Yuhanno xushxabari 21 Bob
1 Undan keyin Tiveriya ko`li bo`yida Iso O`zini yana shogirdlariga ko`rsatdi. Bu shu yo`sinda sodir bo`ldi:
2 Simun Butrus, “Egiz” laqabli To`ma, Jalilaning Kana shahridan bo`lgan Natan`il, Zabadiyning o`g`illari va boshqa ikki shogird bir joyda edilar.
3 Simun Butrus boshqalarga: Men baliq ovlagani ketyapman, - dedi. Bizlar ham sen bilan boramiz, - deyishdi ular va qayiqqa tushib, jo`nab ketishdi. Lekin o`sha kecha hech narsa tutisholmadi.
4 Kun yorishgach, Iso qirg`oqda turar edi. Shogirdlari esa Uning Iso ekanligini payqamadilar.
5 Bolalar, sizlarda biron ovqat bormi? – so`radi Iso ulardan. Yo`q, - dedi ular.
6 To`ringizni qayiqning o`ng tomoniga tashlanglar, shunda tutasizlar, - dedi Iso. Ular esa to`rni tashladilar va baliq ko`pligidan tortib ololmadilar.
7 Shu payt Isoning sevikli shogirdi Butrusga: Ana, Rabbimiz! – dedi. Simun Butrus bu Rabbimiz, deb eshitiboq, yechib tashlagan jomasini kiydi-yu, o`zini ko`lga otdi.
8 Boshqa shogirdlar esa baliq to`la to`rni sudragancha, qayiqda keldilar. Ular quruqlikdan yaqin taqriban yuz gaz narida edilar.
9 Qirg`oqqa chiqqanlarida, yonib turgan ko`mirni va qovurilayotgan baliq bilan nonni ko`rdilar.
10 Iso ularga: Sizlar hozir tutgan baliqlaringizni olib kelinglar, - dedi.
11 Simun Butrus borib, to`rni qirg`oqqa tortib chiqardi. To`rda bir yuz ellik uchta katta baliq bor edi. Baliqlar ko`pligiga qaramasdan, to`r yirtilmadi.
12 Iso shogirdlariga: Kelib ovqatlaninglar, - dedi. Ulardan hech biri: “Sen kimsan?” – deb so`rashga botinolmadi, chunki ular Bu bizning Rabbimiz, deb bilar edilar.
13 Iso yaqinroq kelib, nonni oldi va ularga berdi. Baliqni ham shunday bo`lib berdi.
14 Shu yo`sin Iso tirilganimdan keyin uchinchi marta shogirdlariga zohir bo`ldi.
15 Nonushta qilib bo`lishgach, Iso Simun Butrusdan so`radi: Yunus o`g`li Simun, sen Meni ulardan ko`proq sevasanmi? Ha Rabbim! Men Seni yaxshi ko`rishimni O`zing yaxshi bilasan-ku, - dedi Unga Butrus. Qo`zilarimni o`tlat, - dedi unga Iso.
16 Ikkinchi marta Iso Butrusdan yana so`radi: Yunus o`g`li Simun, sen Meni sevasanmi? Ha, Rabbim! Seni yaxshi ko`rishimni O`zing bilasan-ku, - dedi Butrus Unga. Qo`ylarimni boq, - dedi unga Iso.
17 So`ng uchinchi marta Butrusdan so`radi: Yunus o`g`li Simun, sen Meni yaxshi ko`rasanmi? O`zidan uch marta “Meni yaxshi ko`rasanmi”, deb so`raganiga Butrus xafa bo`ldi. Rabbim! Sen hammasini bilasan, men Seni yaxshi ko`rishimni ham bilasan, - dedi Butrus. Iso unga shunday dedi: Qo`ylarimni o`tlat!
18 Senga rostini aytayin: yosh bo`lganingda kamaringni o`zing bog`lar, xohlagan joyingga borar eding. Lekin qariganingda esa qo`llaringni uzatasan va boshqa birov kamaringni bog`laydi-yu, seni xohlamagan joyingga olib boradi.
19 Iso bu so`zlarni Butrusning qay yo`l bilan o`lib, Xudoni ulug`lashiga ishora qilib aytgan edi. So`ngra unga: Mening orqamdan yur! – dedi.
20 Butrus burilib, Isoning sevikli shogirdi orqalaridan ergashib kelayotganini ko`rdi. Bu kechki ziyofatda Isoning bag`riga bosh qo`yib: “Rabbim, Seni kim tutib beradi?” – deb so`ragan shogirdi edi.
21 Butrus uni ko`rib, Isodan: Rabbim, uning taqdiri nima bo`ladi? – deb so`radi.
22 Iso unga: Agar Men kelgunimgacha uning sog` qolishini istasam, bundan senga nima? Sen Mening orqamdan yuraver, - dedi.
23 Shunday qilib, birodarlar orasida bu shogird o`lmaydi, degan gap-so`z tarqalib ketdi. Holbuki, Iso uni o`lmaydi demagandi. U faqat: “Agar Men kelgunimgacha uning sog` qolishini istasam, bundan senga nima”, deb aytgan edi.
24 Ana shu shogird bu ishlarning hammasiga guvoh bo`lib, ularni yozib olgan. Uning guvohligi haqiqat ekanligini bilamiz.
25 Iso bajargan boshqa bir talay ishlar ham bor. Bular birma-bir yozib chiqilganida edi, yozilgan kitoblar olamga sig`mas edi, deb o`ylayman. Omin.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21