Menyu

Yuhanno xushxabari 16 Bob


1 “Men bularni sizlar vasvasaga tushmanglar, deb aytdim.

2 Sizlarni ibodatxonadan haydab yuboradilar. Hatto shunday zamon keladiki, sizlarni o`ldirayotgan har bir kishi bu bilan Xudoga xizmat qilyapman, deb o`ylaydi.

3 Bu ishlarni Otamni ham, Meni ham tanimaganlari uchun qiladilar.

4 Bularni sizlarga hozirdan ma`lum qilib qo`yyapman, toki o`sha vaqt-soat kelganda, so`zlarimni esga olinglar. Avvaldan sizlarga bularni aytishimga hojat yo`q edi, chunki sizlar bilan birga edim.

5 Endi esa Meni Yuborganning oldiga ketyapman. Lekin orangizdan hech kim Mendan: “Qayerga ketyapsan?” deb so`ramayapti.

6 Bularni sizlarga aytganim uchun, dilingiz g`am-qayg`uga botgan.

7 Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, Mening ketishim siz uchun foydalidir. Agar Men ketmasam, Yupatuvchi oldingizga kelmaydi. Agarda ketsam, Uni oldingizga yuboraman.

8 U esa kelib, gunoh, adolat va hukm xususida dunyoning xato qilganini fosh qiladi.

9 Dunyoning gunohi shundan iboratki, odamlar Menga ishonmaydilar.

10 Ilohiy adolat shundaki, Men Otamning oldiga ketyapman va sizlar Meni boshqa ko`rmaysizlar.

11 Ilohiy hukm esa shundan dalolat beradik, bu dunyoning hokimi hukm qilingan.i

12 Sizlarga yana aytadiganlarim ko`pu, lekin endi ichingizga sig`dirolmaysizlar.

13 Muqaddas Haqiqat Ruhi kelgach, U sizlarni butun haqiqat yo`liga boshlaydi. U O`zicha gapirmaydi, neki eshitsa, o`shani so`zlab beradi, U kelajak haqida sizlarga xabar qiladi.

14 U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga ma`lum qiladi, shu bilan Meni ulug`laydi.

15 Otam ega bo`lgan hamma narsa Menikidir. Ana shu sababdan, U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga ma`lum qiladi, deb aytdim.

16 Ko`p o`tmay, sizlar Meni ko`rolmay qolasizlar, yana ko`p o`tmay, ko`rasizlar. Chunki Men Otamning oldiga ketyapman”.

17 Shu paytda Isoning shogirdlari biri ikkinchisiga: Ajabo, U bizga nima deyapti o`zi? “Ko`p o`tmay Meni ko`rolmay qolasizlar, yana ko`p o`tmay ko`rasizlar”, dedi. “Otamning oldiga ketyapman”, deb ham aytdi.

18 “Ko`p o`tmay” deyishi bilan nima demoqchi ekan, biz anglay olmadik, - der edilar.

19 Iso shogirdlari O`zidan gap so`ramoqchi bo`lganliklarini payqadi va so`z oldi: Ko`p o`tmay Meni ko`rolmay qolasizlar, yana ko`p o`tmay ko`rasizlar, deb Men sizlarga aytdim-ku, nahotki bu gapimni muhokama qilyapsizlar?

20 Sizlarga rostini aytayin: sizlar yig`lab dod-faryod qilasizlar, dunyo esa quvonadi. Sizlar qayg`urasiz, lekin qayg`ungiz shodlikka aylanadi.

21 Oyi to`lgan ayol dard bilan tug`adi. Ammo bola tug`ilgandan keyin, dunyoga odamzod keldi deb quvonadi va chekkan dardini unutib yuboradi.

22 Shunga o`xshash sizlar ham endi g`am-qayg`u chekyapsizlar. Lekin Men sizlarni yana ko`raman va yuragingiz quvonchga to`ladi. Quvonchingizni esa sizlardan hech kim tortib olmaydi.

23 O`sha kuni Mendan hech narsa so`ramaysizlar. Sizlarga rostini aytayin: agar Mening nomimdan Otadan nima so`rasangizlar, O`zi sizlarga beradi.

24 Hozirgacha Mening nomimdan Otadan biron narsa so`ramadingizlar. So`ranglar, erishasizlar va quvonchingiz kamol topadi.

25 Shu vaqtgacha sizlarga ramz bilan gapirib keldim. Lekin shunday bir vaqt keladiki, endi sizlarga ramz bilan gapirmay, Otam haqida ochiq xabar qilaman.

26 O`sha kuni istaganingizni Mening nomimdan so`raysizlar. Men esa sizlar uchun Otamdan iltimos qilaman, deb aytmayapman.

27 Otamning O`zi sizlarni sevadi, chunki sizlar Meni sevib, Xudo huzuridan chiqqanimga ishondingizlar.

28 Men Otamning huzuridan chiqib, dunyoga keldim. Endi yana dunyoni tark etib, Otamning oldiga ketmoqdaman.

29 Mana, hozir Sen ochiq so`zlayapsan, hech ramz qo`llamayapsan, - deyishdi shogirdlar Isoga.

30 Hozir ko`rib turibmizki, Sen hammasini bilasan. Biron-bir kishining savol berishiga ham muhtoj emassan. Ana shuning uchun biz Sen Xudo huzuridan chiqqaningga ishonamiz.

31 Endi ishonasizlarmi? – dedi Iso ularga.

32 Mana, har biringiz o`z tomoningizga to`zib, Meni yolg`iz qoldiradigan vaqt-soat keladi va hatto keldi ham. Biroq Men yolg`iz emasman, chunki Otam Men bilandir.

33 Bularni sizlarga Menda hotirjam bo`lishingiz uchun aytdim. Dunyoda qayg`u-alam chekasizlar; lekin dadil bo`linglar, Men dunyoni yengdim.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21