Menyu

Yuhanno xushxabari 17 Bob


1 Shu gaplardan keyin Iso ko`zlarini osmonga tikib, dedi: “Ey Ota! Vaqt-soati keldi. O`g`ling Seni ulug`lashi uchun Sen ham O`z O`g`lingni ulug`lagin.

2 Sen Unga butun bashariyat ustidan hokimlikni berding; Sen Unga bergan odamlarning hammasiga U abadiy hayot ato qiladi.

3 Abadiy hayot esa Seni – tanho Haq Xudoni hamda Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilishdan iboratdir.

4 Sen Menga topshirgan vazifani Men ado etib, yer yuzida Seni ulug`ladim.

5 Dunyo yaratilishidan avval Men Sening huzuringda ulug`vor edim. Endi, ey Ota, O`z huzuringdagi o`sha ulug`vorlikni Menga tag`in ato qilgin.

6 Sen dunyodan Menga bergan odamlarga Sening ismingni izhor qildim. Ular Seniki edilar va Sen ularni Menga berding. Ular esa Sening kalOmingga amal qildilar.

7 Ular endi tushunib oldilar: Sen Menga nima bergan bo`lsang, hammasi Sendan ekan.

8 Menga bergan kalomlaringni ularga topshirdim. Ular esa kalomlaringni qabul qilib, Men Sening huzuringdan chiqqanligimni chinakamiga tushundilar, Meni Sen yuborganligingga ishondilar.

9 Men ular uchun so`rayman; dunyo uchun emas, balki Menga berganliging uchun so`rayman. Chunki ular Senikidir.

10 Zotan Meniki bo`lgan hamma – Seniki, Seniki esa – Menikidir. Shu tariqa Mening ulug`vorligim ular orqali zohir bo`ladi.

11 Bundan so`ng Men bu dunyoda bo`lmayman, Sening huzuringga qaytyapman. Ular esa bu dunyoda qoladilar. Ey Muqaddas Ota! Menga kimni bergan bo`lsang, O`z nOming bilan asrab qolgin, toki ular ham Bizday bir bo`lsinlar.

12 Men ular bilan bo`lganimda, Sening nOming bilan ularni asrar edim. Ha, Menga bergan odamlarning hammasini omon saqladim. Faqat oyat bajo bo`lsin deb, peshanasiga halokat yozilgan odamdan boshqa ulardan hech kim halok bo`lmadi.

13 Endi esa Sening oldingga boray deb turibman. Mening shodligim ularga o`tib dillarini butunlay to`ldirsin, deb bularni hali dunyoda bo`lganimda aytyapman.

14 Men ularga Sening kalOmingni topshirdim. Dunyo esa ulardan nafratlandi. Chunki Men dunyodan bo`lganim kabi, ular ham dunyodan emaslar.

15 Endi ularni dunyodan olishingni emas, balki yovuz shaytondan saqlashingni so`rayapman.

16 Men bu dunyodan bo`lmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar.

17 Ularni haqiqating bilan muqaddas qilgin. Sening kalOming – haqiqatdir.

18 Sen Meni dunyoga yuborgan eding, Men ham ularni dunyoga yubordim.

19 Ular haqiqiy muqaddas bo`lsin deb, Men O`zimni ular uchun bag`ishlayman.

20 Men faqat ular uchungina so`ramayman, balki ularning gapi bo`yicha Menga imon keltiradiganlar uchun ham so`rayman:

21 Hammalari bir bo`lishsin. Ey Ota, Sen Menda va Men Senda hozir bo`lganimizga o`xshab, ular ham Bizda hozir bo`lib, bir bo`lishsin. Shu tariqa dunyo Meni Sen yuborganingga ishonsin.

22 Menga ato qilgan ulug`vorligingni ularga berdim, toki biz bir bo`lganimizdek, ular ham bir bo`lishsin.

23 Sen Menda, Men esa ularda hozir bo`lib, mukammal birlikka erishsinlar. Natijada, dunyo Meni Sen yuborganligingni tan olsin, Meni qanday sevsang, Menikilarni ham shunday sevganingni dunyo bilsin.

24 Ey Ota! Sen Menga bergan odamlar Men bilan bir joyda bo`lishini xohlayman. Sen Menga ato qilgan ulug`vorlikni ular ham ko`rib tursin, dunyoni yaratmasdan avvaloq Sen Meni qanday sevganingni ular bilsin.

25 Ey odil Ota! Dunyo Seni bilmasa ham, Men Seni bilaman. Bular ham Meni Sen yuborganingni bilib oldilar.

26 Sening nOmingni ularga bildirganman va yanada bildiraman. Menga bog`lagan muhabbating ulardan o`rin olsin, Men ham ulardan o`rin olayin”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21