Menyu

Yuhanno xushxabari 12 Bob


1 Fisih bayramidan olti kun oldin Iso yana Baytaniyaga, ya`ni o`lgan Lazarni tiriltirgan qishloqqa bordi.

2 O`sha yerda Isoga ziyofat hozirladilar. Marta xizmat qilib yurgan edi, Lazar esa Iso bilan mehmonlar qatorida o`tirar edi.

3 Shu payt Maryam bir shisha sof, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi va Isoning oyoqlariga surtib, sochlari bilan Uning oyoqlarini artib quritdi. Moyning hididan uy xushbo`y isga to`lib ketdi.

4 Isoning shogirdlaridan biri, Unga Hiyonat qiladigan Simunning o`g`li Yahudo Ishqariyot gap qistirib:

5 Bu moyni uch yuz kumush tangaga sotib kambag`allarga bo`lib bersa bo`lmasmidi? – dedi.

6 Bu gapni u kambag`allarga qayishgani uchun emas, balki o`g`ri bo`lgani uchun aytdi. Pul qutisi Yahudoning nazoratida edi, u qutiga solinadigan pullarni shilib ketar edi.

7 U ayolni tinch qo`yinglar! – dedi Iso. – Zotan u bu moyni Mening dafn kunimga saqlamoqchi edi.

8 Kambag`allar har doim siz bilan birga. Men esa doim sizlar bilan birga bo`lmayman.

9 Isoning Baytaniyada ekanligini bilib, bir talay yahudiylar u yerga keldi. Ular nafaqat Isoni, balki Iso iriltirgan Lazarni ham ko`rishni istardilar.

10 Oliy ruhoniylar esa Lazarni ham o`ldirmoqchi bo`lib kelishgan edilar.

11 Chunki ko`pchilik yahudiylar Lazar tufayli u yerga borib, Isoga imon keltirayotgan edilar.

12 Ertasi kuni bayramga borgan ko`pchilik xaloyiq Isoning Quddusga kelayotganini eshitib qolishdi.

13 Palüma daraxti shoxlarini olib, Uni qarshi olishga chiqishdi va baland ovoz bilan: “Najot bergin! Xudovand nomidan kelayotgan Isroilning Podshohi muborak!” – deb xayqirishar edi.

14 Iso bir xo`tikni topib, unga mindi, xuddi Tavrotda yozilganiday:

15 “Ey Sion qizi, qo`rqma! Sening Podshohing xo`tikka minib keladur”.

16 Isoning shogirdlari avval buni tushunmadilar. Faqat Iso O`z ulug`vorligiga erishgandan so`nggina ular bu oyatning U haqda yozilganini va xalq xuddi oyatdagidek qilganini esladilar.

17 Iso bilan yurayotgan ko`pchilik xalq esa Iso Lazarni qabrdan chaqirib tiriltirdi, deb guvohlik berayotgan edilar.

18 Iso bunday ajoyib mo``jizani yaratganini xalq eshitgan edi, shuning uchun ham Uni ochiq chehra bilan kutib olayotgan edilar.

19 Farziylar esa bir-biriga: Ko`ryapsizmi, endi hech narsa qilolmayapsizlar. Butun dunyo Uning ortidan bormoqda! – deyishardi.

20 Sig`inish uchun bayramga kelganlar orasida ba`zi yunonlar bor edi.

21 Ular Jalilaning Baytsayda shahridan bo`lgan Filipning oldiga borib o`tindilar: Taqsir, biz Isoni ko`rmoqchi edik.

22 Filip borib bu haqda Idrisga aytdi; keyin Idris bilan Filip ikkalasi Isoning oldiga borib, Unga aytishdi.

23 Iso ularga shunday javob qaytardi: Inson O`g`li ulug`lanadigan vaqt-soat keldi.

24 Sizlarga rostini aytay: agar bug`doyning doni yerga tushib o`lmasa, u bir donligicha qoladi. Agarda o`lsa, ko`p hosil beradi.

25 Kim o`z jonini sevsa, uni yo`qotadi. Kim bu dunyoda o`z jonini ayamasa, uni abadiy hayot uchun saqlab qoladi.

26 Agar kim Menga xizmat qilsa, Mening izimdan yursin. Men qayerda bo`lsam, xizmatchim ham u yerda bo`ladi. Kim Menga xizmat qilsa, Otam uni hurmat qiladi.

