Luqo xushxabari 19 Bob
1 Iso Yerixo shahriga kirib, guzarlardan o`tib borardi.
2 Yo`lda Zakkay ismli bir odam uchradi; u soliqchilarning boshlig`i bo`lib, juda boy edi.
3 U Isoni ko`rishga, kim ekanligini bilishga oshiqar edi. Biroq bo`yi pastligi tufayli va xaloyiq ko`pligidan Uni ko`rolmadi.
4 Isoni ko`rish uchun oldinga yugurib, bir yovvoyi anjir daraxtiga chiqib oldi. Chunki Iso o`sha yerdan o`tishi kerak edi.
5 Iso u joyga kelgach, yuqoriga qarab qo`ydi-da, unga: Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingga qo`nishim kerak, - dedi.
6 Zakkay darrov pastga tushdi, Isoni quvonch bilan qarshilab, mehmon qildi.
7 Buni ko`rganlarning hammasi: U gunohkor odamning uyiga tashrif buyurdi, - deb norozilik bildirishdi.
8 Ammo Zakkay Rabbimiz Isoning odida qo`l qovushtirib turib, Unga dedi: Ey Hazrat, mol-mulkimning yarmini kambag`allarga berib yuboraman. Agar birovning haqqini yeb ketgan bo`lsam, to`rt barobar ko`paytirib berganim bo`lsin.
9 Iso unga shunday javob berdi: Bugun bu uyga najot keldi. Chunki bu odam ham bobomiz Ibrohim o`g`lidir.
10 Inson O`g`li esa adashganni izlab topish va qutqazish uchun kelgan.
11 Iso Quddusga yaqinlashib qolgani sababli, Uni tinglayotgan xaloyiq Xudo Shohligi hozir namoyon bo`lishi kerak, deb o`ylar edi. Shunday qilib, Iso O`z nutqini bir masal bilan davom ettirdi.
12 “Asilzoda bir odam o`zi uchun saltanat olib kelish uchun uzoq mamlakatga boribdi.
13 O`zining xizmatkorlaridan o`n nafarini chaqiribdi-yu, ularga o`n tilladan bo`lib berib: Men qaytib kelgunimcha, bu pulni ishlatib turinglar, - deb jo`nab ketibdi.
14 Holbuki, asilzodaning hamshaharlari uni yomon ko`rishar ekan. Hamshaharlar uning orqasidan elchilar yuborib: Bu odam bizga podshoh bo`lishini istamaymiz, - deb ayttiribdilar.
15 Bir muddatdan so`ng u asilzoda saltanat egasi bo`lib, o`z vataniga qaytib kelibdi. Bergan aqchalari bilan kim qancha foyda undirganini bilish uchun, xizmatkorlarini yoniga chaqirtiribdi.
16 Birinchisi kelib: Xo`jayin, sizning tillangiz o`n tilla undirdi, - debdi.
17 Xo`jayin unga: Ofarin, sen yaxshi xizmatkor ekansan. Kichik ishda sadoqat ko`rsatganing uchun o`nta shahar ustidan hokim bo`lasan, - debdi.
18 Ikkinchisi kelib: Xo`jayin, sizning tillangiz besh tilla foyda keltirdi, - debdi.
19 Unga ham: Sen ham besh shaharga hokimlik qilasan, - debdi.
20 Uchinchisi kelib: Xo`jayin! Mana sizning tillangiz, men uni ro`molchaga tugib saqladim.
21 Men sizdan qo`rqdim, siz qattiqqo`l odamsiz. Siz bermasdan olasiz, ekmasdan o`rasiz, - debdi.
22 Xo`jayin esa unga debdi: Ey yomon xizmatkor, og`zingdan chiqqanini yelkangga yopishtiray! Mening qattiqqo`lligimni hamda bermasdan olishimni, ekmasdan o`rishimni bilarkansan,
23 nega pulimni muomalaga kiritmading? Shunda men kelib, hech bo`lmasa foydasini ko`rardim.
