Menyu

Yuhanno xushxabari 6 Bob


1 Shundan keyin Iso Jalila ko`lining narigi qirg`og`iga suzib o`tdi.

2 Uning bemorlar bilan qilayotgan ajoyib ishlarini bir talay xaloyiq ko`rib, Uning orqasidan ergashib boraverdi.

3 Iso toqqa chiqib, u yerda O`z shogirdlari bilan o`rnashdi.

4 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi.

5 Iso bir qarasa, xaloyiq ko`plashib U tomonga kelayotgan ekan. Iso Filipdan: Bularni to`yg`azish uchun qayerdan non sotib olamiz? – deb so`radi.

6 Bu gapni esa uni sinab ko`rish uchun aytgandi, O`zi nima qilishni bilar edi.

7 Bularning har qaysisiga oz-ozdan bersak ham, ikki yuz kumushlik non yetmaydi-ku! – deb javob berdi Filip.

8 Shunda shogirdlardan biri, Butrusning ukasi Idris Isoga:

9 Bu yerda bir bolada beshta arpa non va ikkita baliq bor emish, lekin ko`pchilikka bu nima ham bo`lar edi, - dedi.

10 Odamlarni yerga o`tqazinglar, - dedi Iso. U yer qalin maysazor edi. Besh mingga yaqin bo`lgan erkaklar jamoati yonboshlab o`tirdi.

11 Iso nonlarni olib, shukrona duosini o`qidi-yu, [shogirdlariga bo`lib berdi, shogirdlar esa] kim qancha istasa, o`tirganlarning hammasiga bo`lib berdi. Baliqlar bilan ha xuddi shu yo`lni tutdi.

12 Odamlar yeb to`ydi. Bundan keyin Iso O`z shogirdlariga: Qolgan burdalarni terib olinglar, hech narsa isrof bo`lmasin, - dedi.

13 Shogirdlar odamlar yegan beshta arpa nondan ortib qolgan burdalarni terib olishdi, o`n ikkita savat chiqdi.

14 Shunda odamlar Isoning qilgan ibratli mo``jizasini payqab: Haqiqatan ham Bu olamga keladigan Payg`ambar ekan, - dedilar.

15 Iso odamlar Uni zo`rlik bilan ushlab, podshoh qilib ko`tarmoqchi ekanliklarini bilib qolgach, yana yolg`iz O`zi toqqa chiqib ketdi.

16 Kechki payt Isoning shogirdlari ko`l bo`yiga bordilar.

17 Qayiqa tushib ko`lning berigi qirg`og`idagi Kafarnahumga qarab yo`l oldilar. Qorong`i tushgan, Iso esa hali ham ularning oldiga kelmagan edi.

18 Kuchli shamol esib, ko`l to`lqinlanib ketdi.

19 Ular bir tosh yo`lcha suzganlaridan keyin, ko`l yuzida yurib qayiqqa yaqinlashayotgan Isoni ko`rib qolishdi-da, vahimaga tushishdi.

20 Bu Men, qo`rqmanglar! – dedi ularga Iso.

21 Ular Isoni qayiqqa olmoqchi bo`ldilar. Lekin o`sha zahotiyoq qayiq ular borayotgan qirg`oqqa yetib to`xtab qoldi.

22 Ertasi kuni ko`lning narigi yoqasida qolgan xalq u yerda shogirdlar tushgan qayiqdan boshqa qayiq yo`qligini ko`rishdi va Iso shogirdlari bilan birga qayiqqa tushmaganini, shogirdlari yolg`iz o`zlari suzib ketganini payqadilar.

23 Shu payt Tiveriyadan boshqa qayiqchalar kelib qoldi. Qayiqchalar to`xtagan joy Rabbimiz Iso shukrona duosini o`qigan va xalq non yegan yerga yaqin edi.

24 Xaloyiq Iso bilan shogirdlarining u yerda yo`qligini ko`rgach, qayiqlarga tushib, Isoni qidirib Kafarnahumga suzib kelishdi.

25 Ko`lning berigi bo`yidan Uni topdilar. Ustoz, Sen qachon bu yerga kelding? – deb so`radilar.

26 Iso ularga shunday javob berdi: Sizlarga gapning rostini aytsam, sizlar ibratli mo``jizalarni ko`rganingiz uchun emas, balki non yeb to`yganingiz uchun Meni qidiryapsizlar.

27 Siz o`tkinchi oziq uchun emas, abadiy hayotga boshlovchi boqiy oziq uchun harakat qilinglar, uni sizlarga Inson O`g`li beradi. Inson O`g`li esa Ota – Xudoning muhriga molikdir.

28 Xalq Isodan: Xudoga ma`qul ishlarni bajarish uchun nima qilishimiz kerak? – deb so`radi.

29 Xudoga ma`qul ish – Xudo yuborgan Zotga ishonishdir.

30 Bizlar Senga ishonishimiz uchun qanday ish qilasan, ko`raylik-chi, qanday ibratli mo``jiza ko`rsatasan? – dedi xaloyiq.

31 Ota-bobolarimiz sahroda manna yeganlar, Tavrotda: “Yeyish uchun ularga osmondan non yog`dirdi”, deb yozilgan.

32 Iso ularga dedi: Sizlarga rostini aytsam, sizlarga osmiondan non bergan Muso payg`ambar emas. Osmondan tushgan haqiqiy nonni sizlarga Mening Otam beradi.