27 Endi esa yuragim siqilyapti, Men nima ham desam ekan? “Ey Otam, Meni ushbu vaqt-soatdan qutqaz” deymi? Vaholanki, Men shu vaqt-soat uchun kelganman.

28 Ey Ota, O`z nOmingni ulug`lagin! Iso shunday deyishi bilanoq osmondan: Men Uni ulug`laganman va bundan keyin ham ulug`layman, - degan sado keldi.

29 U yerda turgan omma buni eshitib, momaqaldiroq deb o`yladi. Yo`q, Unga farishta gapirdi! – deyishdi boshqalari.

30 Bunga javoban Iso aytdi: Bu sado Men uchun emas, sizlar uchun bo`ldi.

31 Hozir bu dunyo hukm qilinadi, hozir bu dunyoning hokimi tashqariga chiqarib haydaladi.

32 Men yerdan yuqoriga ko`tarilganimda, hammani O`zimga jalb qilaman.

33 Ushbu so`zlarni Iso O`zining qay yo`l bilan o`lishini bildirish maqsadida aytgan edi. Xalq bunga javoban dedi:

34 Biz Tavrotda, Masih abadiy turadi, deb eshitganmiz. Qanday qilib Sen: Inson O`g`li yuqoriga ko`tarilishi kerak, deb aytyapsan? Kim bu Inson O`g`li?

35 Iso ularga aytdi: Yana qisqa bir muddat nur sizlar bilan bo`ladi. Nur borida yuringlar, tag`in zulmat sizlarni qamrab olmasin. Zulmatda yuradigan kishi qayerga ketayotganini bilmaydi.

36 Hozircha nurga egasizlar, nurga ishoninglar, toki nur ahli bo`linglar. Bularni aytib bo`lgach, Iso uzoqlashib ketdi va xalqning ko`zidan yashirindi.

37 Iso ommaning ko`z o`ngida shuncha ko`p ibratli mo``jizalar yaratgan bo`lsa ham, ular Isoga ishonmas edilar.

38 Shu tariqa Isha`yo payg`ambarning aytgan so`zi bajo bo`ldi: “Yo Xudoyo Xudovando! Bergan xabarimizga kim ham ishondi? Xudovandning qudrati kimga oshkora bo`ldi?”

39 Ular yana shu sababdan ishona olmadilar. Isha`yo payg`ambar yana aytganidek:

40 “Bu xalq o`z ko`zlarini ko`r qildi, o`z dillarini tosh qildi. Ko`zlari ila ko`rmaydilar, dillari ila fahmlamaydilar, Men ularni shifolashim uchun, Menga qaytib kelmadilar”.

41 Isha`yo payg`ambar Masihning ulug`vorligini oldindan ko`rib, U to`g`rida shularni so`zlagan edi.

42 Shunga qaramasdan, boshliqlarning ham ko`plari Isoga imon keltirayotgan edilar. Faqat ibodatxonadan haydalishdan qo`rqib, ular farziylar oldida tan olmas edilar.

43 Chunki boshliqlarga Xudoning maqtovidan ko`ra insonning maqtovi xush yoqardi.

44 Iso xitob qilib dedi: “Menga ishongan odam Menga emas, balki Meni yuborganga ishongan bo`ladi.

45 Meni ko`rgan odam Meni Yuborganni ko`rgan bo`ladi.

46 Menga ishongan har bir kishi zulmatda qolmasin, deb Men dunyoga nur bo`lib kelganman.

47 Kim Mening so`zlarimni eshitib ishonmasa, uni Men ayblamayman. Men dunyoni ayblash uchun emas, balki qutqarish uchun kelganman.

48 Meni rad qilib, so`zlarimni qabul qilmagan odamning hakami bor – uni oxiratda Mening aytgan kalomim hukm qiladi.

49 Men O`z nomimdan so`zlaganim yo`q. Aksincha, Meni yuorgan Otam nima aytishimni, qanday so`zlashimni Menga amr etgan.

50 Uning amri esa abadiy hayotdir, deb bilaman. Xullas, Men nimaiki gapirayotgan bo`lsam, Otamning Menga aytganlarini gapiryapman”.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21