Menyu

Yuhanno xushxabari 3 Bob


1 Yahudiy boshliqlaridan Nikodim ismli bir odam bor edi, u farziylar mazhabida edi.

2 Bu odam bir kun kechasi Isoning oldiga kelib, Unga dedi: Ustoz! Sen Xudodan kelgan bir muallim ekaningni biz bilamiz, chunki hech kim, agar Xudo u bilan bo`lmasa, Sen qilayotgan mo``jizalarni qilolmaydi.

3 Iso unga shunday javob berdi: Senga rostini aytay: agar kim yuqoridan tug`ilmasa, Xudo saltanatini ko`rolmaydi.

4 Keksa odam yana qanday tug`ila oladi? Onasining qorniga ikkinchi gal kirib tug`ila oladimi? – deb so`radi Nikodim.

5 Iso javob berdi: Senga rostini aytay: agar kim suvdan va ruhdan tug`ilmas ekan, Xudo saltanatiga kirolmaydi.

6 Tanadan tug`ilgan tanadir, ruhdan tug`ilgan esa ruhdir.

7 Sizlar yuqoridan tug`ilishingiz kerak, deganimga taajjublanma.

8 Shamol istagan joyida esaveradi. Uning tovushini eshitasan-u, lekin qaysi tomondan kelib, qaysi tomonga ketishini bilmaysan. Ruhdan tug`ilgan har bir kishida ham shunday bo`ladi.

9 Bu qanday bo`lishi mumkin? – so`radi Nikodim.

10 Iso unga javob berdi: Sen Isroilning ustozisan-ku axir, nega buni bilmaysan?

11 Senga rostini aytay: biz bilganimizni so`zlaymiz, ko`rganimiz haqida shahodat beramiz. Lekin sizlar Bizning shahodatimizni qabul qilmayapsizlar.

12 Agar sizlar yerdagi narsalar haqida aytganlarimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar to`g`risida gapirganlarimga qanday ishonasizlar?

13 Osmonda turadigan va osmondan tushgan Inson O`g`lidan boshqa hech kim osmonga chiqqan emas.

14 Muso sahroda ilonni qanday yuqoriga ko`targan bo`lsa, Inson O`g`li ham xuddi shunday yuqoriga ko`tarilishi kerak.

15 Shu tariqa Unga ishongan har bir kishi halok bo`lmay, abadiy hayotga erishadi.

16 Zero Xudo olamni shunchalik sevdiki, O`zining yagona O`g`lini berdi, ioki Unga ishongan har biri kishi halok bo`lmasin, balki abadiy hayotga ega bo`lsin.

17 Xudo olamni hukm qilish uchun emas, balki O`g`li orqali qutqarish uchun O`g`lini dunyoga yubordi.

18 Unga ishongan odam hukm qilinmaydi. Unga ishonmagan odam esa allaqachon mahkum bo`lgan. Chunki u Xudoning yagona O`g`li ismiga ishonmagan.

19 Ilohiy hukm shundan dalolatdirki, olamga nur kelgan bo`lsa ham, odamlar nurdan ko`ra zulmatni a`lo ko`rdilar; chunki ularning qilmishlari yomonlik edi.

20 Kimki yomonlik qilib yursa, nurni yomon ko`radi, yomon qilmishlari fosh bo`lib qolmasligi uchun nurga qarab yurmaydi.

21 Kimki haqiqat yo`lini tutsa, nurga qarab yuradi, toki Xudoga tayanib qilgan ishlari oshkora bo`lsin.

22 Shundan keyin Iso bilan shogirdlari Yahudiya yurtiga keldilar. Iso ular bilan bir muddat u yerda qolib, odamlarni suvga cho`mdirib, tavba qildirar edi.

23 Yahyo ham Salim yaqinidagi Eynon yerida xalqni daryoga cho`mdirib yurgan edi. U yer sersuv bo`lib, odamlar oqib kelar edi.

24 Yahyo esa hali zindonga tashlanmagan edi.

25 Shu mahal Yahyoning shogirdlari bilan yahudiy mansabdorlari orasida tahorat haqida bahs bo`ldi.

26 Oxiri Yahyoning oldiga borib dedilar: Ustoz! O`rdun daryosining narigi bo`yida sen bilan bo`lgan, sen guvohlik bergan Odam bor-ku, o`sha Odam endi xalqni suvda tavba qildirib yuribdi, hamma ham Uning oldiga borishyapti.

27 Bunga javoban Yahyo dedi: Agar osmondan nasib bo`lmasa, inson hech narsani sig`dira olmaydi.

28 Men Masih emasman-u, faqat Uning oldidan yuborilganman, deb aytganimga o`zingiz guvohsizlar.

29 Kelin kimga tegishli bo`lsa, kuyov o`shadir. Lekin kuyovning yonida turib unga quloq solgan do`sti kuyovning ovozini eshitiboq, sevinib quvonadi. Xuddi shunday mening quvonchim endi komil bo`ldi.

30 Masih ulg`ayishi, men esa pasayishim kerak.

31 Yuqoridan kelgan Zot hammadan ustundir. Yerdan bo`lgan yerga mansubdir va yerga xos gapiradi. Osmondan Kelgan esa hammadan ustundir.

32 U ko`rgan va eshitgani haqida guvohlik beradi, ammo hech kim Uning guvohligini tan olmaydi.

33 Uning guvohligini tan oluvchi kishi esa Xudoning haqligini tasdiqlaydi.

34 Xudo yuborgan Zot Xudoning so`zlarini gapiradi; Xudo O`z Ruhini cheksiz-o`lchovsiz beradi.

35 Ota O`g`lini sevadi, U hamma narsani Uning qo`liga topshirgan.

36 Kimki Xudo O`g`liga ishonsa, abadiy hayotga erishadi. O`g`ilga ishonmagan odam esa hayot ko`rmay, Xudoning g`azabiga uchraydi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21