33 Xudo bergan non osmondan tushuvchi va dunyoga hayot bag`ishlovchi nondir.

34 Bunga qarshi xalq: Hazrat, bunday nonni bizga doimo berib turgin! – dedi Isoga.

35 Iso shunday aytdi: Men hayot noniman. Mening oldimga kelgan odam sira och qolmas, Menga ishongan odam hech qachon chanqamas.

36 Lekin Men sizlarga aytgan edim-ku, Meni ko`rib turgan bo`lsangizlar ham, ishonmayapsizlar.

37 Otam kimni Menga bergan bo`lsa, Mening oldimga keladi. Oldimga kelgan odamni esa sira quvib chiqarmayman.

38 Men O`z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini ado etish uchun osmondan tushganman.

39 Meni Yuborganning irodasi – Uning Menga berganlaridan hech birini yo`qotmasligim, balki oxirgi kunda ularning har birini tiriltirishimdir.

40 Otamning irodasi yana shuki, Uning O`g`lini ko`rgan Unga ishongan har bir kishi abadiy hayotga ega bo`lsin. Men esa bundaylarni oxirgi kunda tiriltiraman.

41 Iso “Men osmondan tushgan nonman”, degani uchun yahudiylar Undan noliy boshlashdi.

42 Yusufning o`g`li Iso bu emasmi? Ota-onasini biz taniymiz-ku! Endi qanday qilib U: “Men osmondan tushdim”, deb aytyapti? – deyishardi o`zaro.

43 O`zaro nolimanglar – dedi ularga Iso.

44 Agar Meni yuborgan Otam birovni jalb qilmasa, u Menga hech ham yetisholmaydi. Menga yetishgan odamni esa oxirgi kunda tiriltiraman.

45 Payg`ambar oyatida: “Hamma Xudo tomonidan o`rgatilgan bo`ladi”, - deb bitilgan. Shunday qilib, Otadan eshitgan va o`rgangan har bir kishi Mening oldimga keladi.

46 Aslida hech kim Otani ko`rgan emas, birgina Xudodan chiqqan Zot Otani ko`rgan.

47 Sizlarga rostini aytay: kimki Menga ishonsa, abadiy hayotga ega bo`ladi.

48 Men hayot noniman.

49 Ota-bobolaringiz sahroda manna yeb, o`lib ketganlar.

50 Odam yeb o`lmasligi uchun osmondan tushadigan non bor, mana u ko`z o`ngingizda turibdi.

51 Men osmondan tushgan tirik nondirman. Bu nonni yegan kishi abadiy yashaydi. Men beradigan non – O`zimning tanamdir, uni dunyoga baxsh etish uchun fido qilaman.

52 Shunda yahudiylar: U qanday qilib bizga O`zining tanasini yedira olar ekan? – deb o`zaro talashib-tortisha boshladilar.

53 Iso ularga aytdi: Sizlarga rostini aytay: agar Inson O`g`lining tanasini yemasangizlar va Uning qonini ichmasangizlar, u holda sizda hayot bo`lmaydi.

54 Mening tanamni yegan va qonimni ichgan odamda abadiy hayot bor, Men uni oxirgi kunda tiriltiraman.

55 Mening tanam – haqiqiy oziq, qonim – haqiqiy ichimlikdir.

56 Tanamni yeb, qonimni ichadigan kishi Men bilan, Men esa u bilan bir jon bir tan bo`lamiz.

57 Xuddi barhayot Otam Meni yuborganday, Men Otam orqali yashayotganday, Meni yegan odam ham Men orqali yashaydi.

58 Osmondan tushgan non mana shudir. Bu non ota-bobolaringiz yegan mannaga o`xshamaydi, ular manna yeb o`lib ketganlar. Men bergan nonni yegan odam esa abadiy yashaydi.

59 Iso bu so`zlarni Kafarnahumdagi yahudiylar ibodatxonasida ta`lim berayotganda gapirar edi.

60 Uning ko`p shogirdlari bu gaplarni eshitib: Qanday qattiq so`zlar! Kim buni tinglaydi? – deyishar edi.

61 Shogirdlarining norozi bo`lganliklarini Iso O`z ko`nglida sezdi. Bu sizlarni vasvasaga solyaptimi?

62 Xo`sh, Inson O`g`lining ilgarigi joyiga chiqishini ko`rsangizlar nima bo`pti?

63 Ruh hayot baxsh etadi, jism hech qanday foyda keltirmaydi. Mening sizlarga aytib kelayotgan so`zlarim ruhdir, hayotdir.

64 Shunga qaramay, ichingizda imonsiz qolganlar bor, - dedi. Kimlar imonsiz, kim xiyonat qiladi – Iso hammasini avvaldan bilar edi.

65 Otam yo`l qo`ymasa, hech kim Mening oldimga kelolmaydi, deyishimga bois ana shu bo`lgan edi, - dedi U yana.

66 O`sha vaqtdan boshlab Uning ko`p shogirdlari Isodan yuz o`girib, U bilan boshqa yurmaydigan bo`ldilar.

67 Shunda Iso o`n ikki shogirdidan: Nahotki sizlar ham ketmoqchi bo`lsangizlar? – deb so`radi.

68 Rabbim, - dedi Simun Butrus, - bizlar kimga boraylik? Senda abadiy hayotning so`zlari bor.

69 Bizlar ishondik va bildik, Sen Xudoning Azizi – Masihsan.

70 Iso ularga aytdi: Sizlarni o`n ikkita qilib tanlagan O`zim emasmi? Lekin sizlarning biringiz iblisdir.

71 Iso Simun o`g`li Yahudo Ishqariyotni nazarda tutgan edi. U o`n ikki shogirddan biri bo`lib, Isoga hiyonat qilmoqchi bo`lgan edi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21