Yuhanno xushxabari 8 Bob
1 Iso Zaytun tog`i tomon ketdi.
2 Ertalab yana ma`badga qaytib keldi. Butun xalq Uning oldiga kelar, U esa odamlarga ta`lim berib o`tirar edi.
3 Shu orada ulamolar bilan farziylar bir ayolni Isoning oldiga keltirishdi, uni zino qilayotganda ushlab olishgan edi.
4 Ustoz! – deyishdi ayolni o`rtaga qo`yib. Bu ayol zino qilayotganda ushlandi.
5 Muso payg`ambar Qonunimizda bundaylarni toshbo`ron qilishni buyurganlar. Sen nima deysan?
6 Bu so`roq bilan Isoni tuzoqqa ilintirib ayblamoqchi edilar. Iso esa ularga e`tibor bermay, engashib barmog`i bilan yerga yozar edi.
7 Ular bu haqda so`rayvergach, Iso tik turdi-da: Sizning ichingizda kim begunoh bo`lsa, o`sha birinchi bo`lib ayolga tosh otsin, - dedi.
8 So`ng yana engashib yerga yozaverdi.
9 Ular bu gapni eshitib, vijdonan fosh bo`lishdi. Chollardan boshlab, keksayu yosh hammasi birin-ketin keta boshlashdi. Oxirida yolg`iz Iso bilan o`rtada turgan ayol qoldi.
10 Iso o`rnidan turdi-da, ayoldan boshqani ko`rmay: Ey ayol! – dedi, - seni ayblovchilar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi?
11 Hech kim, Hazrat! – deb javob berdi ayol. Men ham seni mahkum qilmayman, - dedi Iso. – Bor, bundan keyin boshqa gunoh qilma.
12 Iso yana xalqqa xitob qildi: Men olamning nuriman. Kimki Menga ergashsa, zulmatda yurmaydi, balki hayot nuriga ega bo`ladi.
13 Isoning shu so`ziga qarshi farziylar: Sen O`zingga O`zing shohidlik beryapsan. Sening shohidliging haqiqat emas, - deyishdi.
14 Iso shunday javob berdi: Men O`zimga O`zim shohidlik bersam ham, to`g`ri shohidlik beraman. Chunki Men qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilaman. Sizlar esa Mening qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilmaysizlar.
15 Sizlar tashqi qiyofaga qarab hukm qilasizlar; Men esa hech kimni hukm qilmayman.
16 Agarda Men hukm qilsam ham, to`g`ri hukm qilaman. chunki yolg`iz emasman, Meni yuborgan Otam Meni yoqlaydi.
17 Mana, o`zlaringizning Tavrotda: “Ikki shohidning guvohligi to`g`ridir”, deb yozilgan.
18 Shunday qilib, O`zimga O`zim ham shohidlik beraman, Meni yuborgan Otam ham shohidlik beradi.
19 Sening Otang qayerda? – deb so`radilar Isodan. U bunga javoban: Sizlar na Meni, na Otamni taniysizlar. Agar Meni taniganingizda, Otamni ham tanigan bo`lar edingizlar, - dedi.
20 Bu so`zlarni Iso ma`badda ta`lim berayotib, sadaqa qutisining oldida aytdi. Hech kim Uni tutib olmadi, chunki Uning vaqt-soati hali kelmagan edi.
21 Iso ularga yana dedi: Men ketyapman. Siz Meni qidirasiz-u, gunohkor bo`lib o`lasizlar. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar.
22 Nahotki U O`zini O`zi o`ldiradi? “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”, deb aytyapti-ku, - deyishdi o`zaro yahudiylar.
23 Iso ularga shunday dedi: Sizlar pastdansiz, Men esa yuqoridanman. Sizlar bu olamdan, Men esa bu olamdan emasman.
24 Siz gunohkor bo`lib o`lasizlar, deb aytdim-ku sizlarga. Ha, agar o`sha Men ekanligimga ishonmasangizlar, gunohkor bo`lib o`lasizlar.
25 Sen kimsan? – deb so`rashdi shu mahal Isodan. Iso shunday dedi: Boshdanoq sizlarga qanday aytgan bo`lsam, xuddi O`shaman.
26 Siz haqingizda aytadigan hamda hukm o`tkazadigan ko`p narsalarim bor. Biroq Yuborgan haqiqatgo`ydir, Men Undan nima eshitgan bo`lsam, o`shani dunyoga ma`lum qilaman.
27 Ular esa O`z Otasi haqida gapirayotganini tushunmadilar.
28 Iso O`z so`zida davom etdi: Inson O`g`lini yuqoriga ko`targaningizda, O`sha Men ekanligimni bilib qolasizlar. O`shanda sizlar Men O`zimchalik hech narsa qilmasligimni, aksincha, Otam Menga qanday o`rgatgan bo`lsa, shunday so`zlayotganimni bilasizlar.
29 Meni Yuborgan O`zim bilandir. Otam Meni yolg`iz qoldirmagan, Men har doim Unga ma`qul bo`lgan ishlarni qilaman.
30 Iso bu so`zlarni aytar ekan, ko`p odamlar Unga ishondilar.
31 Shu vaqt Iso Unga ishongan yahudiylarga dedi: Agar Mening kalomimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim bo`lasizlar.
