Menyu

Yuhanno xushxabari 19 Bob


1 Shundan keyin Pilat Isoga dast solib, Uni qamchilatdi.

2 Askarlar esa tikanlardan toj o`rib, Isoning boshiga qo`ydilar, tanasiga shohona to`n kiydirdilar.

3 Isoning oldida turganlaricha: Yashavor, ey yahudiylarning Podshohi! – deb, Uni tarsakilar edilar.

4 Pilat yana tashqariga chiqib xaloyiqqa xitob qildi: Mana, Uni oldingizga chiqaryapman, bilib qo`yinglar, men Undan hech qanday ayb topolmadim!

5 Shu payt boshida tikanli toj, egnida shohona to`n bilan Iso tashqariga chiqdi. Mana, u Odam! – dedi Pilat ularga.

6 Oliy ruhoniylar va mirshablar Isoni ko`rib, baqirib ketishdi: Uni xochga mixlab qo`y, xochga! Uni sizlar olib xochga mixlab qo`yinglar! Men Undan hech qanday ayb topolmadim, - dedi Pilat ularga.

7 Yahudiylar unga javoban: Bizda Qonun bor, Qonunimiz bo`yicha U o`lishi kerak, chunki U O`zini Xudoning O`g`li qilib ko`rsatdi, - dedilar.

8 Pilat buni eshitgach, yuragi orqaga tortib ketdi.

9 Qaytadan mahkamaga kirdi va Isodan: Sen qayerdansan? – deb so`radi. Iso unga javob bermadi.

10 Menga javob bermaysanmi? – dedi Pilat. – Seni xochga mixlatish yo bo`shatish uchun hukm yuritishga qodir ekanimni bilmaysanmi?

11 Iso javob berdi: Agar senga yuqoridan berilmaganda edi, sen Mening ustimdan hech qanday hukm yurita olmas eding. Shu sababdan Meni sening qo`lingga tutib berganning gunohi sening gunohingdan katta.

12 Shu vaqtdan boshlab Pilat Isoni qo`yib yuborishga chora izlay boshladi. Ammo yahudiylar qichqirishardi: Agar Uni qo`yib yuborsang, sen Qaysarning do`sti emassan. O`zini podshoh deydigan har bir kishi Qaysarning dushmani bo`ladi!

13 Pilat bu so`zni eshitgach, Isoni tashqariga olib chiqdi va yahudiycha Gabbata degan tosh supa ustidagi hukm kursisiga o`tirdi.

14 O`sha kuni Fisih bayrami arafasi, tush mahali edi. Pilat yahudiylarga xitob qildi: Mana, Podshohingiz!

15 Yo`q qil Uni, yo`q qil! Xochga mixlab qo`y! – deb baqirdi ular. Sizlarning Podshohingizni xochga mixlab qo`yaymi? – so`radi Pilat. Qaysardan boshqa podshohimiz yo`q, - deyishdi oliy ruhoniylar.

16 Oxiri Pilat Isoni xochga mixlash uchun ularga topshirdi. Ular esa Isoni olib ketdilar.

17 Iso O`z xochini ko`tarib, Boshsuyagi (yahudiycha Go`lgota) degan joyga keldi.

18 U yerda Isoni xochga mixlab qo`ydilar. Iso o`rtada bo`lib, chap va o`ng tomoniga yana ikki kishini mixlab qo`ydilar.

19 Pilat shu mazmundagi lavhani yozib xochning tepasiga ostirib qo`ydi: “Yahudiylarning Podshohi nosiralik Iso”.

20 Iso xochga mixlangan joy shaharga yaqin bo`lgani uchun, bu lavhani anchagina yahudiylar o`qib o`tar edilar. Lavha yahudiy, yunon va lotin tillarida yozilgan edi.

21 Yahudiy oliy ruhoniylari esa Pilatga borib shunday dedilar: “Yahudiylarning Podshohi” deb yozma, balki O`zi aytganidek, “Men yahudiylarning Podshohiman”, deb yozib qo`y.

