Luqo xushxabari 20 Bob
1 O`sha kunlarning birida Iso ma`badda ta`lim berib, xalqqa Xushxabarni bayon etar edi. Oliy ruhoniylar va ulamolar esa oqsoqollar bilan birga kelib,
2 Isoga savol berishdi: Bizlarga ayt-chi, Sen bu ishlarni qanday huquq bilan qilyapsan? Bularni qilish uchun Senga kim vakolat bergan?
3 Iso ularga shunday javob berdi: Men ham sizlarga bir savol berayin, Menga aytinglar:
4 Yahyo payg`ambar odamlarni suvda tavba qildirish uchun kimdan vakolat olgan edi? Xudodanmi, insondanmi?
5 Ular esa o`zaro mulohaza yuritdilar: “Agar Xudodan desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” – deydi.
6 Agar insondan desak, butun xalq bizni toshbo`ron qiladi, chunki xalq Yahyoning payg`ambarligiga qat`iy ishonadi”.
7 Nihoyat Isoga javoban: Qaerdanligini bilmaymiz, - dedilar.
8 Iso ularga: Unday bo`lsa, Men ham bu ishlarni qaysi vakolat bilan qilayotganimni sizga aytmayman, - dedi.
9 Iso so`zini davom ettirib, xalqqa ushbu masalni aytib berdi: “Bir odam uzumzor yaratib, uni bog`bonlarga ijaraga berib, o`zi uzoq vaqtga boshqa mamlakatga ketibdi.
10 Hosil chog`i uzumzor mahsulidan unga beishlari uchun bog`bonlar oldiga bir xizmatkorini yuboribdi. Lekin bog`bonlar uni urib, quruq qaytarishibdi.
11 Uzumzor egasi yana bir xizmatkorini yuboribdi. Uni ham urib, haqorat qilib, quruq qaytarib yuborishibdi.
12 Yana uchinchisini yuborganda, uni ham yarador qilib, quvib chiqarishibdi.
13 Shunda uzumzor egasi: Nima qilsam ekan? Sevikli o`g`limni yubora qolay. Balki uni ko`rib, insofga kelishar, - debdi.
14 Ammo bog`bonlar uning o`g`lini ko`rishlari bilan o`zaro muhokamaga tushib: Bu merosxo`r-ku! Uni o`ldiramiz, merosi bizga qoladi, - deyishibdi-da,
15 o`g`lini uzumzordan tashqariga haydab, o`ldirishibdi. Nachora, uzumzor egasi ularni nima ham qilardi?
16 U kelib boyagi bog`bonlarni yo`q qiladi, uzumzorni esa boshqalarga topshiradi”. Buni eshitganlar: Xudo ko`rsatmasin! – deb yuborishdi.
17 Iso esa ularga tikilib, shunday dedi: U holda, Zaburdagi: “Binokorlar keraksiz deb tashlagan tosh naq binoning peshtoqidan o`rin oldi”, - degan oyat nimani ifodalaydi?
18 Kimki bu toshga yiqilsa, parchalanib ketadi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi.
19 Iso bu masalni ularga qarata aytganini oliy ruhoniylar bilan ulamolar payqab, shu onda Unga qo`l uzatmoqchi bo`ldilar, lekin xalqdan hayiqdilar.
20 Isoni zimdan kuzatib, uning oldiga o`zlarini mo`min-qobil kishilardek ko`rsatuvchi iskovuchlarni yubordilar. Aytadigan biron nojo`ya so`zi uchun Uni tuzoqqa ilintirish va shu yo`sin hokimning qo`li va hukmiga topshirish niyatlari bor edi.
21 Ular Isodan so`radilar: Ustoz! Biz bilamizki, Sen haqiqatgo`ysan, to`g`ri ta`lim bermaysan, hech kimga yuz-xotir qilmasdan Xudoning haqiqiy yo`lini o`rgatmoqdasan.
22 Bizga ayt-chi, Qaysarga qaramlik solig`i to`lashimiz dinga muvofiqmi, yo`qmi?
23 Iso ularning makkorligini anglab: [Nega meni sinab ko`rmoqchisizlar?]
24 Qani, Menga bir dinor ko`rsatinglar! Bu tangadagi surat va yozuv kimniki? – dedi. Qaysarniki, - javob berdi ular.
25 Iso: Unday bo`lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, - dedi.
26 Shunday qilib xalq oldida aytgan bironta so`zi uchun ham Isoni tuzoqqa tushirolmadilar. Uning javobidan hayron bo`lib, lol qoldilar.
27 O`shanda qayta tirilish bo`lishini inkor etadigan sadduqiylardan ba`zilari kelib, Isoga savol berdilar:
28 Ey Ustoz! Muso payg`ambarimiz shunday yozib qoldirgan: “Agar xotini bor odam farzandsiz qazo qilsa, ukasi uning xotinini olib, o`z akasiga avlod tiklasin”.
29 Xo`sh, yetti aka-uka bor edi. Birinchisi uylanib, bolasiz o`tib ketdi.
30 Ikkinchisi ham o`sha xotinni olib o`ldi.
31 Shuningdek, uchinchisi ham, hatto yettinchisigacha hammasi ham o`sha xotinni olib, farzand ko`rmay o`lib ketdilar.
32 Hammasidan keyin xotin ham o`ldi.
33 Xo`sh, qiyomatda u qaysi birining xotini bo`ladi ekan? Chunki u yettoviga ham xotinlik qilgan edi-ku.
34 Iso ularga javoban dedi: Bu dunyoning bolalari uylanadilar va erga tegadilar.
35 Lekin u dunyoga ketganlar hamda tirilishga sazovor bo`lganlar uylanmaydilar ham, erga tegmaydilar ham.
36 Ular endi o`lim ko`rmaydilar. Ular farishtalar bilan teng bo`lib, qiyomat ahli sifatida Xudoning bolalari bo`ladilar.
37 Muso payg`ambarning o`zi ham yonayotgan buta to`g`risidagi oyatda Xudovandni “Ibrohimning Xudosi, Ishoqning Xudosi va Yoqubning Xudosi” deb atab, o`liklarning tirilishiga ishora qilgan edi.
38 Zotan Xudo o`liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Unga nisbatan hamma tirikdir.
39 Shunda ulamolardan ba`zilari: Ustoz, Sen yaxshi so`zlading, - dedilar.
40 Va Isodan yana biron gap so`rashga botinolmadilar.
41 Iso ularga dedi: “Nega MasihniDovudning o`g`li deyishadi?
42 Mana, Dovudning o`zi Zabur kitobida nima degan:
43 “Xudovand mening Rabbimga aytdi: Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o`ng tomonimda o`ltirib turgin”.
44 Demak, Dovud Masihni Rabbim deb atagan bo`lsa, qanday qilib Masih Dovudning o`g`li bo`la oladi?”.
45 Butun xaloyiq tinglab turganda Iso O`z shogirdlariga burilib dedi:
46 “Uzun kiyimlar kiyib yurishni va xalq yig`inlarida alik olishni sevadigan, ibodatxonalarda yuqori o`rinni olish va ziyofatlarda to`rda o`tirishni yaxshi ko`radigan ulamolardan ehtiyot bo`linglar!
47 Ular bevalarning uy-joylarini shilib, xo`jako`rsinga uzoq duo o`qiydilar. Ana bundaylar og`irroq jazoga mubtalo bo`lg`usidir.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24