24 So`ng xo`jayin yonida turganlarga qarab: Uning qo`lidan tillani olib, o`n tillasi borga beringlar, - debdi.
25 Xo`jayin, uning o`n tillasi bor-ku! – deyishibdi ular.
26 Sizlarga rostini aytsam, kimda bor bo`lsa, unga yana beriladi. Kimda yo`q bo`lsa, qo`lida bor bo`lgani ham undan tortib olinadi.
27 Endi mening podshohlik qilishimni istamagan o`sha dushmanlarimga kelsak, ularni shu yerga keltiringlar-da, ko`zim oldida dami tig`dan o`tkazinglar!”.
28 Bu so`zlarni aytib Iso olg`a bosgancha Quddus sari yo`l oldi.
29 Zaytun tog`i etagidagi Baytfagiya bilan Baytaniya qishloqlariga yaqinlashgach, U ikki shogirdini yuborib dedi:
30 Qarshingizdagi qishloqqa boringlar. Qishloqqa kirgach, bog`lab qo`yilgan, hozirgacha odam bolasi minmagan xo`tikni topasizlar. Uni yechib olib kelinglar.
31 Agar kimki sizlardan: “Xo`tikni nega yechyapsizlar?” – deb so`rab qolsa: “U Rabbimizga kerak”, deb aytinglar.
32 Shogirdlar jo`nab, xuddi Isoning aytganini topdilar.
33 Xo`tikni yechayotganlarida uning egalari: Nega xo`tikni echyapsizlar? – deb so`rashdi.
34 Shogirdlar: U Rabbimizga kerak, - dedilar.
35 Xo`tikni Isoning oldiga keltirishdi-da, ustiga o`z kiyimlarini tashlab, Isoni mindirishdi.
36 U minib ketayotganida, qolgan shogirdlar kiyimlarini yo`lga poyandoz qildi.
37 Iso endi Zaytun tog`idan oshib, past tomonga, shaharga qarab yurayotgan ediki, shogirdlar tumonati ko`rgan barcha mo``jizalarini eslab xursand bo`lishdi, ovozlarini baland ko`tarib, Xudo sha`niga hamdu sanolar ayta boshlashdi:
38 “Xudovand nomidan kelayotgan Podshoh muborak! Ko`klarda tinchlik, Arshi a`loda izzat!”
39 Shunda xaloyiq orasidagi ba`zi farziylar Isoga: Ustoz, shogirdlaringni jim qil! – deyishdi.
40 U esa ularga javoban: Sizga aytamanki, agar ular jim bo`lsa, toshlar chinqirgay! – dedi.
41 Iso Quddusga kiray deganda, shaharni ko`rib, uning holiga yig`lab yubordi:
42 Koshki sen hech bo`lmasa shu kuningda tinchligingga nelar darkor ekanini bilsang edi! Biroq hozir bu ko`zlaringdan yashiringandir.
43 Boshingga shunday kunlar tushadiki, dushmanlaring atrofingga sadd chekib, chor tarafdan qurshagancha siquvga oladilar.
44 Seni yer bilan yakson qilib, ko`ksingdagi farzandlaringni qirg`in qiladilar. Ilohiy yo`qlash vaqt-soatini bilmaganing uchun, kulingni ko`kka sovuradilar.
45 Iso ma`badga kirib, ichkarida oldi-sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi.
46 Ularga shunday dedi: Tavrotda: “Mening uyim ibodat uyi bo`lgay”, - deb yozilgan. Sizlar esa Xudo uyini qaroqchilar uyiga aylantirib yuboribsizlar!
47 Iso har kun ma`badda ta`lim beradigan bo`ldi. Oliy ruhoniylar, ulamolar va xalq oqsoqollari esa uni halok qilish payiga tushdilar.
48 Lekin buning chorasini topmadilar. Negaki butun xalq Isoni jonu dili bilan tinglar edi.
Boblar: 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24