Menyu

Yuhanno xushxabari 15 Bob


1 “Men haqiqiy tokman, Otam esa Bog`bondir.

2 Mendagi hosil bermaydigan har bir novdani U kesib tashlaydi. Hosil beradigan har bir novdani esa, yana ko`proq hosil bersin deb, xomtok qilib tozalaydi.

3 Mening sizga aytgan so`zim orqali sizlar hozirdan tozasizlar.

4 Men bilan aloqada bo`linglar, shunda Men sizlar bilan aloqada bo`laman. Tokda bo`lmagan novda o`z-o`zidan hosil berolmaydi; shu singari agar sizlar Men bilan aloqada qolmasangizlar, hosil berolmaysizlar.

5 Men – tok, sizlar – novdasizlar. Kim Men bilan aloqada bo`lib, Men u bilan aloqada bo`lsam, u ko`p hosil beradi. Mensiz hech narsa qilolmaysizlar.

6 Kim Men bilan aloqani uzsa, novda kabi tashlab yuboriladi va quriydi. Bunday novdalarni esa terib, o`tga uloqtirib yondirishadi.

7 Agar siz Men bilan aloqada bo`lib, so`zlarimni qalbingizga jo qilsangizlar, istaganingizni so`ranglar, erishasizlar.

8 Sizlar ko`p hosil bersangiz, Otam ulug`lanadi, sizlar esa Mening shogirdlarim bo`lasizlar”.

9 “Otam Meni qanday sevgan bo`lsa, Men ham sizlarni shunday sevdim. Mening muhabbatimga sodiq qolinglar.

10 Men Otamning amrlariga amal qilib, Uning muhabbatiga sodiq qolganman. Xuddi shu singari sizlar ham, agar Mening amrlarimga amal qilsangizlar, muhabbatimga sodiq qolasizlar.

11 Mening shodligim sizlarga o`tsin va ko`nglingiz quvonchlarga to`lsin deb, Men bu so`zlarni sizlarga aytdim.

12 Mening amrim shu: Men sizlarni qanday sevgan bo`lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday sevinglar.

13 Kim o`z jonini do`stlari uchun bag`ishlasa, bundan ortiq sevgi yo`q.

14 Agar sizlar buyurganlarimni bajo keltirsangizlar, Mening do`stlarim bo`lasizlar.

15 Men sizlarni endi qul deb atamayman. Qul xo`jayini nima qilishini bilmaydi. Sizlarni do`stlarim deyman, chunki Otamdan eshitgan hamma narsani sizlarga bildirdim.

16 Sizlar Meni emas, Men sizlarni tanladim. Borib hosil beringlar va hosilingiz boqiy bo`lsin, deb sizlarni tanladim. Shunday qilib, Mening nomimdan Otadan nimaiki so`rasangizlar, U sizlargsha beradi.

17 Xullas, sizlarga buyrug`im shu: bir-biringizni sevinglar!”

18 “Agar dunyo sizlardan nafratlanayotgan bo`lsa, bilingizkim, sizlardan ilgari Mendan nafratlangan.

19 Sizlar bu dunyoniki bo`lsangiz edi, dunyo sizlarni o`ziniki kabi sevar edi. Holbuki, sizlar bu dunyoniki emassizlar; Men sizlarni dunyodan tanlab oldim. Ana shu sababdan dunyo sizlardan nafratlanadi.

20 Qul o`z xo`jayinidan yuqori bo`lmas, degan so`zimni eslanglar. Agar Meni quvg`in qilgan bo`lsalar, sizlarni ham quvg`in qiladilar. Agar Mening so`zlarimga rioya qilgan bo`lsalar, sizlarnikiga ham rioya qiladilar

21 Odamlar sizlarga neki qilsalar, Mening nomim uchun qiladilar; chunki Meni yuborganni tanimaydilar.

22 Agar Men kelib ularga aytmaganimda edi, ularda gunoh bo`lmas edi. Endi bo`lsa gunohlari uzrsiz qoldi.

23 Mendan nafratlangan Otamdan ham nafratlangan bo`ladi.

24 Agar Men ular orasida boshqalar sira qilmagan ishlarni namoyon qilmaganimda edi, ularda gunoh bo`lmas edi. Endi bo`lsa ishlarimni ko`rdilar-u, Mendan ham, Otamdan ham nafratlandilar.

25 Bu esa ularning Tavrotdagi: “Mendan nohaq nafratlandilar”, degan oyat bajo bo`lishi uchun sodir bo`ldi.

26 Otam huzuridan Men sizlarga yuboradigan Yupatuvchi, ya`ni Otam nazdidan chiquvchi Haqiqat Ruhi kelgach, U Men to`g`rimda guvohlik beradi.

27 Sizlar ham guvohlik berasizlar, chunki boshdanoq Men bilan birgasizlar”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21