyo bergan tinchlikka o`xshamaydi. Yuragingiz siqilmasin, hadiksiramanglar.
28 Sizlarga aytganimni eshitdingizlar: Men sizlardan ketib, yana qaytaman. Agar Meni sevganingizda edi, Otam oldiga ketyapman deganimga quvonar edingizlar. Zero Otam Mendan ulug`dir.
29 Bu hodisalar sodir bo`lganida ishoninglar deb, hali sodir bo`lmasidan oldin Men bu haqda sizlarga aytdim.
30 Sizlar bilan so`zlashishga uncha ko`p vaqtim qolmadi. Chunki bu dunyoning hokimi kelyapti, Menga esa u mutlaqo hokim emas.
31 Lekin dunyo bilsinki, Men Otamni sevaman, Otam Menga neki buyurgan bo`lsa, xuddi shuni bajaraman. Qani turinglar, bu yerdan keta qolaylik”.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21