Menyu

Luqo xushxabari 1 Bob


1 Oramizda avj olgan voqealarni hikoya qilishga kirishgan ko`plarning tashabbuslari ma`lumdir.

2 Bu bo`lib o`tgan hodisotlarni boshdanoq o`z ko`zlari bilan ko`rib, bizga naql qilgan kishilar Ilohiy Kalomning shohidu xizmatkorlari bo`lmishlar.

3 Shunday qilib, men ham boshidan hammasini sinchiklab tekshirganimdan keyin, ey muhtaram Teofil, bu voqealarning tafsilotini tartib ila sizga yozib berishni munosib ko`rdim,

4 toki siz berilgan ma`lumotlarning juda asosli ekanligini bilingiz.

5 Yahudiya yurtida Hirod hokimlik qilayotgan davrda ruhoniylarning Abiyo ajdodidan Zakariyo ismli bir ruhoniy bor edi. Uning xotini esa Horun avlodidan bo`lib, oti Elisabet edi.

6 Bularning ikkovi ham solih va xudojo`y kishilar bo`lib, Xudovandning butun amru farmonlariga bekami-ko`st rioya qilib yurishar edi.

7 Lekin Elisabet pushtsiz bo`lganidan, ularning farzandi yo`q edi; buning ustiga ikkovi ham qartayib qolgan edilar.

8 Xizmat navbati o`z avlodiga qolgan bir kunda Zakariyo Xudo huzurida ruhoniylik xizmatini o`tab turgan edi.

9 Ruhoniylar odati bo`yicha, Xudovand ma`badiga kirib xushbo`y tutatqilar tutatish qur`asi unga nasib etgan edi.

10 Tutatqi tutatish vaqtida katta jamoat tashqarida ibodat qilayotgan edi.

11 Shu payt Xudovandning bir farishtasi tutatqi tutatiladigan qurbongohning o`ng yog`ida paydo bo`lib, Zakariyoga zohir bo`ldi.

12 Zakariyo uni ko`rib, esankiradi-yu vahimaga tushdi.

13 Farishta unga dedi: Zakariyo, qo`rqma, chunki sening iltijolaring ijobat bo`ldi. Xotining Elisabet senga bir o`g`il tug`ib beradi va uning ismini Yahyo qo`yasan.

14 U senga shodlik va baxt-saodat keltiradi, uning tug`ilganidan ko`plar quvonadi.

15 U Xudovand nazarida ulug` kishi bo`ladi, mayu sharobni sira ichmaydi. Onasi qornidan u Muqaddas Ruhga to`lib tushadi.

16 Isroil farzandlaridan ko`plarini u o`zlarining Egasi – Xudovandga qaytarib qo`yadi.

17 U Ilyos payg`ambarning ruhi va qudrati ila Rabbimiz oldida yurib keladi. Otalar dilini farzandlariga qaytarib, osiy bandalarning fikrini solihlar tomon moyil qilib, hozirlanmish bir xalqni Rabbimizga taqdim etadi.

18 Zakariyo farishtaga: Men bunga qanday amin bo`laman? Mana, o`zim qarib qoldimu, xotinim yoshi ham yetib qoldi, - dedi.

19 Farishta unga javob berdi: Men Xudo oldida turgan Jabroilman, senga bu gaplar to`g`risida xushxabar yetkazish uchun yuborilganman.

20 O`z vaqtida bajo bo`lajak so`zlarimga ishonmaganing uchun, mana endi tildan qolasan. Bu ishlar amalga oshadigan kungacha gapirolmaysan, - dedi.

21 Shu orada Zakariyoni kutib turgan xalq uning ma`badda imillab qolganiga hayron bo`ldi.

22 Zakariyo xalq oldiga chiqqach, so`zlamoqqa tili aylanmadi. Xalq uning ma`badda vahiy ko`rganligini tushundi. Zakariyo gang bo`lib qolgani uchun, ular bilan imo-ishora orqali muloqot etdi.

23 Diniy xizmat muddati tugagach, Zakariyo uyiga qaytib bordi.

24 Oradan kunlar o`tib, uning xotini Elisabet xomilador bo`ldi. U besh oy yashirinib yurdi.

25 “Bu menga Rabbimning nazarlari tushgan shu kunlarda bo`ldi, - derdi u. – U menga e`tibor berib, el ichida yuzi qoralikdan qutultirdi”.

26 Elisabetning homiladorligiga olti oy bo`lgach, Xudo farishta Jabroilni Jalilaning Nosira degan shahriga,

27 Dovud avlodidan Yusuf ismli yigitga unashtirilgan bir qizga yubordi. Qizning oti Maryam edi.

28 Farishta uning oldiga kirib: Salom, ey Xudo yorlaqagan! Xudovand sen bilan. Ayollar ichra muboraksan, - dedi.

29 Maryam esa farishtani ko`rib, uning so`zlaridan sarosimaga tushdi. “Bu qanaqa salomlashish bo`ldi?” – deya ko`nglidan o`tkazdi.

30 Farishta unga dedi: Maryam, qo`rqma, sen Xudodan inoyat topding.

31 Mana, sen homilador bo`lib, o`g`il tug`ajaksan va Uning ismini Iso qo`yursan.

32 U ulug` bo`lgay, Xudoyi Taoloning O`g`li deb nom olgay. Xudoyi Taolo Unga otasi Dovudning taxtini bergay.

33 U Yoqub xonadoni uzra abadiy podshohlik qilur va bu podshohlikning cheki bo`lmagay.

34 Maryam: Men hali er ko`rmagan bo`lsam, bu qanday bo`ladi? – deb so`radi farishtadan.

35 Farishta javob berdi: Muqaddas Ruh sening ustingga tushib keladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu sababli sendan tug`ilajak bola Xudoning O`g`li deyilur.

