Yuhanno xushxabari 10 Bob
1 “Sizlarga rostini aytay: kim qo`y qo`rasiga eshikdan kirmay, boshqa yo`ldan oshib tushsa, u o`g`ri va bosqinchidir.
2 Eshikdan kirgan odam esa qo`ylarning cho`ponidir.
3 Unga darvozabon eshikni ochib beradi. Qo`ylar uning tovushiga quloq soladi. U esa o`z qo`ylarini nomma-nom chaqirib tashqariga olib chiqadi.
4 U o`z qo`ylarini qo`radan olib chiqib, ularning oldida boraveradi. Qo`ylar esa unga ergashadi, chunki ular cho`ponning tovushini biladilar.
5 Begona kishiga esa ergashmaydilar. Aksincha, begonaning tovushini tanimay, undan qochib ketadilar”.
6 Iso bu ibratli naqlni aytib berganida, tinglovchilari Uning nima demoqchiligini tushunmadilar.
7 Shu sababdan Iso yana gap oldi: “Sizlarga rostini aytay: Men qo`ylarning eshigiman.
8 Mendan ilgari o`tganlarning hammasi o`g`ri va bosqinchi edilar. Lekin qo`ylar ularga quloq solmadilar.
9 Men eshikman. Kim Men orqali kirsa, najot topadi. U kirib chiqib, yaylov ham topadi.
10 O`g`ri faqat o`g`irlash, bo`g`izlash, barbod qilish uchun keladi. Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman.
11 Men yaxshi Cho`ponman. Yaxshi Cho`pon qo`ylari uchun jonini bag`ishlaydi.
12 Yollangan odam qo`ylarning cho`ponu egasi emas. U bo`rining kelganini ko`rgach, qo`ylarni tashlab, qochib ketadi. Bo`ri esa qo`ylarni talab, tumtaraqay qiladi.
13 Yollangan odam qo`ylar haqida hech qayg`urmagani uchun qochib ketadi.
14 Men yaxshi Cho`ponman. Men O`zimnikilarni bilaman. O`zimnikilar esa Meni biladilar.
15 Otam Meni qanday tanib-bilsa, Men ham Otamni shunday tanib-bilaman. Men qo`ylarim uchun jonimni bag`ishlayman.
16 Bu qo`radagidan boshqa qo`ylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular ham Mening tovushimni eshitadi va bir suruv, bir cho`pon bo`ladi.
17 Men jonimni berib, yana qaytib olaman, shu bois Otam Meni sevadi.
18 Hech kim jonimni Mendan ololmaydi, Men O`z ixtiyorim bilavn uni beraman. Uni berish ham qaytadan olish huquqim bor. Ushbu muqaddas burchni Menga Otam topshirgan”.
19 Bu gap sabab bo`lib, yahudiylar orasida yana kelishmovchilik paydo bo`ldi.
20 Oralaridan ko`pi: Uni jin uribdi, U telbalik qilyapti-ku! Nega Unga quloq solyapsizlar? – der edilar.
21 Boshqalar esa: Bu jin urganning so`zlari emas, so`qir odamning ko`zlarini jin ocha olarmidi? – deb aytishardi.
22 O`sha vaqtda Quddusda Ma`badni Yangilash bayrami qutlanardi. Qish edi.
23 Iso ma`badda Sulaymon ravoqida aylanib yurar edi.
24 Yahudiy din arboblari Uning atrofini o`rab oldilar. Qachongacha Sen bizlarni laqillatasan? Agar Sen Masih bo`lsang, bizlarga ochig`ini ayt, - deyishdi.
25 Iso ularga javob berdi: Men sizlarga aytdim, ammo sizlar ishonmayapsizlar. Mening Otam nomidan qilayotgan ishlarimning o`zi Men to`g`rimda shohidlik bermoqda.
26 Sizlar esa ishonmayapsizlar. Avval aytganimdek, sizlar Mening qo`ylarimdan emassizlar.
27 Mening qo`ylarim tovushimga quloq soladi. Men ularni taniyman, ular esa Menga ergashib yurishadi.
28 Men ularga abadiy hayot bag`ishlayman va ular abadiy halok bo`lmaydilar. Hech kim ularni Mening qo`limdan tortib olomaydi.
29 Ularni Menga bergan Otam hammadan buyukdir. Otamning qo`lidan ularni tortib olishga hech kimning kuchi yetmaydi.
30 Men va Otam – birmiz.
31 Shunda yahudiy din arboblari yana Isoni toshbo`ron qilmoqchi bo`lib, tosh ola boshladilar.
32 Men sizlarga Otam nomidan ko`p xayrli ishlar ko`rsatdim, ularning qaysi biri uchun Meni toshbo`ron qilmoqchisizlar? – so`radi Iso.
33 Yahudiy din arboblari Unga javoban: Seni xayrli ishing uchun emas, balki kufrliging uchun toshbo`ron qilmoqchimiz. Sen odam bo`la turib O`zingni Xudo deyapsan! – deyishdi.
34 Iso shunday javob qaytardi: Sizning Tavrotda: “Men aytdim, sizlar xudolarsiz”, deb yozilgan emasmi?
35 Mana Xudo qadimgilarga kalOmini yuborib, ularni hatto xudolar deb atagan. Muqaddas Bitikni esa buzib bo`lmaydi.
36 Shunday ekan, Otam O`ziga ajratib olgan va dunyoga yuborgan Kishi “Xudoning O`g`liman” desa, nima bo`pti? Nega sizlar Meni kufrlikda ayblaysizlar?
37 Agar Men Otamning ishlarini qilmayotgan bo`lsam, Menga ishonmay qo`ya qolinglar.
38 Agar Uning ishlarini qilayotgan bo`lsamu, sizlar ishonmayotgan bo`lsangizlar, aqalli, Mening ishlarimga ishoninglar. Otam Menda va Men Otamda ekanligimizni anglab, imoningizni komil qilinglar.
39 Shunda yana Isoni ushlab olishga harakat qildilar, ammo Iso ulardan qutulib qoldi.
40 So`ng Iso yana O`rdun daryosining naryog`iga, ilgari Yahyo payg`ambar odamlarni tavba qildirib yurgan joyga bordi va u yerda qoldi.
41 Uning oldiga ko`p odamlar kelaverdi. Ular: Yahyo hech qanday mo`jiza yaratmagan edi, lekin Yahyoning bu Kishi haqida aytganlari hammasi to`g`ri chiqdi, - deyishar edi.
42 Shunday qilib, o`sha yerda talay odamlar Isoga uzil-kesil ishondilar.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21