Menyu

Yuhanno xushxabari 18 Bob


1 Bu so`zlarni aytgandan so`ng, Iso O`z shogirdlari bilan u yerdan chiqib, Qidron soyining narigi bo`yiga o`tdi. O`sha yerda bir bog` bor edi. Iso shogirdlari bilan boqqa kirdi.

2 Isoning xoini Yahudo ham o`sha joyni bilar edi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez-tez uchrashib turar edi.

3 Shunday qilib, Yahudo bir to`da askarlarni hamda oliy ruhoniylar va farziylar tomonidan yuborilgan mirshablarni olib, u yerga keldi. Qo`llarida mash`alu fonuslar, qurol-yarog`lar bor edi.

4 Iso O`z boshiga keladigan hamma narsani bilar edi. U odamlarga peshvoz chiqib, so`radi: Kimni qidiryapsizlar?

5 Nosiralik Isoni, - deb javob berishdi ular. U Menman, - dedi Iso. Isoning xoini Yahudo ularning o`rtasida turgan edi.

6 Iso “U Menman” deyishi bilanoq ular orqaga tislanib, yerga yiqilishdi.

7 Iso ulardan yana so`radi: Kimni qidiryapsizlar? Nosiralik Isoni, - dedilar.

8 Sizlarga aytdim-ku, U Menman. Agar Meni qidirayotgan bo`lsangizlar, shularni qo`yib yuboringlar, ketaverishsin, - dedi ularga Iso.

9 Uning ilgari: “Sen Menga bergan kishilardan hech birining halok bo`lishiga yo`l qo`ymadim”, degan so`zlari shu bilan bajo bo`ldi.

10 Shu onda Simun Butrus yonidagi qilichini qinidan sug`urdi-da, oliy ruhoniyning qaroliga bir urib, o`ng qulog`ini uzib yubordi. Qarolning ismi Malik edi.

11 Iso Butrusga: Qilichingni qiniga solib qo`y! Nahotki Menga Otam bergan taqdir sharobini ichmasam? – dedi.

12 Shu zahoti askarlar bilan bo`linma qo`mondoni va yahudiy mansabdorlarining qarollari Isoni ushlab, bog`lab qo`yishdi.

13 Uni oldin Hanan oldiga olib kelishdi. Hanan shu yilgi bosh oliy ruhoniy bo`lgan Kayafaning qaynatasi edi.

14 Bu – yahudiy mansabdorlariga: “Xalq uchun bitta kishining o`lishi yaxshiroq”, deb maslahat bergan Kayafa edi.

15 Isoning orqasidan Simun Butrus va yana boshqa bir shogird ergashib borishar edi. Bu shogird oliy ruhoniyga tanish edi, u Iso bilan bemalol oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi.

16 Butrus esa tashqarida, eshikning oldida turardi. Keyinroq oliy ruhoniyga tanish bo`lgan shogird yana tashqariga chiqdi-da, darvozabon ayolga biror narsa deb, Butrusni ichkariga olib kirdi.

17 Shunda darvozabon cho`ri Butrusdan: Sen ham U Odamning shogirdlaridan emasmisan? – deb so`radi. Yo`q! – dedi Butrus.

18 Havo sovuq bo`lgani uchun u yerda turgan qarollar bilan mirshablar ko`mir yoqib, isinayotgan edilar. Butrus ham ular bilan isinib turar edi.

19 Shu paytda oliy ruhoniy Isoga O`z shogirdlari va ta`limotiga taalluqli savollar berar edi.

20 Iso unga javob berdi: Men elu olamga ochiq so`zladim. Har doim yahudiylar yig`iladigan ibodatxonalarda va ma`badda ta`lim berib yurdim, hech yashirincha gap aytmadim.

21 Nega Meni so`roq qvilyapsan? Mening nutqlarimni eshitganlardan so`rab bilgin, gapirganlarimni ular bilsa kerak.

22 Iso bularni aytib bo`lgan ham ediki, yaqin turgan mirshablardan biri: Oliy ruhoniyga ham shunday javob berasanmi? – dedi-yu, Isoning yuziga tushirdi.

23 Iso bunga javoban: Agar Men yomon gap gapirgan bo`lsam, yomonligini ko`rsat. Agar to`g`ri aytgan bo`lsam, nega Meni urasan? – dedi.

24 Shundan keyin Hanan Isoni bog`langan holda oliy ruhoniy Kayafa qoshiga yubordi.

25 Simun Butrus hamon isinib turgan edi. Sen ham Uning shogirdlaridan emasmisan? – deb so`rashdi undan. Yo`q! – deb tondi u.

26 Oliy ruhoniyning qarollaridan biri Butrus qulog`ini uzib yuborgan odamning qarindoshi edi. Bu qarol Butrusga yana: Seni bog`da U bilan ko`rdim, shekilli? – dedi.

27 Butrus esa yangidan tondi. Naq shu payt xo`roz qichqirdi.

28 Tong yorishgan edi. Yahudiy mansabdorlari Isoni Kayafa oldidan mahkamaga olib bordilar. Ular Fisih bayram taOmini yemaguncha harom bo`lishdan qo`rqib, mahkamaga kirmadilar.

29 Shu sababli Pilat tashqariga, ularning oldiga chiqdi. Bu Odamga qarshi qanday aybni qo`ymoqdasizlar? – deb so`radi.

30 Agar U jinoyatchi bo`lmaganida, Uni sening qo`lingga topshirmas edik, - deb javob berishdi ular.

31 Uni o`zlaringiz olinglar-da, o`z Qonuningiz bo`yicha hukm qilaveringlar, - dedi Pilat. Bizga hech kimni qatl qilishga ijozat berilmagan, - deyishdi unga yahudiylar.

32 Bu gaplar esa Isoni O`zining qanday o`lishi haqida aytganlarini tasdiqladi, Uning karomatlari bajo bo`lishi kerak edi.

33 Shunday qilib, Pilat yana mag`kamaga kirdi va Isoni chaqirdi: Sen yahudiylarning Podshohimisan? – deb so`radi.

34 Bu gap O`zingdan chiqdimi, yoki boshqalar senga Men to`g`rimda aytishdimi? – deb so`radi Iso.

35 Nima, men yahudiymanmi? Axir, O`z xalqing, O`z oliy ruhoniylaring Seni menga topshirishdi. Sen nima ish qilib qo`yding? – dedi Pilat.

36 Iso javob berdi: Mening Shohligim bu dunyodan emas. Agar Shohligim bu dunyodan bo`lganda edi, yahudiy mansabdorlari qo`liga tushmasligim uchun Mening qarollarim kurashar edilar. Biroq endi Mening Shohligim bu yerdan emas.

37 Demak, Sen Podshoh ekansan-da? – dedi Pilat. Podshoh ekanimni o`zing aytding, - dedi Iso. – Men haqiqat to`g`risida shohidlik qilmooq uchun tug`ilganman, ana shu maqsadda olamga keldim. Kimki haqiqat tarafida bo`lsa, Mening ovozimni eshitadi.

38 Haqiqat nima? – so`radi Pilat. Buni aytdi-yu, yana tashqariga, yahudiylarning oldiga chiqdi. Men Undan hech qanday ayb topolmayapman, - dedi ularga.

39 Sizlarning bir odatingiz bor-ku, sizlar uchun Fisih bayramida bir mahbusni ozod qilib kelar edim. Shunga ko`ra, sizlar uchun yahudiylarning Podshohini ozod qilishimni istaysizlarmi?

40 Uni emas, Barabbani ozod qil! – deb hamma baravariga baqirdi. Barabba esa qaroqchi edi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21