Menyu

Yuhanno xushxabari 9 Bob


1 Iso o`tib ketayotganida Uning ko`ziga bir tug`ma ko`r odam chalindi.

2 Shogirdlari Isodan: Ustoz, buning ko`r bo`lib tug`ilishida kim gunohkor, o`zimi yoki ota-onasimi? – deb so`radilar.

3 Iso shunday javob berdi: Bunda na o`zi gunohkor, na ota-onasi, balki Xudoning ishlari unda namoyon bo`lishi uchun u ko`r tug`ilgan.

4 Kun yorug` ekan, Meni Yuborganning ishlarini qilishim lozim. Ana tun kelyapti, o`shanda hech kim ish qila olmaydi.

5 Men olamda bor ekanman, olamning nuridirman.

6 Iso bularni aytdi-yu, yerga tupurdi, tupukdan loy qilib, ko`rning ko`zlariga surtdi.

7 Borib Siloam hovuzida yuvin, dedi unga. Ko`r odam borib yuvindi va ko`zi ochilib qaytdi.

8 Shunda uning qo`shnilari va ilgari uning ko`r bo`lib o`tirganini ko`rgan odamlar: bu haligi tilamchilik qilib o`tirgan ko`r odam emasmi? – deb so`rashardi.

9 Ba`zilar: Bu xuddi o`sha, desalar, boshqalar: o`shanga o`xshaydi, deyishardi. Odamning o`zi esa: O`sha menman, - deb ta`kidlardi.

10 Unday bo`lsa, ko`zlaring qanday ochildi? – deb so`radilar.

11 Iso degan Kishi tupukdan loy qilib ko`zlarimga surtdi-yu, “Borib Siloam hovuzida yuvin”, dedi. Men borib yuvindim va ko`radigan bo`lib qoldim, - dedi u odam.

12 U qayerda? – deb so`radilar. Bilmayman, - deb javob berdi u.

13 Ilgari ko`r bo`lgan o`sha odamni farziylarning oldiga keltirishdi.

14 O`sha kuni yahudiylarning dam olish kuni edi. Bunga qaramay, Iso loy qilib, ko`r odamning ko`zlarini ochgan edi.

15 Binobarin, farziylar ham ko`rdan ko`zlari qanday ochilganini so`radilar. U ko`zlarimga loy surtdi. Men yuvindim-u, ko`zlarim ko`radigan bo`ldi, - dedi haligi odam.

16 Bu Odam Xudodan emas, chunki U dam olish kuniga rioya qilmayapti, - dedi ba`zi farziylar. Boshqalari esa: Gunohkor odam bunday mo``jizalarni qanday qila oladi? – deyishdi. Shunday qilib, oralarida nifoq paydo bo`ldi.

17 Ko`zlaringni ochgan u Kishi haqida sen nima deysan? – deb so`rashdi yana ko`r odamdan. U payg`ambar, - dedi o`sha.

18 Biroq yahudiy din arboblari ko`zlari ochilgan odamning ota-onasini chaqirtirmaguncha, uning ilgari ko`r bo`lganiga va ko`zlari ochilganiga ishonmadilar.

19 Ota-onasi keldi. Ko`r tug`ilgan, deb aytgan o`g`lingiz shumi? Xo`sh, endi qanday qilib uning ko`zlari ko`ryapti? – deb so`rashdi ota-onasidan.

20 Ota-onasi javob berishdi: Bu bizning o`g`limiz, uning ko`r tug`ilganini bilamiz.

21 Lekin qanday qilib ko`zlari ko`rayotganini, ko`zlarini kim ochganini biz bilmaymiz. U balog`at yoshida, o`zidan so`ranglar. O`zi uchun o`zi javob bersin.

22 Ko`rning ota-onasi yahudiy din arboblaridan qo`rqqanlari uchun bunday aytdilar. Din arboblari bundan avval, kim Isoning Masihligini tan olsa, ibodatxonadan badarg`a qilinsin, degan fatvoni chiqargan edilar.

23 Ana shu sababdan ko`rning ota-onasi: “U balog`at yoshida, o`zidan so`ranglar”, - deyishdi.

24 Shunday qilib, ilgari ko`r bo`lgan odamni ikkinchi marta chaqirishdi: Xudoni ulug`la! Biz U Odamning gunohkorligini bilamiz, - deyishdi.

25 U gunohkormi, yo`qmi, men bilmayman, - deb javob berdi u. – Men shuni bilamanki, men ko`r edim, endi esa ko`zlarim ko`ryapti.

26 U senga nima qildi? Ko`zlaringni qanday ochdi? – deb yana undan so`radilar.

27 Oldin ham men sizlarga aytgan edim-ku, ammo sizlar quloq solmayapsizlar! Yana nima xohlaysizlar? Nahotki sizlar ham Uning shogirdlari bo`lmoqchisizlar? – dedi u odam.

28 Yahudiy din arboblari esa uni jerkib: Sen Uning shogirdi, biz Musoning shogirdlarimiz.

29 Biz bilamizki Musoga Xudo gapirgan. Bu Kishi-chi, Uning qayerdanligini ham bilmaymiz, - deyishdi.

30 Ana shunisi juda ajablanarli-da! – dedi ularga ko`zi ochilgan odam. – Sizlar Uning qayerdanligini bilmaysizlar, ammo ko`zlarimni ochgan ana Shuning O`zi!

31 Ma`lumki, gunohkorlarga Xudo quloq solmaydi. Biroq kim Xudodan qo`rqib, Uning irodasiga amal qilsa, Xudo uni tinglaydi.

32 Tug`ma ko`rning ko`zlarini birov ochganligi dunyoda eshitilmagan gap.

33 Agar U Kishi Xudodan bo`lmaganida, hech narsa qilolmasdi.

34 Yahudiy din arboblari bunga javoban: Sen o`zing butunlay gunoh ichida tug`ilgan ekansan-u, endi bizlarga aql o`rgatyapsanmi? – deyishdi-da, uni quvib chiqarishdi.

35 U odamning quvib chiqarilganini Iso eshitdi-yu, uni axtarib topdi. Sen Xudoning O`g`liga ishonasanmi? – deb so`radi undan. U odam Isoga:

36 Hazrat, - dedi, - U kimdirki, men Unga ishonsam?

37 Sen Uni ko`rding, mana sen gaplashayotgan – O`shaning O`zi, - dedi Iso.

38 Shunda u odam: Ishonaman, yo Rabbiy, - dedi-da, Isoga sajda qildi.

39 Iso: Ko`rlar ko`rsin, ko`zi ochiqlar esa ko`r bo`lsin, deb Men bu dunyoni hukm qilgani kelganman, - dedi.

40 Uning atrofida ba`zi farziylar turgan edi. Ular bu gapni eshitgach: Nahotki bizlar ham ko`r bo`lsak? – deb so`rashdi.

41 Iso ularga dedi: Agar ko`r bo`lganingizda, gunohingiz bo`lmas edi. Lekin sizlar “Ko`zlarimiz ko`ryapti”, deganingiz uchun, gunohingiz o`z bo`yningizda qoladi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21