Yuhanno xushxabari 7 Bob
1 Shundan keyin Iso Jalilada yurar edi. Yahudiy mansabdorlari Uni o`ldirishga qasd qilganliklari uchun, Yahudiyada yurishni istamadi.
2 Yahudiylarning Chayla bayrami yaqinlashayotgan edi.
3 Shunday qilib, Isoning ukalari Unga: Bu yerdan chiqib, Yahudiyaga bor, qilayotgan ishlaringni shogirdlaring ham ko`rsin.
4 O`zini mashhur qilmoqchi bo`lgan har bir kishi yashirincha ish qilib yurmaydi-ku! Sen bu ishlarni qilayotgan bo`lsang, qani O`zingni dunyoga oshkor qilib ko`r, - deyishdi.
5 Hatto ukalari ham Unga ishonmas edilar.
6 Iso ularga shunday dedi: Mening vaqt-soatim hali kelgani yo`q, lekin sizlar uchun har vaqt qulaydir.
7 Dunyo sizlardan nafratlana olmaydi, lekin Mendan nafratlanadi. Chunki Men uning qilmishlari yomonligini fosh qilaman.
8 Mayli, sizlar bayramga boringlar. Men hozircha bu bayramga bormayman, chunki Mening vaqtim bo`lgani yo`q.
9 Shu so`zlarni aytib, Iso Jalilada qoldi.
10 Isoning ukalari bayramga borgandan so`ng, O`zi ham bordi; faqat ochiq emas, yashirincha bordi.
11 Yahudiy mansabdorlari esa Isoni bayramda qidirar, “U qayoqda?”- deb so`rab-surishtirar edilar.
12 Omma orasida Iso to`g`risida har xil gap-so`zlar yoyilayotgan edi. Ba`zilari: “U yaxshi Odam”, - desalar, boshqalari: “Yo`q, U xalqni yo`ldan ozdiryapti”, - deyishardi.
13 Biroq yahudiy mansabdorlaridan qo`rqqanlari uchun U haqda hech kim ochiq gapirmas edi.
14 Bayramning yarmi o`tganda, Iso ma`badga kirib ta`lim bera boshladi.
15 Shunda yahudiy mansabdorlari: Bu odam o`qimagan bo`lsa, qanday qilib Muqaddas Bitiklarni biladi? – deb taajjublandilar. Iso ularga javoban aytdi:
16 Mening ta`limotim O`zimniki emas, balki Meni Yuborgannikidir.
17 Kim Uning irodasini bajarishni istasa, bu ta`limot Xudodanmi, yoki Men O`zimdan gapiryapmanmi, bilib oladi.
18 Kim o`z nomidan gapirsa, o`ziga ulug`lik izlaydi. Kim uni yuborganga ulug`lik izlasa, u haqqoniydir, uning dilida biron nohaqlik yo`q.
19 Tavrotni sizlarga Muso payg`ambar bermadimi? Shunga qaramay, birortangiz ham Tavrot Qonuniga qarab ish yuritmaysiz. Nima uchun Meni o`ldirmoqchisizlar?
20 Seni jin uribdi! Kim Seni o`ldirmoqchi ekan? – dedi xaloyiq.
21 Iso esa O`z so`zida davom etdi: Men bitta ish qildim, hammangiz bunga hayron qolyapsizlar.
22 Muso sizlarga sunnatni buyurgan, sizlar esa dam olish kunida o`g`il bolani sunnat qilasizlar.
23 Musoning Qonuni buzilmasin deb, hatto dam olish kuni o`g`il bola sunnat qilinadigan bo`lsa, nega sizlar Menga dam olish kuni odamzodni butunlay sog`aytirdi, deb g`azab qilasizlar?
24 Yuzaki hukm qilmanglar, hukmingiz adolatli bo`lsin.
25 Shunda ba`zi quddusliklar gapga kirdi: O`ldirish uchun qidirib yurishgan Shu emasmi?
26 Mana u bemalol so`zlayapti, Unga qarshi hech kim hech narsa demayapti. Nahotki boshliqlar Uning haqiqiy Masih ekanligiga tan berishgan bo`lsa?
