Yuhanno xushxabari 2 Bob
1 Uchinchi kuni Jalilaning Kana shaharchasida nikoh to`yi bo`ldi. Isoning onasi ham u yerda edi.
2 Iso bilan shogirdlari ham to`yga taklif etilgan edilar.
3 Sharob tugab qolgach, Isoning onasi Unga: Ularda sharob qolmabdi, - dedi.
4 Iso unga: Mening ishimga aralashma, ayol. Mening vaqt-soatim hali yetgani yo`q, - dedi.
5 Shunda onasi xizmatchilarga: U sizlarga nimaiki desa, o`shani qilinglar, - dedi.
6 O`sha yerda yahudiylar tahoratda ishlatadigan, har biri ikki-uch sig`imli oltita tosh xum bor edi.
7 Iso xizmatchilarga: Xumlarni suvga to`ldiringlar, - dedi. Ular xumlarni limmo-lim to`ldirishdi.
8 Iso ularga: Endi cho`michlab olib, to`yboshiga olib boringlar, - dedi. Ular esa olib borishdi.
9 To`yboshi sharobga aylangan suvni tatib ko`rdi. Uning qayoqdan kelganligini u bilmas edi, faqat olib kelgan xizmatchilar bilishar edi. To`yboshi kuyovni chaqirtib unga aytdi:
10 Har kim avval yaxshi sharobni qo`yadi. Kayf qilishgandan keyingina yomonrog`ini beradi. Sen esa yaxshi sharobni shu vaqtgacha saqlabsan-ku!
11 Iso dastlabki ushbu mo``jizasini Jalilaning Kana shaharchasida namoyish qildi, bu bilan O`zining ulug`vorligini zohir qildi. Shogirdlari esa Unga imon keltirdilar.
12 Shundan keyin Iso, onasi, ukalari va shogirdlari Kafarnahum shahriga keldilar va u yerda bir necha kun turdilar.
13 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashib qolgani uchun Iso Quddus shahriga bordi.
14 Ma`badga kirganda, ho`kiz, qo`y, kaptarlarni sotayotganlar va o`tirgan sarroflarni ko`rdi.
15 Iso arqondan darra yasadi-da, ma`baddan hammasini, ho`kizu qo`ylari bilan birga, quvib chiqardi, sarroflarning xontaxtalarini ag`darib, pullarni sochib yubordi.
16 Kaptar sotuvchilarga: Bularni yo`qotinglar bu yerdan, Otamning uyini savdoxonaga aylantirmanglar! – dedi.
17 Shunda Uning shogirdlari “Sening uyingga bo`lgan rashkim Mening ichimni kemirib ketdi”, degan oyatni esladilar.
18 Shunda yahudiy mansabdorlari: Bunday qilishga qanday huquqing bor? Isbot qilib mo``jiza yarat-chi! – deb Isodan talab qildilar.
19 Iso dedi: Bu ma`badni buzinglar, Men uch kun ichida uni tiklayman.
20 Bunga javoban yahudiy mansabdorlari: Bu ma`bad qirq olti yilda qurilgan, Sen uni uch kunda tiklamoqchisan-a..?! – dedilar.
21 Holbuki, Iso ma`bad deb O`zining badanini nazarda tutgan edi.
22 Iso o`lib tirilgandan keyin, shogirdlari Uning bu so`zini esladilar va muqaddas bitikka ham, Isoning so`ziga ham ishondilar.
23 Iso Quddusda, Fisih bayramida bo`lganda, ko`p odamlar Uning qilayotgan ibratli mo``jizalarini ko`rib, Unga imon keltirdilar.
24 Ammo Iso hamma insonlarning ko`nglini bilgani uchun, O`zini ularga ishonmas edi.
25 Unga inson haqida biror ma`lumotning hojati yo`q edi, chunki inson dilida nima borligini U bilar edi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21