22 Men nimaiki yozgan bo`lsam, shundayligicha qolsin, - dedi Pilat.

23 Askarlar Isoni mixlab bo`lib, Uning kiyimini oldilar. Har askarga bir parchadan tekkuday qilib, kiyimni to`rt bo`lakka bo`ldilar. Ichki ko`ylagini ham oldilar. Ichki ko`ylak boshdan-oyoq choksiz bir to`qima edi.

24 Askarlar bir-biriga: Buni yirtmaylik, bu uchun qur`a tashlaymiz, kimga tushsa, o`shaniki bo`lsin, - deyishdi. Shu tariqa quyidagi Zabur oyati bajo bo`ldi: “Kiyimlarimni o`zaro bo`lishib olib, libosim uchun qur`a tashladilar”. Askarlar xuddi shunday qildilar.

25 Isoning xochi yonida Uning onasi, onasining opasi, Klopaning xotini Maryam hamda magdalalik Maryam turar edilar.

26 Iso onasi yonida O`zining sevikli shogirdi turganini ko`rdi-da, onasiga: Ey ayol, mana bu sening o`g`ling! – dedi.

27 Keyin shogirdiga qarab: Mena bu sening onang! – dedi. O`sha ondan boshlab u shogird Maryamni o`z uyiga olib ketdi.

28 Shundan keyin Iso endi hammasining amalga oshganini ko`rdi. Zabur oyati bajo bo`lsin deb, U: Chanqadim! – dedi.

29 Bu yerda sirka to`la bir idish turgan edi. Askarlar sirka shimgichni botirdilar-da, nayning uchiga ilib, Isoning og`ziga olib bordilar.

30 Iso sirkani tatib ko`rgach: Amalga oshdi! – dedi-yu, boshini egib jon berdi.

31 O`sha kuni dam olish kuni arafasi – juma di. Ertangi shanba juda tabarruk kun hioblangani uchun, yahudiy mansabdorlari jasadlarni xochda qoldirishni istamadilar. Ular Pilatning oldiga borib, jasadlarning boldirlarini sindirib tashlab, xochdan tushirishni so`radilar.

32 Shunda askarlar borib, Iso bilan birga xochga mixlangan birinchi, so`ngra ikkinchi odamnning boldirlarini sindirib tashladilar.

33 Isoning oldiga kelib, Uning allaqachon o`lganligini payqadilar, boldirlarini sindirmadilar.

34 Lekin askarlardan biri Isoning biqinini nayza bilan teshdi, shu zahoti Uning biqinidan qon bilan suv oqib chiqdi.

35 Bu hodisani ko`rgan kishi, sizlar ishoninglar deb, guvohlik berib kelmoqda. Uning guvohligi haqiqatdir, u haqiqatni so`zlayotganini biladi.

36 Ana shu bo`lib o`tgan hodisa: “Uning suyagi sinmaydi”, degan Zabur oyati bajo kelishi uchun ro`y berdi.

37 Boshqa bir oyatda shunday aytilgan: “Nayzalangan Odamga tikilib qaraydilar”.

38 Bundan so`ng arimateyalik Yusuf Pilatdan Isoning jasadini xochdan tushirish uchun iltimos qildi. Yusuf Isoning shogirdi edi-yu, lekin yahudiylardan qo`rqqani uchun buni yashirib yurar edi. Pilat esa ijozat berdi. Shunda Yusuf borib, Isoning jasadini bo`shatib oldi.

39 Bundan ilgari kechasi Isoning oldiga kelgan Nikodim ham yuz qadoqcha mirra bilan sabur qorishmasini olib keldi.

40 Ular ikkovlon Isoning jasadini olib, yahudiylarning dafn odatlariga ko`ra, bu muattar moddalar bilan Uni kafanladilar.

41 Iso mixlangan joyda bir bog` bor edi, u bog`da hali hech murda qo`yilmagan yangi qabr bor edi.

42 Yahudiylarning dam olish kuniga tayyorgarlik qilish muddati tugayotgani sababli ular, bu joy yaqinroq, deb Isoni o`sha qabrga ko`mdilar.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21