27 Axir, Buning qayerdanligini hammamiz bilamiz-ku, biroq Masih kelganda, Uning qayerdanligini hech kim bilmaydi.
28 Bunga javoban Iso ma`badda ovozini baland qilib, shunday ta`lim bera boshladi: Sizlar Mening kimligimni ham, qayerdanligimni ham bilasizlar. Lekin Men O`z-O`zimdan kelganim yo`q. Meni Haq yuborgan, sizlar Uni bilmaysizlar.
29 Men Uni bilaman, chunki Men Uning oldidan kelganman, Meni O`sha yuborgan.
30 Bu so`zi uchun Isoni ushlashga intildilar. Biroq hech kim Unga qo`l uzatmadi, chunki Uning vaqt-soati hali kelmagan edi.
31 Shu bilan birga, olomondagi ko`pgina odamlar Unga imon keltirdi. Ular: Masih kelganda bundan ham mo``jiza yaratarmikin? – deyishardi.
32 Iso to`g`risida xalq orasida bunday gap-so`zlar tarqalayotganini farziylar eshitib, oliy ruhoniylar bilan til biriktirishdi-da, Isoni qo`lga olish uchun mirshablarni yuborishdi.
33 Iso dedi: Men sizlar bilan uzoq bo`lmayman, yana Meni Yuborganning oldiga qaytib boraman.
34 Sizlar Meni izlaysiz-u, lekin topolmaysizlar. Men qayerda bo`lsam, sizlar u yerga borolmaysiz.
35 Shu payt yahudiylar: U qayerga bormoqchi, biz Uni topolmas ekanmiz? – deyishdi o`zaro. – Nahotki U yunonlar orasida tarqalib ketgan yahudiylar oldiga borib, yahudiylarga ham, yunonlarga ham ta`lim bermoqchi bo`lsa?
36 “Sizlar Meni izlaysiz-u, lekin topolmaysizlar, Men qayerda bo`lsam, sizlar u yerga borolmaysizlar”, degan gaplarining mazmuni nima ekan?
37 Bayramning oxirgi, ulug` kunida Iso tik turdi-da, ovozini baland qilib xitob qildi: Kim chanqagan bo`lsa, Mening oldimga kelib ichsin.
38 Muqaddas Bitikda aytilganidek, Menga ishonganning vujudidan hayotbaxsh suv daryo bo`lib oqadi.
39 Iso bunday deb, Muqaddas Ruhni nazarda tutgan edi; Unga ishonganlar Muqaddas Ruhni yaqin orada olishlari kerak edi. Iso hali ulug`vorlikka yuksalmagan, shuning uchun Muqaddas Ruh hanuz tushmagan edi.
40 Olomon ichidan ba`zilar bu so`zlarni eshitib: Haqiqatan bu O`sha payg`ambar, - dedilar.
41 Boshqalari: Bu Masih, - deyishsa, yana bo`laklari: Masih Jaliladan kela oladimi?
42 Tavrotda, Masih Dovudning urug`i bo`ladi, U Dovudning yurti – Baytlahmdan chiqib kelishi lozim, deb yozilmaganmi? – deyishdi.
43 Shu tariqa Iso tufayli xalq orasida nizo yuzaga keldi.
44 Ba`zilar Uni tutmoqchi bo`lishdi, ammo hech kim Unga qo`l ko`tarmadi.
45 Shu payt mirshablar oliy ruhoniylar va farziylar oldiga qaytib kelishdi. Nega Uni olib kelmadinglar? – deb so`rashdi ulardan.
46 Dunyoda hech kim bu Odamday gapirmagan, - dedi mirshablar.
47 Bo`lmasa, sizlar ham yo`ldan ozipsizlar-da! – deyishdi farziylar.
48 Boshliqlar yoki farziylardan birontasi Unga ishonganmikin?
49 Lekin Tavrotni bilmagan bu johil ommaga la`natlar bo`lsin!
50 Farziylardan Nikodim nomli biri, avval tunda Isoning oldiga kelgan odam, so`z oldi:
51 Ayblanuvchining O`zini oqlashiga imkon bermay, Uning ishini tergab aniqlamay mahkum qilish bizning Tavrot Qonunimizga mosmikin?
52 Nahotki sen ham Jaliladan bo`lsang? Yaxshilab o`ylab ko`r, Jaliladan payg`ambar chiqmasligi aniq, - deyishdi unga.
53 Shundan keyin hammalari uy-uylariga tarqalib ketdilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21