32 Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozoj qiladi.
33 Biz Ibrohim naslimz, - deb javob berdi ular. – Hech qachon hech kimga qul bo`lmaganmiz. Sen qanday qilib, “Ozod bo`lasizlar”, deyapsan?
34 Sizlarga gapning rostini aytsam, - dedi Iso, - gunoh qiluvchi har bir kishi gunohning qulidir.
35 Qul uyda umrbod turmaydi, o`g`il umrbod turadi.
36 Shunday qilib, agar O`g`il sizlarni ozod qilsa, haqiqatan erkin bo`lasizlar.
37 Ibrohim nasli ekanligingizni bilaman. Biroq Mening jonimga qasd qilmoqchisizlar. Chunki Mening so`zim qalbingizga o`rnashmaydi.
38 Men Otamning huzurida nima ko`rgan bo`lsam, o`shani so`zlab beraman. Sizlar esa o`z otangiz huzurida ko`rganlaringizni bajarasizlar.
39 Ular Isoga javoban: Bizning otamiz Ibrohim-ku, - deyishdi. Agar siz Ibrohim farzandlari bo`lsangiz edi, Ibrohimning qilgan ishlarini qilar edingizlar, - dedi Iso.
40 Endi bo`lsa, Xudodan eshitgan haqiqatni sizlarga so`zlab berayotgan Odamni – Meni o`ldirmoqchimisizlar. Ibrohim bunday yo`l tutmagan edi.
41 Sizlar o`z otangizning ishlarini qilyapsizlar. Biz fahshdan tug`ilgan emasmiz-ku, bizning bitta Otamiz bor, U Xudodir, - deb javob berishdi Isoga. U ularga shunday dedi:
42 Agar Otangiz Xudo bo`lganida edi, Meni sevar edingiz, chunki Men Xudodan chiqdim. Men O`zimcha kelganim yo`q, Meni U yubordi.
43 Nega aytganlarimni anglamayapsizlar? Sabab, Mening so`zimni eshita olmaysizlar.
44 Sizlarning otangiz – iblisdir. Sizlar o`z otangizning nafsu ehtiroslarini bajo keltirmoqchimisizlar. Azaldanoq iblis qotil edi. U yolg`on so`zlaganda, o`ziga yarasha so`zlaydi. Chunki u yolg`onchi, yolg`onning otasidir.
45 Ammo Men haqiqatni so`zlayotganim uchun, Menga ishonmayapsizlar.
46 Qaysi biringiz Meni biron gunoh bilan ayblay olasiz? Agarda haqiqatni so`zlayotgan bo`lsam, nega Menga ishonmayapsizlar?
47 Kim Xudoniki bo`lsa, Xudoning so`zlarini eshitadi. Sizlar esa Xudoga begona bo`lganingiz uchun, eshitmayotirsiz.
48 Bunga javoban yahudiylar: Sen samariyaliksanu, Seni jin uribdi, deb xato qilmabmiz! – deyishdi.
49 Meni jin urgani yo`q, - dedi Iso. – Men faqat Otamni hurmat qilaman. Sizlar esa Meni badnom qilyapsizlar.
50 Men O`z shuhratimni izlamayman, Meni ulug`lovchi va Hukmlovchi bor.
51 Sizlarga rostini aytayin: kim Mening so`zimga rioya qilsa, abadiy o`limga yuz tutmaydi.
52 Endi biz bilamiz, Seni jin uribdi, - deyishdi yahudiylar Unga. – Ibrohim va payg`ambarlar bari o`lib ketgan, Sen esa: “Kim Mening so`zimga rioya qilsa, abadiy o`limga yuz tutmaydi”, deyapsan-a?!
53 Nahotki Sen vafot etgan otamiz Ibrohimdan ham katta bo`lsang? Payg`ambarlarning hammasi ham o`lib ketishgan. Sen O`zingni kim deb hisoblaysan?
54 Iso javob berdi: Agar Men O`zimni O`zim ulug`lasam, Mening ulug`ligim puchdir. Otamning O`zi Meni ulug`laydi. Sizlar Uni Xudoyimiz deysizlar,
55 ammo aslida Uni taniganingiz yo`q. Men esa Uni tanib-bilaman. Agar Uni bilmayman, desam, sizlarga o`xshagan yolg`onchi bo`laman. Biroq Men Uni tanib-bilaman va Uning kalomiga rioya qilaman.
56 Otangiz Ibrohim Mening kunimni ko`rishini bilib, shod-xurram bo`lgan edi. Endi ko`rib, xurram bo`ldi.
57 Sen hali ellik yoshga to`lganing yo`g`u, Ibrohimni ham ko`ribsan-a?! – deyishdi yahudiylar Unga.
58 Iso ularga: Sizlarga rostini aytay: Ibrohim vujudga kelmasdan oldin Men bor edim, - dedi.
59 Shunda Isoga otish uchun tosh oldilar. Lekin Iso ulardan chekinib, ma`baddan tashqariga chiqdi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21