Menyu

Luqo xushxabari 10 Bob


1 Bu hodisalardan keyin Rabbimiz Iso boshqa yetmish shogirdni tanlab, O`zi tashrif buyuradigan har bir shahar, har bir joyga O`zidan oldin borib tursin uchun ularni ikkita-ikkitadan yubordi.

2 Ularga xitoban dedi: “Hosil mo`l, biroq yumushchilar oz. O`z hosilingni yig`ib-teradigan yumushchilar yubor, deb hosil Egasiga iltijo qilinglar.

3 Boringlar! Sizni bo`rilar orasiga qo`zilarday yuboryapman.

4 Hamyon ham, to`rva ham, choriq ham olmang, yo`lda hech kimga salom bermanglar.

5 Qaysi uyga kirsangizlar, avval boshda: “Uyingizga tinchlik bo`lsin”, deb salom beringlar.

6 Agar u yerda biror tinchliksevar bo`lsa, uning boshi salomat bo`ladi. Bo`lmasa, salOmingiz sizlarga qaytib keladi.

7 Kirgan uyda qolinglar, sizlarga nimaiki bersalar, uni yeb-ichinglar. Chunki mehnatkash o`z mehnatiga yarasha taqdirlanmoqqa munosibdir. Uyma-uy o`tib yurmanglar.

8 Qaysi shaharga kelganingizda sizlarni qabul qilsalar, oldingizga qo`yilganini yenglar.

9 O`sha yerdagi kasallarga shifo berib, ularga: “Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi”, deb aytinglar.

10 Agar qaysi shaharga kelganingizda sizlarni qabul qilmasalar, u yerdan chiqayotganingizda ko`cha-ko`yda baralla:

11 “Shahringizdan oyoqlarimizga yopishgan changni ham qoqib, o`zingizga qoldirib ketyapmiz. Biroq shunga qaramay bilib qo`yinglarki, Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi”, deb aytinglar.

12 Sizlarga gapim shuki, qiyomat kunida u shahardan ko`ra Sado`m shahrining holi engilroq bo`ladi”.

13 “Sening holingga voy, ey Horazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda sodir bo`lgan mo``jizalar Tir bilan Sido`n shaharlarida yaratilganida, ular allaqachon julga o`ranib, kulga o`tirib, tavba qilgan bo`lardilar.

14 Mana qiyomat kunida sizdan ko`ra Tir va Sido`nning hoi engilroq bo`ladi.

15 Ey sen, ko`kkacha o`rlagan Kafarnahum, tuban ketajaksan tamug`ga!

16 Sizni tinglagan Meni tinglagan bo`ladi. Sizni rad etgan Meni rad etgan bo`ladi. Meni rad etgan esa Meni Yuborganni rad etgan bo`ladi”.

17 Yetmish shogird quvonch bilan safardan qaytib kelib Isoga: Rabbiy, Sening nOmingni tilga olsak, jinlar ham bizga bo`ysunadi-ku! – dedilar.

18 Iso ularga dedi: Men shaytonning osmondan yashinday tushganini ko`rdim.

19 Mana, Men sizlarga ilonu chayonlarni ezib tashlash hamda dushmanning butun kuch-qudratini oyoq-osti qilish iqtidorini berganman. Hech narsa sizlarga zarar yetkazmaydi.

20 Biroq ruhlar sizga bo`ysunayotganidan quvonmanglar, balki nomlaringiz osmonda yozilganidan quvoninglar!

21 O`sha paytda Iso ilohiy ruhdan ilhomlanib, juda xurram bo`lib dedi: Ey Ota, yeru ko`k Hukmdori! Sen bu ishlarni donoyu oqillardan yashirib, go`daklarga ma`lum etganing uchun Senga hamdu sano aytaman. Ha Ota, Sening ezgu xohishing shunday edi.