36 Mana, bepusht deb yurishgan qarindoshing Elisabet ham qariligida g`o`ilga homilador bo`ldi. Homilasi oltinchi oyda.

37 Zero Xudoning biron kalomi puchga chiqmas.

38 Shunda Maryam: Mana, men Xudovandning bandasiman. Menga aytganing kelsin, - dedi. Farishta esa uning yonidan g`oyib bo`ldi.

39 Maryam o`sha kunlardayoq zudlik bilan yo`lga tushib, tog`lik yurtga, Yahudo qabilasiga mansub bir shaharga bordi.

40 U Zakariyoning uyiga kirib Elisabet bilan salomlashdi.

41 Elisabet Maryamning salOmini eshitgani zamon uning qornidagi bolasi o`ynoqlab ketdi. Elisabet Muqaddas Ruhga to`ldi-da,

42 baland ovoz bilan xitob qilib dedi: Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi bola ham muborakdir!

43 Ne baxtki, Rabbimning onalari menga tashrif ayladilar!

44 Sening salOming qulog`imga yetishi bilanoq qornimdagi bola quvonchdan o`ynoqlab ketdi.

45 Ey e`tiqod qilgan, baxtlisan! Chunki Xudovand senga aytganlarini amalga oshirgay.

46 Maryam shunday dedi:

47 “Jon-tanim-la Xudovandni ulug`layman, Xaloskor Tangrim ila ko`nglim shod-xurram.

48 Men bandai haqiriga Ul nazar soldi. Endi meni barcha avlodlar olqagay.

49 Qodir Tangri azamkorlik ko`rsatdi menga; Uning ismi – muqaddasdir.

50 Uning marhamatlari nasib etgay Undan qo`rqqan avlod-ajdodlarga.

51 Kuchini Ul ko`rsatdi-da qo`ldan keluvchi, manmanlarni o`z xayollari-la to`zday to`zitdi.

52 Taxtlaridan tushirdi hukmdorlarni, balandga ko`tardi haqir-mo`minni.

53 Ochlarni to`yg`izib baxt-saodatli qildi, quppa-quruq jo`natdi boylikka o`chni.

54 Ota-bobomizga bergan va`dasi bo`y-la, Ibrohimga hamda uning zurriyotiga

55 Shafqat qilishni yodda tutib mangu, O`g`loni Isroilga himmat ayladi”.

56 Shunday qilib, Maryam uch oycha Elisabet bilan bo`lib, o`z uyiga qaytib keldi.

57 Elisabetning oy-kuni to`lib, o`g`il tug`di.

58 Qo`ni-qo`shni va qarindoshlari Xudovandning unga ko`rsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi.

59 Sakkizinchi kuni bolani sunnat qilgani olib borishdi. Unga otasining ismini – Zakariyo qo`ymoqchi bo`lishdi.

60 Bunga bolaning onasi e`tiroz bildirib: Yo`q, ismini Yahyo qo`yamiz, - dedi.

61 Lekin boshqalar: Qarindosh-urug`ing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yo`q-ku, - deyindi unga.

62 Shu payt otasiga ham imo-ishora qilib, undan bolaga qanday ism qo`ymoqchi ekanligini so`rashdi.

63 Zakariyo bir taxtacha talab qildi va: “Uning ismi Yahyo bo`ladi”, - deb yozib qo`ydi. Hamma hayron qoldi.

64 O`sha zahoti Zakariyoning og`zi ochilib, tilga kirdi. U Xudoni ulug`lab gapira boshladi.

65 Atrofda yashovchilarning hammasini vahima bosdi. Bu haqdagi ovoza butun tog`lik Yahudiya o`lkasiga yoyilib, og`izga tushib ketdi.

66 Eshitgan barchaning fikri bular bilan band bo`lib: “Ajabo, bu bola kim bo`lar ekan?” – deb yurishdi. Chunki Xudovandning qo`li unda namoyon edi.

67 Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga to`lib, bashorat qilib dedi:

68 “O`z xalqini yo`qlab, asoratdan qutqargan Rabbimiz Isroilning Xudovandiga hamdu sanolar!

69 U quli Dovud xonadonidan chiqqan qudratli Najotkorni berdi bizga;

70 Qadimdan muqaddas payg`ambarlar orqali so`zlaganiga muvofiq,

71 U barcha ashaddiy dushmanlarimiz qo`lidan bizni qutqargay.

72 Ota-bobolarimizga marhamat aylab, ular-la qilgan ahdini yodladi.

73 Otamiz Ibrohimga qasamyod qilganiga ko`ra, U yovlarimiz qo`llaridan bizni qutultirib,

74 umrimiz boricha O`z panohida bexatar saqlab,

75 muqaddaslik va solihlik ila O`ziga xizmat qilmog`imizga iloj topajak.

76 Sen ham, ey chaqaloq, haq Taoloning payg`ambari deb nom olasan. Zero sen Rabbimiz oldida yurib, U qadam bosar yo`lni muhayyo qilursan.

77 Uning xalqiga gunohlari afv bo`lib, najot topajaklarini anglatarsan.

78 Zero Xudoyimiz mehr-shafqati ilayuksaklikdan najot tongi yorishdi, ufqimizni ravshan qilib yubordi.

79 Zulmatda, o`lim soyasida o`tirganlarga ziyosin sochdi, oyoqlarimizni esa tinchlik yo`liga burdi”.

80 Shunday qilib, bola Yahyo ulg`ayib va ruhan quvvatlanib, Isroilga ko`rinadigan kunigacha cho`l-sahrolarda bo`ldi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24