Yuhanno xushxabari 11 Bob
1 Baytaniya degan qishloqda Lazar ismli bir odam kasal yotgan edi. Maryam va Marta nomli opa-singil ham shu qishloqda yashar edilar.
2 Rabbimiz Isoga atir moy surtgan va Uning oyoqlarini sochi bilan artib quritgan o`sha Maryam edi. Kasal yotgan Lazar esa Maryamning akasi edi.
3 Opa-singil Isoga: Hazrat, Sening aziz do`sting kasal bo`lib yotibdi, - deb xabar yetkazishdi.
4 Iso buni eshitib: Bu kasallik o`lim bilan yakunlanmaydi, balki Xudoning ulug`lanishiga, shuningdek, Xudo O`g`lining ulug`lanishiga sabab bo`ladi, - dedi.
5 Iso Marta va uning singlisini hamda Lazarni sevar edi.
6 Ammo Lazarning bemor bo`lib yotganini bilsa ham, o`sha joyda yana ikki kun qoldi.
7 Bundan so`ng U shogirdlariga: Yana Yahudiyaga boramiz, - dedi.
8 Ustoz, - dedi shogirdlari, - yaqindagina yahudiyaliklar Seni toshbo`ron qilmoqchi edilar-ku! Endi yana u yerga bormoqchimisan?
9 Iso javob berdi: Kunduz o`n ikki soat-ku! Kim yorug`da yursa, qoqilmaydi, chunki bu dunyoning yorug`ini ko`radi.
10 Kechasi yurgan esa qoqiladi, chunki yorug`lik u bilan emas.
11 Bu so`zlarini aytib bo`lib, ularga yana dedi: Do`stimiz Lazar uxlab qoldi. Men uni uyg`otgani ketyapman.
12 Hazrat, agar uxlab qolgan bo`lsa, tuzalib ketadi, dedi shogirdlari.
13 Iso Lazarning o`limini nazarda tutgan edi. Shogirdlar esa Iso odatdagi uyqu to`g`risida gapirdi, deb o`yladilar.
14 Keyin Iso ularga ochig`ini aytdi: Lazar vafot etdi.
15 Men sizlar uchun xursandmanki, o`sha yerda yo`q edim, chunki bu sizlarning imon topishingizga yaraydi. Qani endi yuringlar, uning oldiga boraylik.
16 Shunda “Egiz” laqabli To`ma boshqa shogirdlarga: Qani yuringlar, biz ham U bilan o`lamiz! – dedi.
17 Iso u yerga yetib borib bildiki, Lazarning dafn qilinganiga to`rt kun bo`lgan ekan.
18 Baytaniya qishlog`i Quddusdan yaqin uch chaqirimcha yerda.
19 Ko`p yahudiylar Marta bilan Maryamning oldiga akasining vafoti munosabati ila tasalli berish uchun borgan edilar.
20 Marta Isoning kelayotganini eshitib, Uni kutib olgani chiqdi. Maryam esa uyda o`tirar edi.
21 Hazrat! – dedi Marta Isoga. – Agar Sen bu yerda bo`lganingda edi.
22 Ammo hozir ham bilaman, Sen Xudodan nima so`rasang, Xudo Senga beradi.
23 Sening akang tiriladi, - dedi Iso.
24 Bilaman, qiyomatda, oxiratda tiriladi, - dedi Marta.
25 Iso unga dedi: Men tirilish va hayotdirman. Menga ishongan odam o`lsa ham yashaydi.
26 Kimda-kim Menga ishonib yashasa, to abad o`lmaydi. Bunga ishonasanmi?
27 Ha, Rabbim, - dedi Marta, Sen olamga keladigan Masih, Xudoning O`g`lisan, deb ishonaman.
28 Shunday dedi-yu, Marta borib singlisi Maryamni yashirincha chaqirdi. Ustoz shu yerda, U seni chaqiryapti, - dedi Maryamga.
29 Maryam buni eshitgach, shoshib o`rnidan turdi-da, Isoning oldiga jo`nadi.
30 Iso hali qishloqqa kirmagan, Marta Uni kutib olgan joyda poylab turar edi.
31 Maryam bilan uyda qolgan, unga tasalli berayotgan yahudiylar uning shoshilib o`rnidan turib tashqariga chiqqanligini ko`rishdi. Maryam yig`lagani qabrga ketyapti, deb o`ylashib, uning orqasidan ketaverishdi.
