Menyu

Yuhanno xushxabari 20 Bob


1 Haftaning birinchi kuni erta saharda, hali qorong`i paytda, magdalalik Maryam qabrning oldiga kelib, qabr og`zidagi toshning ag`darilganini ko`rdi.

2 U yugurib Simun Butrus va Isoning sevgan boshqa shogirdi oldiga keldi-da: Rabbimni qabrdan olib ketishibdi, Uni qayerga qo`yishganini bilmaymiz, - dedi.

3 O`sha zahoti Butrus va boshqa shogird qabr tomon jo`nashdi.

4 Ikkovi birga yugurib ketishdi. Ammo u shogird Butrusdan tezroq yugurib, qabrga birinchi bo`lib yetib keldi.

5 U engashib ichkariga ko`z tashladi, u yerda faqat kafan yotganini ko`rdi. O`zi qabrga kirmadi.

6 Uning orqasidan Simun Butrus yetib kelib, qabrga kirdi-yu, yotgan kafanni ko`rdi.

7 Isoning boshiga o`ralgan ro`mol esa kafan bilan birga emas, alohida joyga yig`ishtirib qo`yilgan edi.

8 Shunda avval kelgan shogird ham qabrga kirdi va ko`rib, ishonch hosil qildi.

9 Lekin Iso o`lib tirilishi kerak, degan oyatlarni ular hali tushunmas edilar.

10 Shundan so`ng shogirdlar yana o`z uylariga ketdilar.

11 Maryam esa qabrning oldida turganicha, yig`lar edi. Yig`layotib, bir egilib qabr ichiga nazar sodi.

12 Shunda oq kiyim kiygan ikki farishtani ko`rib qoldi. Biri Isoning jasadi yotgan joyning bosh tomonida, ikkinchisi esa oyoq tomonida o`tirgan edi.

13 Ular Maryamga: Ey ayol, nega yig`layapsan? – deyishdi. Rabbimni olib ketishibdi, Uni qayerga qo`yishganini bilmayman, - dedi u.

14 Shunday dedi-yu, orqasiga burilib, turgan Isoni ko`rdi. Lekin Uning Iso ekanligini bilmadi.

15 Ey ayol, nega yig`layapsan? Kimni qidiryapsan? – dedi Iso unga. Maryam Uni bog`bon deb o`yladi. Unga: Og`a, agar sen Uni olib ketgan bo`lsang, qayerga qo`yganingni menga ayt-chi, men Uni borib kelay, - dedi.

16 Iso unga: Maryam! – dedi. Rabuniy! – dedi Maryam Isoga qayrilib.

17 Menga qo`l tegizma! – dedi Iso Maryamga. – Men hali Otamning huzuriga chiqqanim yo`q. Sen borib birodarlarimga shunday deb aytgin: Men O`z Otam va sizlarning Otangizning, O`z Xudoyim va sizlarning Xudoyingizning huzuriga chiqib ketyapman.

18 Shunda magdalalik Maryam shogirdlarning oldiga borib: Men Rabbimni ko`rdim! – dedi, Iso unga nimalar aytganini gapirib berdi.

19 O`sha yakshanba kuni oqshomda shogirdlar to`plangan edilar. Ular yahudiy mansabdorlaridan qo`rqib, uyning eshiklarini qulflab qo`ygan edilar. Shu payt Iso kelib qoldi. U o`rtada turib shogirdlariga: Sizlarga tinchlik bo`lsin! – dedi.

20 Shunday deb, qo`l-oyoqlarini va biqinini ularga ko`rsatdi. Shogirdlar Rabbimizni ko`rdik, deb juda sevindilar.

21 Iso yana ularga dedi: Sizlarga tinchlik bo`lsin! Otam Meni qanday yuborgan bo`lsa, Men ham sizlarni shunday yuboryapman.

22 Shunday deb, ularning ustiga pufladi va: Muqaddas Ruhni olinglar, - dedi.

23 Kimning gunohlarini kechirsangizlar, u kechiriladi. Kimning gunohlarinikechirmasangizlar, u kechirimsiz qolaveradi.

24 O`n ikki shogirddan biri “Egiz” laqabli To`ma, Iso kelganda u yerda yo`q edi.

25 Boshqa shogirdlar unga: Biz Rabbimizni ko`rdik, - deyishdi. To`ma ularga shunday dedi: Men Uning qo`llaridagi mix chandiqlarini ko`rmagunimcha, Uning mix chandiqlariga o`z barmog`imni tegizmagunimcha, qo`limni Uning biqiniga qo`ymagunimcha, ishonmayman.

26 Sakkiz kundan so`ng Isoning shogirdlari yana uyda to`plangan edilar, To`ma ham ular bilan birga edi. Uyning eshiklari qulf bo`lgan vaqtda Iso keldi va o`rtalarida turib: Sizlarga tinchlik bo`lsin! – dedi.

27 Keyin To`maga qarab: Barmog`ingni bu yoqqa tekiz! Mening qo`llarimni ko`r, qo`lingni cho`zib biqinimga qo`y va imonsiz bo`lma, imonli bo`l! – dedi.

28 To`ma Isoga: Ey, mening Rabbim va Xudoyim! – deb javob berdi.

29 Iso unga shunday dedi: Sen Meni ko`rganing uchun ishonding. Ko`rmay ishonganlar qanday baxtlidirlar!

30 Iso bu kitobda yozilmagan boshqa bir talay ibratli mo``jizalarni O`z shogirdlariga ko`rsatdi.

31 Bular esa Iso – Xudoning O`g`li, Masih ekanligiga ishonishingiz uchun va ishonib, Uning nomi bilan hayotga erishishingiz uchun yozilgan.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21