Menyu

Yuhanno xushxabari 13 Bob


1 Fisih bayramiga oz qolgan edi. Iso bu olamdan Otasi oldiga o`tish vaqt-soati kelganini bilar edi. U bu olamdagi O`zinikilarni sevar edi, ularni oxirigacha sevdi.

2 Kechki ovqat payti edi. Simunning o`g`li Yahudo Ishqariyotning diliga iblis allaqachon Isoga hiyonat qilish niyatini solgan edi.

3 Iso bo`lsa, Otasi hamma narsani Uning qo`liga berganini bilar edi, O`zi Xudo huzuridan chiqib, yana Xudo huzuriga qaytayotganini ham bilar edi.

4 Shunday qilib, Iso ovqatdan so`ng ustki kiyimini yechib tashladi, sochiqni olib beliga bog`ladi.

5 Keyin obdastaga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarni yuvishga tushdi. Beliga bog`lagan sochiq bilan ularning oyoqlarini artib quritdi.

6 Iso Simun Butrusning oldiga keldi. Rabbim, nahot oyoqlarimni Sen yuvsang?! – dedi Butrus.

7 Men hozir nima qilishimni sen bilmaysan. Keyinchalik tushunasan, - dedi Iso unga javoban.

8 Mening oyoqlarimni ikki dunyoda ham yuvmaysan! – dedi Butrus. Agar seni yuvmasam, Men bilan ulushing bo`lmaydi, - dedi Iso.

9 Shunda Simun Butrus: Rabbim, faqat oyoqlarimnigina emas, qo`llarimni, boshimni ham yuvib qo`y! – dedi.

10 Iso unga: Cho`milgan odam tamoman pokdir, endi uning oyog`ini yuvsa bas. Sizlar ham poksizlar, ammo hammangiz emas, - dedi.

11 Iso O`ziga xoinlik qiladigan odamni bilar edi, shuning uchun “Hammangiz pok emassizlar”, dedi.

12 Shogirdlarining oyoqlarini yuvib bo`lgach, Iso tag`in ustki kiyimini kiyib, yonboshladi. Shogirdlariga aytdi: Men sizlarga nima qilganimni angladinglarmi?

13 Sizlar Meni Ustozimiz va Rabbimiz deb aytasizlar va to`g`ri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman.

14 Shunday qilib, agar Men Rabbingiz va Ustozingiz bo`la turib oyoqlaringizni yuvgan bo`lsam, sizlar ham bir-biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz qarzdir.

15 Men sizlarga nima qilgan bo`lsam, sizlar ham o`shani qilishingiz kerak. Men sizlarga o`rnak ko`rsatdim.

16 Sizlarga rostini aytayin: qul o`zining xo`jayinidan yuqori turmas, elchi ham uni yuborgandan ulug` bo`lmas.

17 Agar gapimni uqqan bo`lsangiz, bunga amal qilinglar va baxtli bo`lasizlar!

18 Men hammangiz haqingizda aytmayapman, - davom etdi Iso, - Men tanlagan kishilarimni bilaman. Zaburda: “Non-namagimni yegan do`stim Menga qarshi tovonini ko`tardi”, - deb yozilgan. Bu oyat bajo bo`lishi kerak.

19 Hozirdan, bu voqealar sodir bo`lmasdan oldin, Men sizlarga aytyapman, toki bu voqealar sodir bo`lganda, Men – O`sha ekanligimga ishoninglar.

20 Sizlarga rostini aytay: Men yuborgan kishini qabul qilgan Meni qabul qilgan bo`ladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo`ladi.

21 Iso bularni aytdi-yu, ko`ngli g`ash tortdi. Endi ochiqdan-ochiq so`zlay boshladi: Sizlarga rostini aytayin, sizlardan bir kishi Menga hiyonat qiladi.

22 Shogirdlari esa U kimni nazarda tutayotganini bilolmay, gangib bir-biriga qarab turar edilar.

23 Shogirdlaridan biri Isoning bag`riga bosh qo`yib yonboshlar edi; Iso uni sevar edi.

24 Unga Simun Butrus: “Iso kim haqida gapiryapti, so`ra-chi”, deb imo-ishora qildi.

25 Shunda u Isoning ko`ksiga yaqinroq engashib: Rabbim, u kim? – deb so`radi.

26 Iso javob berdi: Men bir burda nonni botirib kimga bersam, u o`shadir, - dedi. So`ng burda nonni botirib, Simun o`g`li Yahudo Ishqariyotga berdi.

27 Yahudo burdani olar-olmas, shayton uning ichiga kirib oldi. Qiladiganingni tezroq qil, - dedi unga Iso.

28 Dasturxon atrofidagilardan hech kim nima uchun Iso bu so`zlarni Yahudoga aytganini tushunmadi.

29 Pul qutisi Yahudoda bo`lgani sababli, ba`zilari Iso unga: “Bayram uchun bizga kerak bo`ladigan narsalarni sotib ol”, yoki “Kambag`allarga bir nima ber”, deyapti deb o`ylardilar.

30 Yahudo esa o`sha burda nonni olgan hamon tashqariga chiqib ketdi. Tun cho`kkan edi.

31 Yahudo chiqib ketgach, Iso dedi: Hozir Inson o`g`li ulug`landi, Xudo ham Inson O`g`li orqali ulug`landi.

32 Inson O`g`li Xudoni ulug`lagani uchun, Xudo ham O`zicha Inson O`g`lini ulug`laydi, ha, Uni tez orada ulug`laydi.

33 Bolalarim! Endi Men sizlar bilan uzoq bo`lmayman. Meni qidirasizlar. Yahudiy mansabdorlariga aytgan edim, sizlarga ham aytyapman: Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar.

34 Sizlarga yangi buyruq beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan bo`lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday sevinglar.

35 Agar orangizda muhabbat hukmron bo`lsa, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi.

36 Simun Butrus Isoga dedi: Rabbim, Sen qayerga ketyapsan? Endi Men boradigan joyga sen orqamdan borolmaysan, keyinchalik borarsan, - dedi unga Iso.

37 Rabbim, - dedi Butrus, - nega endi Sening orqangdan borolmas ekanman? Men Sen uchun jonimni fido qilaman!

38 Iso javob berdi: Men uchun joningni fido qilasanmi-ya? Senga rostini aytsam, xo`roz qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan!

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21