32 Maryam Iso turgan yerga yetib kelib Uni ko`rdi-yu, oyoqlariga o`zini tashlab: Hazrat! – dedi, - agar Sen shu yerda bo`lganingda, Mening akam o`lmas edi!
33 Maryam ham, u bilan kelgan yahudiylar ham yig`layotgan edilar. Iso buni ko`rib, qattiq iztirobga tushdi, ko`ngli o`rtanib ketdi.
34 Uni qayerga qo`ydingizlar? – deb so`radi. Borib ko`rgin! – dedilar.
35 Isoning ko`zi yoshlandi.
36 Yahudiylar: Qarang, uni naqadar sevar ekan! – deyishdi.
37 Lekin ulardan ba`zilari: Ko`rning ko`zlarini ochgan bu Kishi nahot uning o`lmay qolishi uchun biror narsa qilolmagan bo`lsa? – dedilar.
38 Iso tag`in qattiq iztirob chekib, qabr oldiga keldi. Qabr bir g`or bo`lib, uning og`zida tosh yotgan edi.
39 Iso: Toshni ko`taringlar! – dedi. Marhumning singlisi Marta Unga: Hazrat, u qabrga qo`yilganiga to`rt kun bo`ldi, endi hidlanib qolgan, - dedi.
40 Agar ishonsang, Xudoning ulug`vorligini ko`rasan, deb senga aytgan edim-ku, - dedi Iso.
41 Shunday qilib, marhum yotgan g`or og`zidan toshni ko`tarib oldilar. Iso esa osmonga ko`z tikkancha: Ey Ota! – dedi, - Meni eshitganing uchun Senga tashakkur bildiraman.
42 Sen Meni doimo eshitishingni bilaman-u, lekin bu so`zlarni shu yerda turgan xalq uchun, ular Meni Sen yuborganingga ishonsin deb aytdim.
43 Shunday dedi-yu, baland ovoz bilan xitob qildi: Lazar tashqariga chiq!
44 Shu payt qo`lu oyoqlari doka bilan bog`langan, yuzi ro`mol bilan o`ralgan jasad chiqib keldi. Uni yechintirib, qo`yinglar, ketaversin, - dedi Iso odamlarga.
45 Maryamni yo`qlagani kelgan yahudiylardan ko`pi Isoning qilgan ishini ko`rib, Unga ishonishdi.
46 Ammo ba`zilari farziylarning oldiga borib, Isoning qilganlarini aytib berishdi.
47 Shundan keyin oliy ruhoniylar va farziylar kengashga yig`ilishdi. Biz nima qilaylik? Bu Odam juda ko`p mo``jizalar yaratib yuribdi-ku! – deyishdi o`zaro.
48 Agar Uni o`z erkiga qo`yib bersak, hamma Unga ishonib ketadi. Rimliklar kelib, muqaddas joyimizni ham, xalqimizni ham bosib oladilar.
49 Ulardan biri, shu yili bosh oliy ruhoniy bo`lgan Kayafa so`z oldi: Sizlar hech narsani bilmaysizlar.
50 Butun millat halok bo`lganidan ko`ra, bitta kishi xalq uchun o`lishi biz uchun yaxshiroq ekanini o`ylamadingizlarmi?
51 Bu so`zlar undan o`zicha chiqmagan edi. U shu yili bosh oliy ruhoniy sifatida karomat qilib, Iso xalq uchun o`lishini oldindan aytgan edi.
52 Amalda Iso yolg`iz yahudiy xalqi uchungina emas, balki tarqalib gumroh bo`lgan barcha Xudo farzandlarini ham yig`ib birlashtirish uchun o`lishi kerak edi.
53 Shunday qilib, o`sha kundan boshlab Isoni o`ldirishga til biriktirdilar.
54 Iso esa endi yahudiylar orasida ochiq yurolmaydigan bo`lib qoldi. U yerdan sahro yaqinidagi Efraim shahriga bordi. O`sha joyda O`zining shogirdlari bilan qoldi.
55 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqin edi. Mamlakatning hamma yog`idan el-ulus bayramdan odin poklanish uchun Quddusga borishardi.
56 Shu vaqtda Isoni izladilar. Ma`badda yig`ilib turganlar o`zaro: “Qanday o`ylaysizlar, FU bayramga kelarmikan?” – deb so`rab-surishtirar edilar.
57 Oliy ruhoniylar va farziylar esa Isoni qo`lga olish niyatida yurib: “Kim Uning qayerdaligini bilib qolsa, xabar qilsin”, degan farmon chiqardilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21