22 [Keyin Iso shogirdlariga o`girilib, dedi:] Otam Menga hamma narsani topshirgan. O`hilning kimligini Otadan boshqa hech kim bilmaydi, Otaning kimligini ham O`g`ildan va O`g`il bilim berishni istagan kishidan boshqa hech kim bilmaydi.

23 So`ng shogirdlariga qarab, Iso alohida dedi: Sizlar ko`rayotgan narsalarni ko`rib turgan ko`zlar saodatlidir!

24 Sizlarga shuni aytayin: Ne-ne payg`ambaru podshohlar siz ko`rayotganni ko`rmoq orzu etgandilar, lekin ko`rolmadilar, siz eshitayotganni eshitmoq orzu etgandilar, lekin eshitolmadilar.

25 Shunda Isoni sinash maqsadida kelgan Tavrot tafsirchilaridan biri oyoqqa turib, Unga savol berdi: Ustoz, abadiy hayot nasib bo`lmog`i uchun nima qilishim kerak?

26 Tavrotda nima yozilgan? Qanday o`qiysan? – deb so`radi Iso.

27 U kishi shunday javob berdi: “Egang Xudovandni butun qalbing, butun joning, butun quvvating va butun onging bilan sev, yaqiningni esa o`zing kabi sev”, - deb yozilgan.

28 Iso unga: Sen to`g`ri javob berding, shunday qilgin, ana shunda yashaysan! – dedi.

29 Ammo u odam o`zini oqlamoqchi bo`lib: Xo`p, menga yaqin kim? – deb so`radi Isodan.

30 Iso unga o`rnakli naql bilan javob qaytardi: Bir odam Quddusdan Yerixoga borar ekan, qaroqchilar qo`liga tushib qolibdi. Qaroqchilar uning kiyimlarini yechib olib, o`lasi qilib urib, shu holicha tashlab ketibdilar.

31 Ittifoqo shu yo`ldan bir ruhoniy borar ekan. Uni ko`rib yonidan o`tib ketibdi.

32 U joyga bir levit ham kelib, u odamni ko`riboq yonidan o`tib ketaveribdi.

33 Bir samariyalik yo`lovchi esa bu joydan o`tarkan, uning ustidan chiqib qolibdi va holiga ko`p kuyunibdi.

34 uning yoniga kelibdi-da yaralariga moy surib, sharob quyib, bog`lab qo`yibdi. So`ng uni o`z uloviga mindiribdi-da, mehmonxonaga olib kelib, unga g`amxo`rlik qilibdi.

35 Ertasiga jo`nayotganida ikki kumush tanga chiqaribdi-da, mehmonxona egasiga berib: “Unga yaxshi qaragin. Agar bundan ziyod xarj qilar bo`lsang, men qaytib kelganimdan so`ng senga beraman”, – deb ketibdi.

36 Seningcha, uchchovidan qaysi biri qaroqchilarning qo`liga tushgan odamning yaqini sanaladi?

37 Tavrot tafsirchisi: Unga shafqat qilgan odam-da, - deb javob beribdi. Bor, sen ham shunday qil! – dedi unga Iso.

38 O`z yo`llarida davom etishdi. Iso bir qishloqqa kirdi. Bu erta Marta ismli ayol Uni uyiga taklif qildi.

39 Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Isoning oyoqlari oldida o`tirib Uning so`zlarini tinglar edi.

40 Marta esa tayyorgarchilik ishlari bilan juda ovora edi. Nihoyat u Iso yoniga kelib: Hazrat! Singlim bir o`zimni xizmatda qoldirib qo`yganiga e`tibor bermayapsanmi? Unga aytgin, menga yordam bersin! – dedi.

41 Iso unga shunday javob berdi: Marta, Marta, buncha urinib tashvishlanmasng!

42 Zarur bo`lgan bittagina ish bor. Maryam esa o`zi uchun yaxshi ulushni tanladi va bu undan tortib olinmaydi.

Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24